uz

Qashqadaryoda SugʻUrta Xizmati Talab Darajasidami?

image

Qashqadaryoda sugʻurta xizmati talab darajasidami?

     Oilaviy rejalarning keyinga surilmasligi, taʼtilning maroqli oʻtishi, biznesdagi muvaffaqiyat yoxud nafaqaga chiqqanda dunyo boʻylab sayohatga chiqishning siri — favqulodda yirik xarajatlardan saqlanishdir. Koʻplab rivojlangan mamlakatlarda sugʻurta xizmati aholi kundalik turmush tarzining ajralmas qismiga aylangan. Har kim oʻzining mol-mulki, salomatligini yoki tadbirkorlik faoliyatini turli moliyaviy tavakkalchiliklardan himoyalaydi. Boisi, moliyaviy barqarorlikka erishish uchun kutilmagan koʻngilsizlikka tayyor turish lozim. Bizdachi, ahvol qanday? “Oʻzagrosugʻurta” aksiyadorlik jamiyatining Qashqadaryo viloyati filliali misolida holatni ochib berishga urinib koʻramiz.

    Bugungi kunda viloyatda fillialdan tashqari, yana 15 ta sugʻurta markazi faoliyat koʻrsatadi. Yaʼni, kompaniyaning viloyatdagi barcha tuman va shahar  markazlarida 65 ga yaqin mutaxassis xodimlar hamda 100 dan ziyod sugʻurta agentlari tomonidan aholiga 100 dan ortiq turdagi sugʻurtaviy xizmatlar taklif etilmoqda.

    Aholining sugʻurta xizmatidan foydalanish koʻlami qoniqarlimi?

    Filial tomonidan 2021-yilning oʻtgan davri mobaynida 53 mingdan ortiq sugʻurta shartnomalari tuzilgan boʻlib, ushbu shartnomalar boʻyicha olib borilayotgan sugʻurta javobgarligi 2,2 trillion soʻmni tashkil etadi.

    Albatta, sugʻurta xizmatiga ishonch koʻp jihatdan kompaniyaning zararlarni qoplab berishiga bogʻliq. Bu borada viloyat miqyosida jami 2,9 milliard soʻmlik sugʻurta mukofotlari taʼminlangan boʻlsa, shu vaqtga qadar mijozlarga qariyb 1,6 milliard soʻm sugʻurta tovonlari toʻlab berilgan. Shundan majburiy sugʻurta turlari buyicha 269,4 million soʻm, qishlok xoʻjaligini sugʻurtalashda sal kam 1 milliard soʻm va yana 332 million soʻmdan ortiq toʻlovlar boshqa turdagi sugʻurta shartnomalari doirasida koʻrilgan zararlarni qoplash uchun amalga oshirilgan.

    Viloyatda sug‘urta xizmatlarining ko‘lamini kengaytirish, sifatini oshirish, aholi va tashkilotlarda sug‘urtaviy tashviqot ishlarini kengaytirish zarur.

    Odamlar sugʻurta qilmasligi sababi targʻibot-tashviqot masalalarida yoʻl qoʻyilgan sustkashlikmikin?

    “Oʻzagrosugʻurta” AJ tizimida targʻibot-tashviqot ishlari doimiy ravishda yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, 2021-yil oʻtgan davri mobaynida ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda jami 300 dan ortiq materiallar eʼlon qilindi. Jumladan, telekanallar orqali 17 ta, radioda 7 ta eshittirish,  bosma nashrlarda 20 ta, Internet saytlarida 47 ta material chop etilgan. Kompaniyaning rasmiy sayti va ijtimoiy sahifalari orqali 200 ga yaqin video, audio va mantli materiallar joylashtirildi.

    Aytish  kerakki, aholinig sugʻurtaviy savodxonligi avvalgi yillarga nisbatan oʻsdi. Bu sugʻurta hodisalari boʻyicha murojaatlarning ortishi va tuzilgan ihtiyoriy sugʻurta shartnomalari koʻpayganligi misolida koʻrinadi. Zero, sugʻurta xizmatining ommalashishi koʻp jihatdan aholimizning moliyaviy savodxonligi va ushbu xizmatning kundalik hayotiga singdirishda xayrixohligiga bogʻliq boʻladi.

“Uzinsurance” Axborot xizmati