uz

Uzinsurance: 9 Oylik Natijalar, SugʻUrta Bozori Holati Va OʻZgarishlar

image

UZINSURANCE: 9 oylik natijalar, sugʻurta bozori holati va oʻzgarishlar

 Xalqaro tajribadan yaxshi bilasizki, sugʻurta xizmatlari iqtisodiyotni turli xil moliyaviy xatarlardan himoya qiluvchi vositalardan biri hisoblanadi. Rivojlangan mamlakatlar yalpi ichki mahsulotida ushbu sohaning ulushi 10-15 va hattoki 20 foizni tashkil etadi. Masalan, 2020-yil maʼlumotlariga koʻra, mazkur raqam Gonkongda 20,8%,  Tayvanda  17,4%. Janubiy Koreyada 11,6%, Daniyada 11% tashkil etadi.

   

    Shveysariyaning Swiss Re Instituti 2022-yil oxiriga kelib, dunyo boʻyicha sugʻurta mukofotlari hajmi 7 trillion dollarlik rekord koʻrsatkich qayd etilishini bashorat qilmoqda.  Mazkur institutning hisobotiga koʻra, 2022-yilda sugʻurta mukofotlari 3,9 foizga oshishi taxmin qilinmoqda. 2021-yilda asosiy bozorlarda mukofot oʻsishi Xitoyda 6,3%, AQSHda 1,7%, Gʻarbiy Yevropada 2,8% va rivojlanayotgan bozorlar uchun 5,6% boʻlishi kutilmoqda. Koronavirus pandemiyasi mazkur oʻsishning muhim omili sifatida koʻrsatilmoqda. Bunda tibbiy sugʻurta boʻladimi yoki korxonalar uchun taʼminot zanjiridagi uzilishlarmi, odamlar sugʻurta nima ekanligini va inqirozdan chiqishga yordam berishini anglab yetishmoqda.

    Dunyoda sugʻurta mukofotlari boʻyicha AQSH, Xitoy va Yaponiya 2020-yilda yana eng yirik sugʻurta bozorlari uchligiga kiritilgan. Jahon bozorida jami sugʻurta mukofotlari 2,5 trillion AQSH dollari boʻlib, ushbu davlatlarning ulushi qariyb 58 foizni tashkil qiladi.

    Rivojlangan mamlakatlarda sugʻurta xizmatlari isteʼmol savatchasidagi mahsulotlardan biri hisoblanadi. Aholining 80-90 foizi uy-joyi, mol-mulki va hayotini albatta sugʻurta qildiradi. Bu birinchi navbatda odamlarning oʻzlari uchun foydali boʻlsa, ikkinchidan iqtisodiyotning mustahkam boʻlishiga ham olib keladi.

    Ayni paytda mamlakatimiz sugʻurta bozorini rivojlantirish maqsadida koʻrilayotgan choralar ham aynan hayotimizda sugʻurtaning oʻrnini mustahkamlash, iqtisodiyotimizning ajralmas tarkibiy qismiga aylantirish kabi maqsadlarni koʻzda tutadi.

    Maʼlumki, har qanday sohaning rivoji uning huquqiy bazasi mustahkamligiga bogʻliq. Bu borada keyingi yillarda aynan sugʻurta bozorini rivojlantirish maqsadida qabul qilingan Prezident qaror va  farmonlarini alohida qayd etib oʻtish joiz. Xususan, 2019-yilning 2-avgustida qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining sugʻurta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qarorni sohadagi oʻzgarishlarga turtki boʻlgan muhim hujjat boʻldi.

    Mazkur qarorda sugʻurta sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, shu jumladan xalqaro tashkilotlarning standartlari va tavsiyalarini hamda ushbu sohadagi eng yaxshi jahon tajribalarini izchil joriy etish, sugʻurta bozori professional ishtirokchilarining kapitallashuv darajasini, toʻlov qobiliyati va moliyaviy barqarorligini oshirish, ularning aktivlari sifatini yaxshilash, shuningdek, sugʻurtalovchilarning investitsiya faoliyatini rivojlantirish, sugʻurta xizmatlari isteʼmolchilari va sugʻurta faoliyatining boshqa subyektlari huquqlari himoyasini kuchaytirish, aholining sugʻurta savodxonligini va sugʻurtaga boʻlgan ishonchini oshirish, sugʻurta bozorining ochiqligi va shaffofligini taʼminlash kabi sohani tubdan takomillashtirishga qaratilgan muhim vazifalar oʻrin olgan. Shu bilan birga yangi innovatsion sugʻurta mahsulotlarini joriy etish va talab yuqori boʻlgan anʼanaviy mahsulotlarni rivojlantirish orqali koʻrsatilayotgan sugʻurta xizmatlari hajmlarini, turlarini kengaytirish va sifatini oshirish, sugʻurta faoliyatini tashkil etish va tartibga solish sohasida zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, sugʻurta xizmatlarining elektron turlarini faol joriy etish va rivojlantirishga qaratilgan choralar bugun mamlakatimiz sugʻurta bozoridagi vaziyatning oʻzgarishiga olib keldi.

     “UZININSURANCE” yaʼni, “Oʻzagrosugʻurta” AJda ham ushbu qarorda belgilangan vazifalar ijrosiga eʼtibor qaratilgan boʻlib, uning bandlarida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning amaldagi ijrosi taʼminlandi.

    Bizning faoliyatimizni rivojlantirishda yana bir hujjat muhim oʻrin tutdi. U ham boʻlsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining  2020-yil 27-oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni boʻlib, hujjat asosida kompaniyada transformatsiya jarayonlari amalga oshirilmoqda.

    Transformatsiya doirasida “Oʻzagrosugʻurta” aksiyadorlik jamiyatining sugʻurta bozoridagi mavqeini oshirish, xususan moliyaviy sogʻlomlashtirish, operatsion samaradorlikni yanada yaxshilash maqsadida 2021-2023-yillar uchun rivojlanish strategiyasi ishlab chiqildi.

    Kompaniyada rebrending oʻtkazilib, xalqaro sugʻurta bozorida ishonchli va barqaror imijni shakllantirish uchun yangi nom va logotip tanlab olindi. Ayni paytda kompaniya “UZINSURANCE” — tovar va xizmat koʻrsatish belgisi ostida faoliyat olib bormoqda.

Kompaniya faoliyatini isloh etishda asosiy urgʻu "Har bir mijoz muhim, uning manfaatlari ustuvor" tamoyiliga qaratilganiligini alohida taʼkidlash joiz. Isteʼmolchilar manfaatini himoya qilishda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash xizmat koʻrsatishning bosh mezoni qilib belgilangan.

    Kompaniyani xalqaro darajaga olib chiqish, koʻrsatilayotgan xizmatlar geografiyasini kengaytirish choralari ham koʻrilmoqda. Jumladan,  “Oʻzagʻrosugʻurta” AJ moliyaviy xoʻjalik faoliyati “Deloyt” (Deloitte) va “Grant Tornton” (Grant Thornton) kabi dunyodagi yetakchi auditorlik kompaniyalari tomonidan xalqaro audit standartlari asosida tekshiruvdan oʻtkazildi va ijobiy xulosalar olindi.

    Investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, mijozlar ishonchini oqlash maqsadida koʻrilayotgan choralar tufayli kompaniya mana uchinchi yil ketma-ket “Fitch” (Fitch) xalqaro reyting agentligining “BB-” barqaror reytingiga ega boʻldi.

    Bundan tashqari kompaniya sugʻurta portfelini diversifikatsiyalash yuzasidan dunyoning yetakchi qayta sugʻurta bozorlari jumladan, Lloydʼs sugʻurta bozori (London), AQSH, Rossiya qayta sugʻurta kompaniyalari bilan hamkorlikda obligator qayta sugʻurta dasturlarini koʻrib chiqish va maqbullarini tanlab olgan holda obligator qayta sugʻurta xizmatlari joriy qilinmoqda.

     “Oʻzagrosugʻurta” AJda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini zamon talablariga moslashtirish maqsadida faoliyatga axborot kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilmoqda. Xususan, Jamiyat tizimida onlayn koʻrsatilayotgan umumiy sugʻurta xizmatlari qamrov darajasini oshirishga moʻljallangan “Online Polis” axborot tizimi ishlab chiqildi. Unda, 9 ta ixtiyoriy sugʻurta turi boʻyicha Ye-polis sotib olish imkoniyati mavjud. Shu bilan birga, yagona axborot tizimini joriy qilish boʻyicha “Uzagros Online” dasturiy taʼminoti tizimi ishlab chiqilgan. Bu orqali barcha sugʻurta shartnomalarini monitoring qilib tahlil qilish mumkin.

    Kompaniya sugʻurta bozorida yetakchi mavqega ega boʻlib, 140 dan ortiq sugʻurta turlari boʻyicha 14 ta filial hamda 210 ta sugʻurta markazlari aholiga xizmat koʻrsatib kelmoqda.

    “Oʻzagrosugʻurta” AJ tomonidan 2018-yilda 178,8 mlrd soʻm, 2019-yilda 252,0 mlrd soʻm, 2020-yilda 176,5 mlrd soʻm, 2021-yilning oʻtgan 9 oyida 177,6 mlrd soʻm sugʻurta mukofotlari yigʻilgan. Sugʻurta mukofotlarining aksariyat qismi ixtiyoriy sugʻurta turlariga toʻgʻri keladi.

    Qabul qilingan sugʻurta majburiyatlari 2018-yilda 64,9 mlrd soʻm, 2019-yilda 97,7 mlrd soʻm, 2020-yilda 91,5 mlrd soʻm,  2021-yil oʻtgan davri mobaynida 28,7 mlrd soʻm sugʻurta tovonlari amalga oshirilgan.

    Oʻz navbatida, yuqoridagi koʻrsatkichlardan kelib chiqib, sugʻurtaning zararlilik koʻrsatkichi (sugʻurta tovonining sugʻurta mukofotidagi ulushi) 2018-yilda 36,3 foizni, 2019-yilda 38,8 foizni, 2020-yilda 51,8 foizni tashkil qildi. Bu koʻrsatkich 2021-yil 9 oyi davomida 16,2 foizni tashkil etadi.

    Jamiyat tomonidan 2021-yil oʻtgan davrida 780 mingdan ortiq sugʻurta shartnomalari rasmiylashtirilgan.

    Kompaniyaning investitsiya portfeli 2018-yil 114,4 mlrd soʻm, 2019-yilda 158,8 mlrd soʻm, 2020-yil 167,8 mlrd soʻm, 2021yil 9 oyida 163,6 soʻmni tashkil etdi.

Axborot xizmati