uz

Transformatsiya Jarayoni Hamda Amalga Oshirilayotgan Ishlar

image

Transformatsiya jarayoni hamda amalga oshirilayotgan ishlar

     Bugun poytaxtimizdagi Miliy matbuot markazida  “O‘zagrosug‘urta” AJ Boshqaruvi raisi S.Otamuratov jurnalistlar bilan press-konferensiya o‘tkazdi.

    Matbuot anjumanida ko‘plab ommaviy axborot vositalari vakillari va soha mutaxassislari ishtirok etdi. Anjumanda kompaniya faoliyati isloh qilish borasida amalga oshirilayogan ishlar, transformatsiya jarayonlarining borishi, shuningdek, dolzarb muammolarni bartaraf etish yo‘llari haqida qizg‘in munozaralar bo‘lib o‘tdi.

     Ta’kidlash kerakki, Prezidentimizning  2020 yil 27 oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingan edi. Ushbu hujjat ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zagrosug‘urta” AJda transformatsiya jarayonlari amalga oshirilmoqda.

                                                              

 Unga ko‘ra Jamiyatning Respublika hamda xalqaro sug‘urta bozorlarida ishonchli va barqaror imijini shakllantirish maqsadida rebrending o‘tkazilib, xalqaro standartlarga mos boshqaruv tizimi joriy etilmoqda.

    Xususan, jahon sug‘urta bozorida barqaror imijni shakllantirish va dunyoning rivojlangan sug‘urta tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish maqsadida “O‘zagrosug‘urta” AJning moliyaviy xo‘jalik faoliyati “Deloyt” (Deloitte) va “Grant Tornton” (Grant Thornton) kabi jahondagi yetakchi auditorlik kompaniyalari tomonidan xalqaro audit standartlari asosida tekshiruvdan o‘tkazildi va ijobiy xulosalar olindi.

     Jamiyat tasarrufida bo‘lgan barcha mol-mulklar “Veritas” baholash tashkiloti tomonidan xalqaro talablarga muvofiq baholandi. Jamiyatning moliyaviy hisobotlari xalqaro standartlarga muvofiq shakllantirilgan ko‘rsatkichlarda aks ettirildi. Jamiyat ketma-ket ikkinchi yil “Fitch” (Fitch) xalqaro reyting agentligining “BB- Stable” barqaror reytingiga ega bo‘ldi.

    Shuningdek, sug‘urta portfelini diversifikatsiyalash yuzasidan dunyoning yetakchi qayta sug‘urta bozorlari jumladan, Lloyd’s sug‘urta bozori (London), AQSH, Rossiya qayta sug‘urta kompaniyalari bilan hamkorlikda obligator qayta sug‘urta dasturlarini ko‘rib chiqish va maqbullarini tanlab olgan holda obligator qayta sug‘urta xizmatlari joriy qilinmoqda.

     Jamiyatning Kuzatuv kengashi va Boshqaruv a’zolari lavozimlariga jahon sug‘urta bozorida yetarli tajribaga ega bo‘lgan chet ellik mutaxassislarni (jumladan, vatandoshlarni) jalb etish maqsad qilingan, shu sababli Korporativ maslahatchi va Sug‘urta departamenti direktori lavozimlari uchun tanlov e’lon qilindi.

     Bundan tashqari, “O‘zagrosug‘urta” AJ mamlakatimiz va xalqaro sug‘urta bozorlaridagi ishonchli va barqaror imijini shakllantirish maqsadida rebrending jarayonlari boshlab yuborildi. Jamiyatning “Eng yaxshi nom va logotip” uchun tanlov e’lon qilindi va unda 250 dan ortiq taklif kelib tushdi. Yaqin kunlarda tanlov natijalarini e’lon qilish va sovrindorlarni taqdirlash rejalashtirilgan.

    Iste’molchilar talablarining o‘sishi hamda Jamiyatning sug‘urta bozoridagi obro‘sini oshirish maqsadida mavjud holatni tahlil qilish
va aniqlangan muammolar asosida moliyaviy sog‘lomlashtirish, operatsion samaradorlikni oshirish hamda 2021-2023 yillar uchun rivojlanish strategiyasi ishlab chiqildi. Bu jarayonda eng avvalo, “har bir mijoz muhim, uning manfaatlari ustuvor” tamoyiliga urg‘u berilmoqda.

    “O‘zagrosug‘urta” AJda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini zamon talablariga moslashtirish maqsadida faoliyatga axborot kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etilmoqda.

    Xususan, “O‘zagrosug‘urta” AJ tizimida onlayn ko‘rsatilayotgan umumiy sug‘urta xizmatlari qamrov darajasini oshirishga mo‘ljallangan “Online Polis” axborot tizimi ishlab chiqilib, unda 9 ta ixtiyoriy sug‘urta turi bo‘yicha Ye-polis sotib olish imkoniyati mavjud.

Shuningdek, kompaniya hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda “UzagrosOnline” yagona elektron axborot tizimida “Migratsiya” modulini yaratish” loyihasi ishlab chiqilib, u labormigration.uz dasturiy majmualariga o‘zaro integratsiya qilindi. Bu orqali barcha sug‘urta shartnomalarini monitoring va tahlil qilish mumkin.

“O‘zagrosug‘urta” AJning asosiy ko‘rsatkichlari 2021 yil o‘tgan davrida qanday?

    Jamiyat sug‘urta bozorida yetakchi mavqega ega bo‘lib, 140 dan ortiq sug‘urta turlari bo‘yicha 14 ta filial hamda 210 ta sug‘urta markazlari aholiga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

    “O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan 2016 yilda 142,4 mlrd so‘m, 2017 yilda 133,8 mlrd. so‘m, 2018 yilda 178,8 mlrd. so‘m, 2019 yilda 252,0 mlrd. so‘m, 2020 yilda 176,5 mlrd so‘m sug‘urta mukofotlari yig‘ilgan. Sug‘urta mukofotlarining aksariyat qismi ixtiyoriy sug‘urta turlariga to‘g‘ri keladi.

    Qabul qilingan sug‘urta majburiyatlari doirasida 2016 yilda 32,9 mlrd. so‘m, 2017 yilda 96,7 mlrd. so‘m, 2018 yilda 64,9 mlrd. so‘m, 2019 yilda 97,7 mlrd. so‘m, 2020 yilda 91,5 mlrd. so‘m sug‘urta tovonlari amalga oshirilgan.

    O‘z navbatida, yuqoridagi ko‘rsatkichlardan kelib chiqib, sug‘urtaning zararlilik ko‘rsatkichi (sug‘urta tovonining sug‘urta mukofotidagi ulushi) 2016 yilda 23,1 foizni, 2017 yilda 72,3 foizni, 2018 yilda 36,3 foizni, 2019 yilda 38,8 foizni, 2020 yilda 51,8 foizni tashkil qildi.

    Jamiyat tomonidan 2021 yil o‘tgan davrida 477,7 ming dona sug‘urta shartnomalari tuzilib, hozirgi kunga kelib 12,5 millard so‘m sug‘urta tovoni to‘lab berildi.

    “O‘zagrosug‘urta” AJ bugungi kunda o‘z faoliyatini uyma-uy yurib, mahallalar kesimida ham tashkil etmoqda. Bunda boshqaruv xodimlari, hududlardagi filiallar rahbar va xodimlari “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilganlarga e’tibor qaratilgan. Masalan, yaqinda Buxoro viloyati filiali “Temir daftar”ga kiritilgan oilaning holidan xabar olindi. Filial tomonidan Bazargul Tasabaeva va uning oilasiga, so‘nggi turdagi gaz plitasi sovg‘a sifatida topshirildi, shu bilan birga fuqaroga 10 mln so‘mlik sug‘urta polisi taqdim etildi.

    Bundan tashqari joylarda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yigit-qizlar sug‘urta agenti sifatida ishga qabul qilinib, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmoqda.

     Press-konferentsiya so‘nggida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

 

“O‘zagrosug‘urta” AJ

Axborot xizmati