uz

14-Fevral Buyuk Shoh Va Shoir Bobur Tavallud Topgan Kun!

image

14-fevral buyuk shoh va shoir Bobur tavallud topgan kun!

Zahiriddin Muhammad ibn Umarshayx Mirzo — o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, buyuk shoir, tarixchi, geograf, davlat arbobi, iste’dodli sarkarda, boburiylar sulolasi asoschisi, temuriy shahzoda.

«Bobur dilbar shaxs edi. Uyg‘onish davrining ajoyib sultoni, kuchli, tadbirkor kishi bo‘lib, san’atni, adabiyotni, go‘zallikni sevardi».
Javoharla’l Neru. «Hindistonning kashf etilishi» kitobidan.

«Bobur fe’li-sajiyasiga ko‘ra Sezarga qaraganda sevishga arzigulikdir. Uning manglayiga yuksak fazilatli inson deb bitib qo‘yilgan».
Eduard Xolden, ingliz tarixchisi.

«Saxovati va mardligi, iste’dodi, ilm-fan, san’atga muhabbati va ular bilan muvaffaqiyatli shug‘ullanishi jihatidan Osiyodagi podshohlar orasida Boburga teng keladigan birorta podshoh topilmaydi».
Uilyam Erskin, «Boburnoma» tarjimoni.

    Samarqandni ikkinchi marta egallagan vaqtning ilk oylarida Alisher Navoiy tashabbusi bilan Bobur o‘rtasida yozishma boshlanadi. Uning atrofida ijodkorlar to‘plana boshlashi ham shu yillarga to‘g‘ri keladi. Jumladan, Binoiy, Abulbaraka bilan ruboiy mushoirasi qizg‘in adabiy hayotdan darak beradi. 
    Davlat arbobi va ko‘p vaqti jangu jadallarda o‘tgan sarkarda sifatida ijtimoiy faoliyatining eng qizg‘in davrida ham, shaxsiy hayoti va davlati nihoyatda murakkab sharoitda qolgan chog‘larida ham Bobur ijodiy ishga vaqt topgan. Ilm, san’at va ijod ahlini o‘z atrofiga to‘plab, homiylik qilgan, ularni rag‘batlantirgan.
    U yigitlik yillaridan to umrining oxirigacha samarali ijodiy ish bilan shug‘ullandi, natijada, har jihatdan muhim boy ilmiy va adabiy meros qoldirdi.
    Bobur 18—19 yoshlarida ruboiy va g‘azallar yoza boshlagan. Uning «Topmadim» radifli g‘azali va «Yod etmas emish kishini g‘urbatda kishi» misrasi bilan boshlanuvchi ruboiysi o‘sha yillardagi hayoti bilan bog‘liq.
    Uning asarlarida, xususan, she’riyatida kindik qoni to‘kilgan ona yurtini dildildan qo‘msash, uning tuprog‘iga talpinish, g‘ariblik azoblaridan o‘tli hasrat, yoru diyor soginchi va visol ilinji, taqdir zarbalari va turmush uqubatlari, zamona nosozliklaridan nola badiiy tahlil etiladi.
    Hozirda uning 119 g‘azali, bir masnu she’ri, 209 ruboiysi, 10 dan optik tuyuq va qit’alari, 50 dan ortiq muammo va 60 dan ziyod fardlari aniqlangan. Devoni tarkibida umumiy hajmi 270 baytdan iborat 8 masnaviy ham o‘rin olgan.
    Hindiston yurishlari davrida Bobur «Mubayyin» asarini yaratdi. Masnaviy tarzida yozilgan, islom huquqshunosligi va shariat aqidalariga bag‘ishlangan bu asarda Movarounnahr va Hindistonga oid o‘sha davr ijtimoiy-iqtisodiy hayoti bo‘yicha qiziqarli ma’lumotlar ham jamlangan. «Mubayyin»da namoz, zakot va haj ziyorati to‘g‘risida ham shar’iy mezonlar bayon qilingan. Shu yillarda Bobur Sharq she’riyatining asosiy masalalaridan biri aruz vazni, uning nazariyasi va amaliyotiga oid ilmiy risolasini yakunlaydi. 
    Yuqorida keltirilgan asarlaridan tashqari, «Xatti Boburiy», shuningdek musiqa san’ati va harb ishlariga maxsus bag‘ishlangan qator risolalari ham bo‘lgan. Ammo keyingi ikki asar matni hanuz topilgan emas. «Xatti Boburiy»da muallif arab alifbosini tahrir etib, yozuvni soddalashtirish va osonlashtirish maqsadida uni turkiy til va talaffuz mezonlariga moslashtirgan. Boburni dunyoga mashhur qilgan shoh asari «Boburnoma» hisoblanadi.
****
Kim koʻrubtur, ey koʻngul, ahli jahondin yaxshiligʻ,
Kimki ondin yaxshi yoʻq, koʻz tutma ondin yaxshiligʻ.

Bu zamonni naf’i qilsam ayb qilma, ey rafiq,
Koʻrmadim hargiz, netayin, bu zamondin yaxshiligʻ.

Dilrabolardin yomonliq keldi mahzun koʻngluma,
Kelmadi jonimgʻa hech oromi jondin yaxshiligʻ.

Ey koʻngul, chun yaxshidin koʻrdung yomonligʻ asru koʻp,
Emdi koʻz tutmoq ne yaʼni har yomondin yaxshiligʻ.

Bori elga yaxhshiligʻ qilgʻilki, mundin yaxshi yoʻq
Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshiligʻ.

Yaxshiligʻ ahli jahonda istama Bobur kibi,
Kim koʻrubtur, ey koʻngul, ahli jahondin yaxshiligʻ.