uz

“Uzinsurance” KoʻRsatilayotgan Xizmatlar Sifatiga EʼTibor Qaratadi

image

“UZINSURANCE” koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatiga eʼtibor qaratadi

    Avval xabar berganimizdek, “UZINSURANCE” kompaniyasi tizimida xizmat koʻrsatishni zamon talablariga muvofiq yoʻlga qoʻyish maqsadida hududlarda maxsus oʻquv dasturi asosida oʻquv-seminarlar tashkil etilmoqda. 
    Ularning navbatdagisi Toshkent shahar filiali majlislar zalida oʻtkazildi. Mazkur malaka oshirish seminariga, shuningdek, Toshkent viloyati filiali va sugʻurta markazlari xodimlari ham ishtirok etdi.

    Seminarda dastavval kompaniya Boshqaruvi raisi S. Otamuratov soʻzga chiqib, “UZINSURANCE”ning asosiy koʻrsatkichlari, sugʻurta bozoridagi oʻrni, sugʻurta daʼvolari, qayta sugʻurta, investitsiya hajmi va sugʻurta zahirasi, tizimdagi agentlar va xodimlarning malakasini oshirish va ularning imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish, ilgʻor axborot tizimlarini amaliyotga joriy etish imkoniyatlari hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga toʻxtalib oʻtdi. 


    — Sugʻurta xizmatlari sifatini oshirish, sugʻurta daʼvolarini koʻrib chiqish muddatini qisqartirish, sugʻurta faoliyati yuzasidan targʻibot-tashviqot va reklamani kuchaytirish, 2021-yil yakunlaridan boshlab buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotlarni xalqaro standartlari (MHXS) asosida yuritilishini taʼminlash va kompaniyaning xalqaro sugʻurta bozoridagi oʻrnini mustahkamlash, xalqaro sugʻurta operatsiyalarini amalga oshirishni rivojlantirish masalalari yuzasidan ayni paytda amaliy harakatlar olib borilmoqda va uning natijalari kompaniya faoliyatida ham aks eta boshladi — deydi, S.Otamuratov.


    Shuningdek, seminar davomida kompaniya tizimida AKTni rivojlantirish orqali raqamli sugʻurta mahsulotlarini ishlab chiqish va ularning onlayn sotuvini yoʻlga qoʻyish, ayni paytda foydalanib kelinayotgan axborot tizimlarini elektron hukumat axborot tizimlari bilan integratsiya qilish masalalari xususida ham maʼlumotlar berildi.
    Yana bir muhim masala “UZINSURANCE” kompaniyasining mamlakatimiz va xalqaro sugʻurta bozorlarida ishonchli va barqaror imijini shakllantirish va xalqaro standartlarga mos boshqaruv tizimini joriy etish yuzasidan olib borilayotgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha koʻrilayotgan choralarga toʻxtalib oʻtildi.

    Bu kabi oʻquv-seminarlar kompaniya raisi oʻrinbosarlari va departament direktorlari ishtirokida Xorazm va Qoraqalpogʻistonda ham boʻlib oʻtdi. 


    Seminar davomida sugʻurtaning mohiyati, shakli va turlari, sugʻurta shartnomasi, sugʻurta agenti etikasi, mijozlar bilan ishlash, suhbatni samarali tashkil etish usullari, sugʻurta mahsulotlarini sotish texnologiyasi boʻyicha ham noanʼanaviy usullarda ishtirokchilar bilan amaliy muloqotlar oʻtkazildi. Shu bilan birga majburiy sugʻurta turlari va ularni tashkil etish asoslari korporativ mijozlar bilan ishlash hamda sugʻurta daʼvolarini koʻrib chiqish texnologiyasi yuzasidan koʻnikmalar mustahkamlandi. 

Axborot xizmati