uz

“O‘Zagrosug‘Urta” : Faoliyat Tahlili Zamonaviy Usul Va Yondashuvlarga Turtki Bo‘Ladi

image

“O‘zagrosug‘urta” : faoliyat tahlili zamonaviy usul va yondashuvlarga turtki bo‘ladi

 Mamlakatimizda moliya bozorini yanada rivojlantirish, aholini sifatli moliyaviy xizmatlar bilan qamrab olish ko‘lamini kengaytirish, ayniqsa, sug‘urta tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish, shuningdek, mazkur yo‘nalishda iste’molchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish sug‘urta kompaniyalari oldida turgan muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

 Bunda milliy sug‘urta bozorinining jadal rivojlanishini ta’minlash, aholi hayotining sifati va darajasini oshirishga yo‘naltirilgan moliyaviy xizmatlarni faol rivojlantirish, sug‘urta xizmatlarining talab yuqori bo‘lgan yangi turlarini joriy etish, iste’molchilarning sug‘urta bozoriga bo‘lgan ishonchini oshirish masalalariga e’tibor qaratilmoqda. Xususan, “O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan bu borada qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

    Jamiyat faoliyatini yanada rivojlantirish, rahbar xodimlar o‘rtasida tajriba almashish, xodimlarni faoliyatga oid qabul qilingan qarorlar va yangiliklar bilan tanishtirish maqsadida 2021 yilning 24 iyun kuni Farg‘ona shahrida “O‘zagrosug‘urta” AJda tranformatsiya jarayoni hamda korporativ boshqaruvni takomillashtirish bo‘yicha vazifalar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

    Tadbirda dastavval Jamiyat Boshqaruvi raisi S. Otamuratov so‘zga chiqib, mamlakatimiz Prezidentining 2020 yilning 27 oktyabrida qabul qilingan “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi yuzasidan “O‘zagrosug‘urta” AJda amalga oshirilayotgan ishlarga batafsil to‘xtalib o‘tdi.

    Ta’kidlanganidek, «O‘zagrosug‘urta» AJning respublika va xalqaro sug‘urta bozorida ishonchli va barqaror imijini shakllantirish maqsadida rebrending qilinmoqda. Bunda asosiy e’tibor sug‘urta bozori professional ishtirokchilari orasida faoliyatni takomillashtirish, shu orqali Jamiyatning umumiy sug‘urta bozori professional ishtirokchilari orasida rolini oshirish, sug‘urta bozori infratuzilmasini rivojlantirish va kengaytirishga qaratilmoqda.

    Prezidentimiz farmoni ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan bu kabi ishlarning barchasi «O‘zagrosug‘urta» AJni transformatsiya qilish, korporativ boshqaruv va moliyaviy audit joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi «Yo‘l xaritasi»da o‘z aksini topdi. Uning doirasida shuningdek, Jamiyat tomonidan ko‘rsatilayotgan sug‘urta xizmatlari sifatini oshirish va yangi sug‘urta mahsulotlarini joriy etishga ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

    Ta’kidlash joizki, Jamiyat ketma-ket ikkinchi yil “Fitch” (Fitch) xalqaro reyting agentligining “BB–” barqaror reytingiga ega bo‘ldi. Bu xorijiy investorlar va mahalliy aholining sug‘urta xizmatiga ishonchini yanada mustahkamlash uchun muhim indikatordir.

    Iste’molchilar talablarining o‘sishi hamda Jamiyatning sug‘urta bozoridagi obro‘sini oshirish maqsadida mavjud holatni tahlil qilish va aniqlangan muammolar asosida moliyaviy sog‘lomlashtirish, operatsion samaradorlikni oshirish hamda 2021-2023 yillar uchun rivojlanish strategiyasi ishlab chiqildi. Bu jarayonda eng avvalo, “har bir mijoz muhim, uning manfaatlari ustuvor” tamoyiliga urg‘u berilmoqda.

    Boshqaruv raisining so‘zlariga ko‘ra, sug‘urta xizmatlarining elektron turlarini faol joriy etish va rivojlantirish sohasida zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonining tarkibiy qismi hisobalanadi. Buning uchun “O‘zagrosug‘urta” AJ tizimida onlayn ko‘rsatilayotgan umumiy sug‘urta xizmatlari qamrov darajasini oshirishga mo‘ljallangan “Online Polis” axborot tizimi ishlab chiqildi va unda 9 ta ixtiyoriy sug‘urta turi bo‘yicha Ye-polis sotib olish imkoniyati mavjud.

    Davra suhbati davomida “O‘zagrosug‘urta” AJning 2021 yil birinchi yarim yillik yakunlari hamda faoliyatdagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yo‘llari ham muhokama etildi. Xususan, ta’kidlab o‘tilganidek, o‘tgan yili koronavirus pandemiyasi barcha sohalarga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Jumladan, sug‘urta bozoriga ham. Mavjud holatdan kelib chiqib, Jamiyat tomonidan joriy yilgi faoliyat yuzasidan ishlab chiqilgan biznes-rejani amalga oshirishda ayrim sustkashliklarga yo‘l qo‘yilgan. Xususan, biznes-rejadagi ko‘rsatkichlarni ta’minlamagan Qashqadaryo, Sirdaryo, Samarqand, Buxoro viloyatlari filiallari tanqid qilindi hamda barcha filiallar va bo‘linmalar tomonidan zarur choralar ko‘rilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

    Tadbirda ko‘rsatib o‘tilgan masalalar bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirilib, ularning yechimi yuzasidan amaliy takliflar bildirib o‘tildi.

    Shuningdek, “O‘zagrosug‘urta” AJ boshqaruvi xodimlari hamda filial rahbarlarining Farg‘onaga amalga oshirgan xizmat safari davomida  yaqinda O‘zbekistondagi sug‘urta kompaniyalari orasida birinchi bo‘lib  “Fitch Ratings” tomonidan barqaror rivojlanish ko‘rsatkichi – «B+» reytingiga ega bo‘lgan, "O‘zagrosug‘urta" AJning yagona ta’sisligidagi “Agros Hayot” SK MCHJning Farg‘ona viloyatida yangi smart ofisi ochildi.


      Ta’kidlash lozim, “Agros Hayot” ayni paytda biznes jarayonlarini doimiy ravishda takomillashtirib bormoqda. Kompaniya xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda barqaror mavqeini, kuchli mijozlar bazasini va kompaniyaning oqilona tanlangan rivojlanish strategiyasini saqlab qolish qobiliyatini namoyish qilib kelmoqda. Yangi ofisning ochilishi esa, aholiga ko‘rsatilayotgan sug‘urta xizmatlari sifatini oshirish, mijozlarga yanada qulaylik yaratish imkonini beradi.

“O‘zagrosug‘urta” AJ

Axborot xizmati