uz

“Uzinsurance”: 2021 Yil Sarhisobi

image

“UZINSURANCE”: 2021 yil sarhisobi

    Xalq farovonligining muhim sharti – bu albatta, iqtisodiy taraqqiyotga erishishdir. 2017—2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining uchinchi yaʼni,  Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yoʻnalishlari asosida mamlakatda soʻnggi 5 yil davomida amalga oshirilgan ishlarni tom maʼnodagi yangilanish va oʻzgarishlarga asos boʻldi, deyish mumkin. 
    Xususan, sugʻurta sohasini oladigan boʻlsak, bugun mamlakat bozoridagi 40 dan ortiq sugʻurta kompaniyalarining joriy yilning 9 oyi yakunlari boʻyicha umumiy ustav kapitali 1,51 trillion soʻmni, umumiy sugʻurta zaxiralari esa 2,36 trillion soʻmni tashkil etdi. Albatta, bu koʻrsatkichlar Prezidentimizning eʼtibori, sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan islohotlar bilan izohlanadi. 
    Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 10-iyul kuni sugʻurta xizmatlari bozorini rivojlantirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazib, qator vazifalarni belgilab bergan edi. Qolaversa, soha taraqqiyotini belgilab beruvchi qator muhim farmon va qarorlar qabul qilindi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni, 2019-yil 24-maydagi “Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sugʻurta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2019-yil 2-avgustdagi  “Oʻzbekiston Respublikasining sugʻurta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 2021-yil 23-oktyabrdagi “Sugʻurta bozorini raqamlashtirish va hayot sugʻurtasi sohasini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qarorlari shular jumlasidandir. 
    Ushbu hujjatlar “UZINSURANCE” kompaniyasining 2021-yildagi faoliyatida muhim rol oʻynadi. Xususan, mamlakatimiz Prezidentining  2020-yilning 27-oktyabrida qabul qilingan “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni asosida “Oʻzagrosugʻurta” AJda raqobatbardoshlikni oshirish, xalqaro sugʻurta bozoriga chiqish, sugʻurta sohasida davlat siyosatini tubdan takomillashtirish maqsadida transformatsiya jarayonlari amalga oshirilmoqda. 
    Prezidentimiz farmoni ijrosi yuzasidan “Oʻzagrosugʻurta” AJni transformatsiya qilish, korporativ boshqaruv va moliyaviy audit joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi. Uning doirasida shuningdek, Jamiyat tomonidan koʻrsatilayotgan sugʻurta xizmatlari sifatini oshirish va yangi, innovatsion sugʻurta mahsulotlarini joriy etishga ham jiddiy eʼtibor qaratildi. 
    Aniq maqsad va reja yarim muvaffaqiyat. Shu bois, faoliyatni takomillashtirish borasida oʻrta va uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish hamda tizimda rebrendingni amalga oshirish va sugʻurta xizmatlarini zamonaviylashtirish yuzasidan rejalar tuzildi. Ayni chogʻda, bu borada isteʼmolchilar talablarining oʻsishi hamda kompaniyaning sugʻurta bozoridagi obroʻsini mustahkamlash maqsadida mavjud holatni tahlil qilish va aniqlangan muammolar asosida moliyaviy sogʻlomlashtirish, operatsion samaradorlikni oshirish eʼtibor markazida boʻldi. Bularning barchasi kompaniyainng “2021-2023-yillar uchun rivojlanish Strategiyasi”da oʻz aksini topdi va “har bir mijoz muhim, uning manfaatlari ustuvor” tamoyili bosh gʻoya qilib belgilandi.
    Shu bilan birga, “Oʻzagrosugʻurta” AJning yangi imijini shakllantirish bosqichida sugʻurta bozorida yuqori salohiyatga ega va barqaror sugʻurta kompaniyalari sifatida namoyon boʻlishiga asosiy eʼtibor qaratildi. Joriy yilda rebrending oʻtkazilib, “Oʻzagrosugʻurta” AJning yangi nom va yangi logotiplari eʼlon qilindi va “Oʻzagrosugʻurta” AJ “UZINSURANCE” brendi ostida faoliyat yurita boshladi. 
    Aytish joiz, oʻtayotgan yilda “UZINSURANCE” kompaniyasi aholi manfaatlariga xizmat qiladigan yangi turdagi sugʻurta mahsulotlarini amaliyotga joriy qilish masalalariga ham jiddiy eʼtibor qaratdi. Xususan, fuqarolarning sogʻligʻi bilan bogʻliq boʻlgan sugʻurta mahsuloti yaʼni, ularga vaksinatsiya jarayonida chin maʼnoda tirgak boʻlishi uchun yangi sugʻurta turini ishlab chiqdi. Ushbu sugʻurta polisi amal qilish davrida sugʻurtalangan shaxsning “COVID-19” vaksinatsiyasi doirasida qabul qilgan, rasman hujjatlashtirilgan vaksinaning salbiy oqibatlari natijasida yuz berishi mumkin boʻlgan salbiy hodisalardan moliyaviy himoyalashni nazarda tutadi.
    Shu asnoda kompaniya sugʻurtaning ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqqan holda  oʻz faoliyatini mahallabay ishlash yoʻnalishiga qaratdi. Jumladan, kompaniya xodimlari aholi xonadonlariga kirib, ularning talab va istaklarini oʻrgandi. Maqsad birinchi navbatda fuqarolarning ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin, mushkulini oson qilish edi. Bunda asosiy eʼtibor “Temir” daftarga, “Ayollar” va “Yoshlar” daftariga kiritilgan fuqarolarga qaratildi. Mahallabay ishlash, har bir xonadonning talab va istaklarini oʻrganish, ularni turli moliyaviy xatarlardan ishonchli himoya qilish  kompaniya faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi. 
    Shuningdek, bugun barcha sohalar qatori sugʻurta yoʻnalishida ham zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish va shu orqali mijozlarga qulayliklar yaratishga eʼtibor yanada kuchaydi. Davlatimiz rahbarining  2021-yil 23-oktyabrdagi “Sugʻurta bozorini raqamlashtirish va hayot sugʻurtasi sohasini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan ahamiyatli.  “UZINSURANCE” kompaniyasida ham bugungi kunda xalqimiz orasida ommabop hisoblangan sugʻurta turlarining onlayn shakli amaliyotga tatbiq etildi. Xususan, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish, astotransport vositasiga oʻrnatilgan gaz uskunalaridan foydalanish oqibatida yuz berishi mumkin boʻlgan qaltisliklardan sugʻurta qilish, aholi turar-joy imoratlari va uy-roʻzgʻor buyumlarini kompleks sugʻurta qilish, baxtsiz hodisalardan ehtiyot shart sugʻurta qilish va yuqumli kalliklardan ehtiyot shart sugʻurta qilish kabi sugʻurta turlari shular jumlasidandir.  
    Umuman olganda, “Online polis” axborot tizimini joriy etish boʻyicha kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasiga koʻra, aholi orasida ommabop sotiladigan sugʻurta mahsulotlari saralandi, “Online polis” axborot tizimini “Ommaviy oferta”si ishlab chiqildi, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan toʻlov xizmatlari bilan shartnoma imzolandi va “Online polis” axborot tizimi boshqa axborot tizimlari bilan integratsiya qilindi. 
    Yana bir muhim jihat, mamlakat sugʻurta bozorining yetakchi ishtirokchilaridan biri “UZINSURANCE” faoliyati samaradorligini taʼminlash, yangi innovatsiyalarni joriy etish, nafaqat mahalliy, balki xalqaro sugʻurta bozorida ham teng raqobatga kirisha olish hamda davlat kafolatisiz xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida tarkibiy islohotlarni amalga oshirdi. Ushbu saʼy-harakatlarning samarasi sifatida kompaniya ketma-ket uchinchi yil “Fitch” xalqaro reyting agentligi tomonidan “BB–” barqaror reytingiga ega boʻldi. 
    Kompaniyaning 2022-yil uchun Biznes rejasida ham qator istiqbolli loyihalar aks ettirilmoqda. Xususan, aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlarning qulay, sifatli va ishonchli boʻlishini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlardan kelib chiqib, aholi va uning maʼlum qatlamiga qulaylik yaratish va xizmatlar narhini hamyonbop boʻlishini taʼminlash maqsadida inklyuziv sugʻurtaning yangi turlarini amaliyotga tatbiq etish koʻzda tutilgan. Shu bilan birga ESG (Environmental Social Governance) – Ekologik, ijtimoiy korporativ boshqaruv tizimi asosida faoliyatni tashkil qilish, bunda birinchi navbatda tabiat va atrof-muhitni ifloslanishi bilan bogʻliq qaltisliklarni sugʻurtalash mahsulotlarini ishlab chiqish hamda takomillashtirishga katta eʼtibor qaratiladi. 
    Shuningdek, ayni paytda kompaniyada kechayotgan transformatsiya jarayonini muvaffaqiyatli davom ettirish maqsadida qator muhim vazifalar  belgilab olindi. Bunda moliyaviy sogʻlomlashtirish, operatsion samaradorlikni oshirish ustuvor boʻladi. 
     Bir soʻz bilan aytganda, kompaniya faoliyatidagi oʻzgarish va yangilanishlar moliya bozorida sugʻurta xizmatlari sifatini yanada yaxshilash bilan bir qatorda sohaning mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotidagi ulushini oshirishga, pirovardida iqtisodiyotni turli xil moliyaviy xatarlardan himoya qilish borasidagi ustuvor vazifalarni roʻyobga chiqarishda muhim islohotlardan biri boʻldi. 

“Uzinsurance” Axbort xizmati