uz

Koronavrusga Qarshi Vaktsinaning Nojo‘Ya Ta’Siridan Sug‘Urtalanish Imkoniyati Yaratildi

image

Koronavrusga qarshi vaktsinaning nojo‘ya ta’siridan sug‘urtalanish imkoniyati yaratildi

 Dunyo aholisining xavotir va qo‘rquvlariga sabab bo‘lgan koronavirus pandemiyasi bir oz pasaygan bo‘lsada, xavf hamon saqlanib turipti. Jahonning ayrim davlatlarida kasallik ortayotgani bois, ma’lum bir shaharlarda karantin choralari yana kuchaytirilmoqda. Masalan Rossiya federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirining so‘zlariga ko‘ra, xavfsizlik qoidalari hamda niqob taqish rejimiga amal qilinmayotgani bois, mamlakatda koronavirusga chalinish holatlari o‘smoqda.

    Yurtimizda ham virusni yuqtirib olish bilan bog‘liq holatlar kuniga 250-300 nafarni tashkil qilyapti. Eng achinarlisi, kasallikka chalinganlar orasida o‘lim bilan bog‘liq nohush holatlar ham kam bo‘lsada qayd etilmoqda. Ayni paytda mamlakatimizda uch ming nafardan ziyod bemor tibbiyot muassasalarida davolanyapti.

    Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lum qilishicha, bu dard bilan kurashishning samarali usullaridan biri bu — odamlarda ommaviy vaktsinatsiya o‘tkazishdir.

    Jahoning yetakchi mamlakatlari rahbarlari aynan vaktsinatsiya borasida qator tashabbuslar bilan chiqishmoqda. Xususan, Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson “Katta yettilik” (G7) mamlakatlari sammitida ishtirokchilar  e’tiborini kelasi yil oxirigacha butun dunyoga COVID-19 vaktsinalarini tarqatish masalalariga qaratdi.

    “New York Times” nashri AQSH prezidenti Jo Bayden administratsiyasi global vaktsina yetishmovchiligi muammosini hal qilish maqsadida bir yil ichida 500 million doza Pfizer-BioNTech koronavirusga qarshi vaktsinasini sotib olishni va 100 ta mamlakatga tarqatishni rejalashtirganini yozmoqda. Bundan ayon bo‘ladiki,  COVID-19 ga qarshi kurashishning samarali yo‘li bu — vaktsinatsiyadir. Ammo, tan olib aytishimiz kerak, xalqimiz orasida vaktsinaga bo‘lgan ishonch sust. Bunga OAVlari hamda ijtimoiy tarmoqlarda ayrim kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan vaktsinalarning salbiy ta’siri haqidagi ma’lumotlar sabab bo‘lganini barchamiz yaxshi bilamiz.

    “O‘zagrosug‘urta” AJ fuqarolarning sog‘lig‘ini o‘ylab, shuningdek ularga vaktsinatsiya jarayonida chin ma’noda tirgak bo‘lish maqsadida yangi sug‘urta turini ishlab chiqdi. Ushbu sug‘urta polisi amal qilish davrida sug‘urtalangan shaxsning COVID-19 vaktsinatsiyasi doirasida qabul qilgan, rasman hujjatlashtirilgan vaktsinaning salbiy oqibatlari natijasida yuz berishi mumkin bo‘lgan hodisalardan moliyaviy himoyalashni nazarda tutadi. Sug‘urta polisi muddati 3 oy bo‘lgan mazkur sug‘urtaning mukofoti atigi 5 ming so‘m bo‘lib, sug‘urta hodisasi qayd etilgan taqdirda sug‘urtalanuvchiga 25 million so‘m to‘lab beriladi. Agarda fuqaro sug‘urta mukofoti 10 ming so‘m bo‘lgan polisni sotib olsa, “O‘zagrosug‘urta” AJ 50 million so‘mlik  javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi.

    Sug‘urta polisi doirasida ikki hil holat sug‘urta hodisasi sifatida tan olinadi. Bular sug‘urtalangan shaxsning vaktsinatsiyaning salbiy ta’siri natijasida mehnatga layoqatini yo‘qotishi hamda sug‘urtalangan shaxsning vafot etishi kabi holatlardir.

“O‘zagrosug‘urta” AJ

Axborot xizmati