uz

Sug‘Urta Tashkilotlarining Investitsiya Faoliyatini Rivojlanish Istiqbollari

image

Sug‘urta tashkilotlarining investitsiya faoliyatini rivojlanish istiqbollari

    Investitsiya mamlakat iqtisodiyotining drayver yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ayni paytda sanoat, qishloq xo‘jaligi, qurilish umuman qay bir soha bo‘lmasin barchasini harakatlantiradigan va rivojlantiradigan asosiy omil investitsiya bo‘lmoqda. Milliy iqtisodiyot sohalariga tashqi va ichki investitsiyalar oqimini jadallashtirish iqtisodiy yuksalishning yangi bosqichini boshlab beruvchi asosiy omil hisoblanadi. Shunga ko‘ra iqtisodiyotni faol rivojlantirish keng miqyosdagi investitsiyalarni talab qiladi.
    Sug‘urta tashkilotlari faoliyatida “Investitsiyalar — foyda olish maqsadida iqtisodiy va boshqa faoliyat ob’ektlariga joylashtiriladigan sug‘urtalovchining (qayta sug‘urtalovchining) har qanday shakldagi qo‘lga kiritilgan yoki nazorat qilinadigan aktivlaridir”.
    Mavzuni “O‘zagrosug‘urta” AJ misolida davom ettiradigan bo‘lsak, joriy yilda kompaniya o‘z investitsiyaviy siyosatini investitsiya faoliyatining asosiy printsiplari asosida yuritishni maqsad qilingan 
    Bunda bir qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar bilan birgalikda Prezidentimizning 2020 yil 27 oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6096-sonli Farmoni huquqiy asos vazifasini o‘tamoqda. Mazkur hujjatga muvofiq “O‘zagrosug‘urta” AJni transformatsiya qilish jarayonida ishlab chiqilgan yo‘l xaritaga ko‘ra, Jamiyat ustav kapitalini 250 milliard so‘mga yetkazish orqali kompaniyani rivojlantirish va raqobatbardoshligini oshirish ko‘zda tutilgan.
    Ta’kidlash joizki, Jamiyatning investitsiya faoliyatiga yo‘naltirilayotgan bo‘sh pul mablag‘lari diversifikatsiya, qaytarilish, foydalilik va likvidlik talablariga javob berishi lozim. Bu jarayonda investitsiya va ular bilan bog‘liq tavakkalchiliklarni malakali boshqarish talab etiladi. Bunda kompaniyaning investitsiya siyosatini tasdiqlash, zarurat bo‘lganda faoliyatni tashkil etishga investitsiya maslahatchilari, aktivlarni ishonchli boshqaruvchilar va qimmatli qog‘ozlar bozorining boshqa professional ishtirokchilarini jalb qilish, investitsiyaviy ob’ektlarni tahlil qilish va daromadlarni davriy baholash jarayonlarini amalga oshirish zarur.
    O‘z o‘rnida, “O‘zagrosug‘urta” AJ Kuzatuv kengashiga investitsiya portfelidagi qimmatli qog‘ozlardan olinayotgan dividend ko‘rinishidagi daromadlarning kamligini inobatga olib, mazkur ko‘rsatkichlarni keng tahlil qilgan holda ushbu aktsiyalarni qonunchilikda belgilangan tartibda sotuvga chiqarish, sotuvdan olingan mablag‘larni esa yuqori investitsiya vositalariga yo‘naltirish rejalashtirilmoqda. Bu orqali jamiyatning investitsiyalardan olinadigan daromadlarini ko‘paytirish, shu bilan birgalikda sug‘urtaning asosiy talabi bo‘lgan tovonlar to‘lovini amalga oshirishda tezkorlikka erishiladi.
    Bank depozitlariga joylashtirilgan mablag‘lar sug‘urta majburiyatlarining tezkor amalga oshirilishini ta’minlashda qulay vosita. Jamiyatning moliyaviy barqarorligini ta’minlash maqsadida “O‘zagrosug‘urta” AJ o‘z aktivlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori bilan tasdiqlangan “2019-2022 yillarda O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini jadal rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining 2009 yil 3 iyuldagi Buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Sug‘urtalovchi va qayta sug‘urtalovchining investitsion faoliyati to‘g‘risida”gi Nizomiga binoan joylashtiradi.
    Jamiyatning investitsiya faoliyatidan olinayotgan daromadlari sug‘urta operatsiyalarini moliyalashtirishga shu jumladan, sug‘urta turlari bo‘yicha zararlarnii qoplash, yangidan-yangi sug‘urta turlarini ishlab chiqish hamda kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash va hakozolarga yo‘naltiriladi.
    O‘z navbatida Respublikamiz milliy sug‘urtalovchilari so‘nggi yillarda investitsion faolligining ortishini turli omillarga bog‘lash mumkin. Sug‘urta bozorida raqobatning ko‘chayishi bilan birga sug‘urta tashkilotining investitsion foyda miqdori ham ortishi kerak. Jahon amaliyotining ko‘rsatishicha, sug‘urta tashkilotlarining 60-70% foydasini investitsiyadan keladigan foyda tashkil qiladi. G’arb sug‘urta kompaniyalari uchun sug‘urtalash o‘z maqsadi hisoblanmaydi. O‘zbekistonda esa ko‘pgina sug‘urtalovchilar foydasining aksariyat qismini hamon faqatgina sug‘urta faoliyati ta’minlaydi.
    Xulosa qilib aytganda, Jamiyatning faoliyat ko‘lamini kengaytirishda investitsiya portfelini diversifikatsiyalash yo‘li bilan investitsion siyosatni rivojlantirishi bugungi bozor iqtisodiyoti talablariga to‘liq muvofiqdir.

Ilxam Rasulov,
Aksiyadorlar bilan korporativ
 munosabatlar va investitsiya 
departamenti direktori