uz

SugʻUrta Agentlari Malakasini Oshirishga Kim MasʼUl?

image

Sugʻurta agentlari malakasini oshirishga kim masʼul?

    Sir emaski, aholining sugʻurtaga ishonchini mustahkamlash, ushbu moliyaviy xizmat ijtimoiy hayotimizning ajralmas qismiga aylanishi koʻp jihatdan sugʻurta agenti salohiyati bilan bogʻliq. Bugun sugʻurta agentlari darajasi qanday, ularning gʻayriqonuniy harakatlariga sugʻurta tashkiloti javobgarmi qabilidagi dolzarb savollar doirasida suhbatlashish uchun “Aslida qanday?” loyihasining mazkur sonida “Uzinsurance” kompaniyasining Hududlarni rivojlantirish va sugʻurta agentlari tarmoqlari bilan ishlash departamenti direktori Shaxobjon Jumayev mehmon boʻldi. 

Savol: Sugʻurta agenti boʻlish uchun nima talablar mavjud va Sugʻurta tashkilotining agentlar oldidagi majburiyati qanday? Dastlab, shu haqida tushuncha bersangiz.

Sugʻurta agenti bu — Sugʻurtalovchining nomidan va topshirigʻiga binoan sugʻurta shartnomasining tuzilishi va ijro etilishini tashkil qilish boʻyicha faoliyat yurituvchi jismoniy yoki yuridik shaxsdir.

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2003-yil 1-fevralda roʻyxatdan oʻtkazilgan “Sugʻurta agentlari toʻgʻrisida”gi 1213-son Nizomda sugʻurta agentlarining jismoniy yoki yuridik shaxs sifatida va yoxud yakka tartibdagi tadbirkor maqomida faoliyat olib borishi belgilangan. Nizomda shuningdek, sugʻurta agentilaridan maxsus malaka yoki koʻnikma talab etilmagan. Yaʼni sugʻurtalovchi tashkilotlar agent bilan mehnat shartnomasi tuzilmasdan,  fuqorolik huquqiy tusdagi shartnoma  asosida faoliyat yuritishi mumkin. Albatta, sugʻurta agenti faoliyat yuritmoqchi boʻlgan nomzodlarni qabul qilishda kamida oʻrta maʼlumotga ega boʻlishi, aholi orasida tashkiliy ommaviy tadbirlarni amalga oshirishda 18 yoshdan kichik boʻlmasligi va muomala madaniyatiga ega boʻlishi talab qilinadi. Biroq ularning malakasi va ishga layoqatli ekanini anglatmaydi.

Shuningdek, Jamiyat Boshqaruvi tomonidan “Sugʻurta agentlari bilan ishlash tartibi” ishlab chiqilgan boʻlib, ushbu tartibda sugʻurta agentini yollash, agentlik kelishuvini rasmiylashtirish  va agentlar faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish  tartibi belgilab berilgan.

Bir qarashda suugʻurta agenti boʻlish uchun maʼlumot va malaka talab qilinmasada, agent boʻlib ishlash uchun  quyilagi xislatlarga ega boʻlish lozim: Jumladan: Tez chiqishuvchanlik, tartiblilik va saranjomlik, ruhiy taʼsirlarga chidamlilik, vijdoniylik kabi. Shuningdek, sugʻurta agenti oʻz i taklif qilayotgan sugʻurta mahsulotini yaxshi bilishi, oʻz kompaniyasini hurmat qilishi lozim. Asosiy maqsadi esa mijozga yordam koʻrsatish uni muammolarini hal etishga qaratilgan boʻlishi kerak.

Savol: Sugʻurta agentlari faoliyatidan norozi boʻlib, mijozlar tomonidan shikoyat xatlari kelib turadi. Bundan tashqari, ayrim ijtimoiy tarmoq yoki ommaviy axborot vositasi vakillari sugʻurta agentining ayrim kamchiliklarini sugʻurta tashkiloti bilan bogʻlashadi. Shu toʻgʻrimi?

   Sugʻurta xizmatiga ishonsizlik, sohaning ijtimoiy hayotimiz yoki iqtisodiyotimizda oʻz oʻrnini topa olmayotgani shunday koʻz ilgʻamas kamchiliklar bilan bogʻliq. Yuqorida taʼkidlanganidek, sugʻurta agenti qaysidir sugʻurta kompaniyasning xodimi hisoblanmaydi. Ular istalgan sugʻurtalovchi kompaniyaning  polisini sotishi mumkin va shunga qarab ulush olishadi. Agentlar tomonidan sugʻurta shartnomasi va shartlari haqida mijozlarga yetarli maʼlumot berilmasligi tufayli jamiyatda “sugʻurtachilar yolgʻonchi” qabilidagi qarashlar urchib ketgan.

“Guruch kurmaksiz boʻlmaydi” deyishganidek, sugʻurta agentlari ichida xam oʻz vazifasiga masʼuliyatsizlik bilan yondoshadigan, nohalol yoʻl bilan daromad orttirishni maqsad qilganlari uchrab turadi.

Jamiyat tizimida sugʻurta agentlari faoliyatini nazorati yoʻlnga qoʻyilgan.jumdalan Sugʻurta agentlari bilan ularga sugʻurta polsilarini berishdan oldin Moddiy javobgarlik toʻgʻrisidagi shartnoma imzolanadi. Sotilgan sugʻurta polislarini haftalik xisobotlari talab qilinadi.

Shuningdek, jamiyat tizimida sugʻurta agentlarini doimiy malakasini oshirish boʻyicha oʻquv kursalari va seminarlari tashkil etiladi. Bundan tashqari, Jaimyat tizimida sugʻurta agentlari oʻrtasida koʻrik tanlovlar oʻtkazilib, unda gʻolib boʻlgan Eng ilgʻor sugʻurta agentlarini ragʻbatlantirish tizimi yoʻlga qoʻyilgan.

Savol: Bugungi kunda ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, sohada inson omilini kamaytirish maqsadida masofaviy xizmatlar joriy etilmoqda. Masalan, Ye-polis. Bu sugʻurta agentlari xizmatiga ehtiyojni kamaytiradimi?

Albatta, ilgʻor texnologiya yutuqlari birinchi navbatda korrupsion alomatlarni bartaraf etishga qaratiladi. Biroq yuridik shaxslar bilan shartnoma imzolashda korrupsion holatlar ehtimolligi hamon yuqori. Masalan, yirik sugʻurta shartnomalarini amalga oshirishda manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga keladi.  “Davlat xaridlari”, “Sugʻurta faoliyati” toʻgʻrisidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda sugʻurta shartnomasi imzolash borasida aniq, barcha uchun umumiy mezon va talablar belgilanmagan. Qonunchilikdagi ushbu tuynuklar gʻayri qonuniy holatlarga yoʻl ochadi, deb oʻylayman.

Sugʻurta xizmatlarini raqamlashtirish orqali, sugʻurta bozoridagi nosogʻlom raqobat va korrupsion holatlarni kamytirishga erishishi mumkin. Lekin, elektron polislarni joriy etilishi sugʻurta agentlari xizmatiga boʻlgan ehtiyojni kamaytiradi deb hisoblamayman. Chunki, sugʻurta agentinii vazifasi  faqatgina  sugʻurta polisini sotish emas, balki unga sugʻurta polisini afzalliklarini tushuntirish, sugʻurta mahsulotini va sugʻurta kompaniyasini tanlashda koʻmaklashishdan iborat.

Savol: Rivojlangan davlatlarda asosan sugʻurta tovonini tezkor toʻlashga eʼtibor qaratiladi. Bizning amaliyotda esa sugʻurta tashkiloti faoliyatini baholashda aniq mezon yoki yoʻnalish belgilanmagan. Toʻlov yoki mukofot? Qaysi koʻrsatkich birinchi oʻrinda boʻlishi kerak?

Albatta sugʻurta mukofoti va sugʻurta tovoni hajmi emas, balki ular oʻrtasidagi mutanosiblik asosiy mezon boʻlishi kerak.

Qonunchilikda sugʻurta hodisasini rad etish yoki tan olish boʻyicha umumiy mezonlar belgilangan. Lekin majburiy sugʻurta turlari bundan mustasno. Oqibatda deyarli 80 foiz toʻlovlar sud tartibida hal etilmoqda. Qonunchilikdagi tuynuklar ayrim sugʻurta tashkilotlariga oʻz majburiyatini bajarmasligi uchun imkon beradi.

Fikrimcha, sugʻurta tashkilotining tovon toʻlash tizimini baholovchi yagona qoidalarni ishlab chiqish va qonun talablarini buzganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish zarur. Yana bir masala, majburiy sugʻurta turlari boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi sugʻurta kompaniyalarining javobgarligini kuchaytirish, ularning faoliyatini qayta koʻrib chiqish joiz. Chunki, bu davlat tomonidan tartibga solinadigan sugʻurta turi. Bunda sugʻurtalovchining xizmat koʻrsatish sifati va koʻlami boʻyicha kerakli normativlarni belgilash lozim. Sodda aytganda, respublika miqyosida xizmat koʻrsatish tarmogʻiga ega boʻlmagan sugʻurtalovchilarning litsenziyasi bekor qilinishi kerak. Zero, buning zamirida aholining ijtimoiy muhofaza qilishdek birlamchi vazifa yotadi. Aslo, foyda yoki daromad olish emas.

Xulosa qilib shuni taʼkidlash mumkinki, sugʻurta qonuchiligini takomillashtirish boʻyicha islohotlarda birinchi navbatda sugʻurta agenti faoliyati bilan bogʻliq munosabatlar inobatga olinishi va tartibga solinishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Axborot xizmati