uz
image

RASMIY MUNOSABAT

    Noxolis yoritilgan ikki maqolaga javob.
    Soʻzimiz avvalida, jurnalistikaning oltin qoidasi — xolislik va halollik prinsipi tilga olingani bejizga emas. Tanqidiy maqola birgina shikoyatchining vajlaridan kelib chiqib tayyorlanaversa, unda tashkilotning Axborot xizmati nima uchun?

    Har ikki maqola noprofessional yoritilgani bois qator xatoliklarga yoʻl qoʻyilgan va oʻquvchiga tomonlar oʻrtasidagi nizoning asl mohiyati haqida yetarlicha maʼlumot berilmagan.

    Joriy yilning 11 hamda 20-yanvar kunlari Anhor.uz saytida “Почему пострадавшие предприниматели из Сардобы не могут получить страховые выплаты”, shuningdek ““OʻZAGROSUGʻURTA”ning javobgarligi va adolati” sarlavhali materiallar eʼlon qilindi.

    Dastlabki maqolada sugʻurta hodisasini qoplash boʻyicha “Oʻzagrosugʻurta” aksiyadorlik jamiyati va “Navroʻz Qut Baraka” MCHJ  oʻrtasida sud jarayonlari uzoq davom etayotganligi, sugʻurta tovoni hamon undirilmayotganligi haqida soʻz boradi. Birinchi materialning yakunida ushbu holat boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Sudidan izoh soʻralgan.

    Shuningdek, 2021-yil 20-yanvarda ishning mohiyatini yaxshiroq tushunish va hujjatlarni oʻrganish uchun sud majlisi yana bir haftaga kechiktirilgani haqida anhor.uz saytida navbatdagi material eʼlon qilindi. 

    Maqola “2020-yilda Sardobada yuz bergan texnogen ofat insonlarning taqdirida, sud daʼvolarida, jurnalistlarning tekshiruvlarida hali uzoq vaqt bong berib turadi”, degan jumlalar bilan boshlanadi. Shu oʻrinda savol tugʻiladi,  “TEKSHIRUV” deganda nima nazarda tutilgan?

    Sarlavha tanlashda kompaniyaning rasmiy veb-saytiga murojaat qilingani, masalaning mohiyatini oʻrganishga kelganda esa  ikkinchi tomonga ham quloq tutish, hech boʻlmaganda “Oʻzagrosugʻurta” AJ ning Axborot xizmati bilan bogʻlanishga jazm qilinmagani, muallif “faktcheking”(dalillarni tekshirish), “jurnalistik surishtiruv”, “faktlarni oʻrganish, ularni taqqoslash” singari iboralarning asl maʼnosidan toʻliq xabardorligiga kishida shubha uygʻonadi.

    Masalaga nuqul bir taraflama yondashilib, jamoatchilikka “Oʻzagrosugʻurta” AJ sugʻurta toʻlovini toʻlashdan qochib, turli bahonalar bilan sud qarori ijrosini taʼminlash vaqtini atay choʻzmoqda. Asosiy taʼsischisi Moliya vazirligi boʻlgani tufayli sudlar ularning foydasiga qaror chiqaradi, degan mazmundagi notoʻgʻri xulosalar keltirilgan. Sud majlisidagi nomaʼlum ishtirokchidan (ism, sharifi keltirilmagan) olingan iqtibos bunga misoldir.

    Ushbu internet nashrining maqolada bildirayotgan mulohazalari mamlakatda sudlarning mustaqil qaror qabul qilishiga aralashish (taʼsir etish) va yetakchi sugʻurta kompaniyasining obroʻsizlantirishga urinish emasmi?

    Sugʻurtaning mohiyatini toʻliq anglab yetish uchun yana bir maʼlumot: sugʻurta sohasidagi nizolar sud tartibida hal etilishi, qaror ijrosi sud tomonidan qonuniy tarzda toʻxtatilishi sugʻurta faoliyati amaliyotida mutlaqo normal holat. Muallif tomonidan bu holatlar, goʻyoki sugʻurta tashkiloti oʻz majburiyati va sud qaroriga bepisand rakursda tasvirlangan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi iqtisodiy sudlov hayʼati tomonidan 2022-yil 21-yanvarda quyi instansiya sudlari qarorlari, shu jumladan 2021-yil 10-noyabrdagi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi iqtisodiy sudlov hayʼatining qarori ham bekor qilingan. Yaʼni maqolada koʻrsatilgan holatlar notoʻgʻri talqin qilinganligi sudning yakuniy qarorida ham oʻz tasdigʻini topgan.

    Shu oʻrinda, anhor.uz tahririyatidan tanqidiy materiallarni holislik va halollik prinsipiga rioya qilib, har ikki tomonning dalil va vajlari asosida jamoatchilikka yetkazishlarini soʻrab qolamiz.

    Maʼlumot uchun: “Oʻzagrosugʻurta” AJ faoliyatiga oid materiallar yuzasidan Axborot xizmati jurnalist, bloger va boshqa murojaatchilar uchun doimo ochiq. Shuningdek, kompaniyaning rasmiy veb-sayti, ishonch telefonlari va ijtimoiy tarmoqdagi barcha sahifalarida aloqa uchun maʼlumotlar joylashtirilgan.

 Axborot xizmati