uz

“Uzinsurance” “Yashil Makon” Umummilliy Loyihasida Faol Ishtirok Etmoqda

image

“UZINSURANCE” “Yashil makon” umummilliy loyihasida faol ishtirok etmoqda

    Davlatimiz rahbari raisligida joriy yilning 2-noyabr kuni aholini uy-joy bilan taʼminlash hamda yashil maydonlarni kengaytirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida shaharlar, tuman markazlari hamda aholi punktlarida ekologik vaziyat va havo tozaligini yaxshilash maqsadida “Yashil makon” umummilliy loyihasi eʼlon qilindi. Loyiha doirasida har yili 200 million tup daraxt va buta koʻchatlarini ekish rejalashtirilgan. “Dolzarb 40 kunlik” doirasida shu yilning 10-dekabrga qadar hududlarimiz boʻylab 15 million tup daraxt va buta koʻchatlari ekiladi. 
  

    Mazkur aksiyada “UZINSURANCE” kompaniyasi ham faol ishtirok etmoqda. Bugun Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumanida “Oʻzagrosugʻurta” Boshqaruv rahbariyati ushbu xayrli tashabbusga oʻz hissalarini qoʻshdilar. Xususan, tumandagi 2-kasb-hunar maktabi binosi hovlisi va yoʻl atrofiga 60 tup eldar, qayin, igna bargli daraxt va butalar oʻtqazildi.

       

   Taʼkidlash lozim, “dolzarb 40 kunlik” doirasida kompaniya tizimida 4200ga yaqin daraxt koʻchatlarini ekish rejalashtirilgan. Bunda  hududlarning iqlim sharoitlaridan kelib chiqib eman, yapon saforasi, katalpa, shumtol, qayragʻoch, pavloniya, zarang, akatsiya, terak, chinor, tut, jiyda, yongʻoq va boshqa mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekiladi.

         

     Albatta, bu kabi ezgu amallar yashil olamni saqlash va yashil hududlarni kengaytirish, hududlar obodligiga xizmat qiladi. Zero, muborak hadislarda “Agar qiyomat qoyim boʻlib qolsa-yu, qaysi biringizning qoʻlingizda ekaman deb turgan koʻchat niholi boʻlsa, uni ekib qoʻysin” deb keltirib oʻtilgan. 
         Hududlarda daraxt ekish boʻyicha harakatlar davom etmoqda.

  Axborot xizmati