uz

Хalqaro Forumda “Uzinsurance” Vakillari Ishtirok Etdi

image

Хalqaro forumda “UZINSURANCE” vakillari ishtirok etdi

    Toshkent shahridagi Hilton mehmonxonasida MDH ga aʼzo davlatlarning II Xalqaro bank-moliya forumi o‘tkazildi. Forumda 20 davlatdan 500 dan ortiq davlat organlari vakillari, bank, moliya, sug‘urta, lizing hamda investitsiya kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

    Xalqaro forum O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Аnvarovich Qo‘chqorovning kirish so‘zi bilan boshlandi. Kirish so‘zida Bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasida ikkinchi marta o‘tkazilayotgan Xalqaro bank-moliya forumi MDH davlatlarining bank, moliya, sug‘urta, lizing hamda investitsiya kompaniyalari vakillarini bir makonda yig‘ish muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.

    Forumning uchinchi sessiyasi “Sug‘urta va qayta sug‘urtalash” sohasiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda O‘zbekistonda sug‘urta bozorining rivojlanishi, milliy bozorlarni rivojlantirishda qayta sug‘urtalash munosabatlari, sug‘urta sektorini raqamlashtirish, sug‘urtada innovatsion texnologiyalar, hayot va sog‘liqni sug‘urtalashning hozirgi tendentsiyalari hamda sug‘urta kompaniyalarining investitsiya faoliyati mavzulari muhokamalar markazida bo‘ldi.

    Forum maydonida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan ham muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Xususan, “UZINSURANCE” kompaniyasi Boshqaruvi raisi S. Otamuratov Xalqaro moliya korporatsiyasi vakillari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdi.

    Xalqaro anjuman yakunida an’anaviy “Oltin Soyabon” jamoatchilik mukofoti laureatlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

    Marosim tashkilotchisi — SAIPRO axborot reyting agentligi tomonidan har yili eng yaxshi sug‘urta kompaniyalari va mutaxassislariga mazkur jamoatchilik mukofoti topshiriladi. Mukofot sohiblari sug‘urta sohasining yetakchi mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan mezonlar asosida aniqlanadi. Bu safar ham “Yilning eng yaxshi sug‘urta kompaniyasi”, “Yilning sug‘urta sohasidagi eng yaxshi mutaxassisi”, “Sug‘urta bozori professional qatnashchisining eng yaxshi rahbari” kabi nominatsiyalar bo‘yicha O‘zbekiston sug‘urta bozoridagi yetakchilar nomlari eʼlon qilindi.

    “Oltin soyabon” jamoatchilik mukofoti bilan taqdirlanganlar orasida “UZINSURANCE” Boshqaruv raisi S.Otamuratov hamda Jamiyat yagona ta’sisligidagi “Uzlife” hayot sug‘urta kompaniyasi rahbari B.Abirkulovlar ham bor.

    Buni kompaniyani yanada rivojlantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, transformatsiya doirasida joriy etilgan korporativ boshqaruv timizidagi o‘zgarishlar mevasi, erishilgan natijalar e'tirofi sifatida ta’riflash mumkin.

“UZINSURANCE” Axborot xizmati