uz

“Uzinsurance”: Majburiy AvtosugʻUrta Buyicha Sud Qarori Yoki Ypx Xodimi Ishtirokisiz SugʻUrta Tovoni Olish Tartibi Joriy Etiladi

image

“UZINSURANCE”: majburiy avtosugʻurta buyicha sud qarori yoki YPX xodimi ishtirokisiz sugʻurta tovoni olish tartibi joriy etiladi

    “Oʻzagrosugʻurta” AJ, yaʼni UZINSURANCE yangi savdo va xizmat koʻrsatish nomi ostida faoliyat yuritayotgan kompaniya transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha mijozlarga 2019-yilda 6 mlrd soʻm, 2020-yilda 6,6 mlrd soʻm va 2021-yilning 9 oy yakunlari boʻyicha qariyb 6,7 mlrd soʻmlik sugʻurta qoplamalari toʻlab berilgan.

    Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida majburiy avtotransport sugʻurtasi boʻyicha kompaniyaga kelib tushgan murojaatlar soni jami 1042 tani tashkil etadi. Shundan 897 tasiga toʻlovlar amalga oshirildi. Murojaatlarning 20 tasi rad etilib, yana 125 holatda sugʻurta hodisasi tan olinib, toʻlovlar amalga oshirish jarayonida.

    UZINSURANCE kompaniyasi tomonidan jami 897 ta holatda yoʻl-transport hodisasi     boʻyicha toʻlovlar amalga oshirilgan boʻlsa, shundan 847 tasi tan jarohatlari bilan bogʻliq boʻlmagan holatlar hisoblanadi.

    Maʼlumki, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2021-yil 25-avgustdagi 711-son qonuniga muvofiq yoʻl-transport hodisalari boʻyicha haydovchilar tomonidan ichki ishlar organi xodimlarining ishtirokisiz yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisidagi xabarnomani tuzish orqali sugʻurta tovonini olish tartibi joriy etilmoqda. Bu tartib joriy yilning 25-noyabridan kuchga kiradi.

    Mazkur qonunda tan jarohati bilan bogʻliq boʻlmagan yoʻl-transport hodisasini huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimi ishtirokisiz rasmiylashtirish asoslari, qoidalari va tartibi belgilab berildi.

    Xususan, yoʻl-transport hodisasi sodir boʻlganda ishtirokchilar huquqni muxofaza qiluvchi organ xodimisiz xabarnoma toʻldirib tibbiy narkologik tekshiruvdan oʻtadilar va transport vositalarini texnik shikastini baholash ekspertizasidan oʻtkazib, 3 kun ichida sugʻurtalovchiga ariza taqdim etadi. Sugʻurtalovchi hujjatlarni oʻrganib chiqib, 15 kun ichida tovon toʻlash yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

    Xabarnomani tuzish uchun bir vaqtning oʻzida quyidagilar asos boʻladi:

– yoʻl-transport hodisasi jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yetkazilishiga yoxud yoʻl harakatini tartibga soluvchi vositalar yoki boshqa mol-mulk shikastlanishiga olib kelmagan boʻlsa;

– yoʻl-transport hodisasida ishtirokchi boʻlgan haydovchilardan biri oʻz aybiga toʻliq iqror boʻlsa;

– yoʻl-transport hodisasi piyoda ishtirokisiz sodir etilgan boʻlsa;

– yoʻl-transport hodisasi ikkita transport vositasi (shu jumladan tirkamali transport vositalari) toʻqnashuvi natijasida roʻy bergan hamda faqat ushbu transport vositalariga shikast yetkazilgan boʻlsa;

– transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligi yoʻl-transport hodisasi sodir etilguniga qadar sugʻurta qilingan boʻlsa;

– yoʻl-transport hodisasida ishtirok etgan haydovchilarda haydovchilik guvohnomasi, transport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma, ishonchnoma (bundan ishonchnoma talab etilmaydigan hollar mustasno), yoʻl varaqasi (qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda) mavjud boʻlib, mazkur hujjatlarning amal qilish muddati oʻtmagan boʻlsa;

– yoʻl-transport hodisasi ishtirokchilari boʻlgan haydovchilarda mastlik holati boʻlmasa;

– yoʻl-transport hodisasi natijasida transport vositalarining shikastlanishi holatlari, shuningdek transport vositalarining shikastlangan qismlari tavsiflari va roʻyxati yoʻl-transport hodisasi ishtirokchilari oʻrtasida kelishmovchiliklarni, yaʼni nizolarni keltirib chiqarmasa.

    Shuni alohida qayd etish lozim, yuqorida koʻrsatib oʻtilgan asoslardan bittasi mavjud boʻlmagan taqdirda, tuzilgan yoʻl-transport hodisasi haqidagi xabarnoma haqiqiy emas deb hisoblanadi.

    Yuqoridagi qonun ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-sentyabrdagi “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qarori qabul qilindi hamda unda yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisidagi xabarnomani tuzish tartibi belgilandi.

    Unga koʻra, jarayon toʻrt 4 bosqichni oʻz ichiga olgan boʻlib, subyektlar, amalga oshiriladigan tadbirlar va ularni bajarish muddatlari aniq qilib koʻrsatib oʻtildi.

    Fuqarolar xabarnoma nusxasini sugʻurta tashkiloti mobil ilovasi yoki rasmiy veb-saytidan yuklab olishlari mumkin.

    Yoʻl-transport hodisasi toʻgʻrisidagi hujjatlarni huquqni muhofaza qiluvchi organlar  xodimi ishtirokisiz rasmiylashtirish tartibini, yaʼni Yevroprotokol joriy etish yoʻl harakati xavfsizligi xodimlari va haydovchilar oʻrtasidagi bevosita muloqotda “inson omili”ni kamaytirish, qogʻozbozlikka barham berish, shuningdek fuqarolarni ortiqcha sarson boʻlishiga chek qoʻyish hamda avtomobil yoʻllarida tirbandliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

Axborot xizmati