uz

Transformatsiya: Mahalliy Va Xalqaro Sug‘Urta Bozorida Barqaror Faoliyat Kafolati

image

TRANSFORMATSIYA: mahalliy va xalqaro sug‘urta bozorida barqaror faoliyat kafolati

    Raqobatning kuchayishi, iste’molchilar talabining ortishi har bir sug‘urtalovchida o‘z-o‘zini isloh qilish, yangi sug‘urta turlarini ishlab chiqish va zamonaviy standartlar asosida xizmat ko‘rsatishni taqozo etmoqda.   Ma’lumki, bugungi kunda mamlakatimiz sug‘urta bozorida sug‘urtalovchi tashkilotlar 42 tani tashkil etsa, shundan 34 ta kompaniya umumiy sug‘urta tarmog‘ida faoliyat yuritadi. 
    “O‘zagrosug‘urta” aktsiyadorlik jamiyati mamlakatimizda nufuzi jihatidan, xususan sug‘urta bozorida asosiy ko‘rsatikichlar bo‘yicha yuqori o‘rinni egallaydi. Bozorda yetakchilikni saqlab qolishda eng avvalo, kompaniyaning moliyaviy barqarorligini mustahkamlash pirovard maqsad hisoblanadi. Bunda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, mijozlar talab va istaklarini o‘rganish, hatarlarni boshqarishda kuchli moliyaviy siyosat olib borish hamda salohiyatli kadrlarni jalb etish, ularni tayyorlash (malakasini oshirish) tizimini samarali yo‘lga qo‘yish talab etiladi. 
    Albatta, bu jarayonlarda Prezidetimizning 2020 yil 27 oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi Farmoni muhim dasturilamal bo‘lmoqda. 
    Hujjatga asosan bugungi kunda kompaniyada transformatsiya jarayonlari davom etmoqda. Xususan, tizimda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, bozor iqtisodiyoti tamoyillariga asosan xizmat ko‘rsatish, islohotlar jarayonida xususiy kapital ishtiroki uchun keng imkoniyatlar yaratish hamda raqobatbardosh sug‘urta turlarini ishlab chiqish borasida qator amaliy  ishlarga qo‘l urilgan.
    Kompaniya tizimida ichki hujjatlar almashinuvi to‘liq elektronlashtirilib, bozorda birinchilardan bo‘lib onlayn (E-polis) xizmatlar amaliyotga joriy etilganini misol sifatida keltirish mumkin. Hozirda mijozlarga 15 ta sug‘urta turi bo‘yicha ye-polislar taqdim etilayotgan bo‘lsa, 2023 yilga borib barcha sug‘urta shartnomalarini elektron shaklda masofaviy rasmiylashtirishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan choralar ko‘rilmoqda.  
    Albatta, transformatsiya bu keng ko‘lamli jarayon. Jamiyat tomonidan yana qator yo‘nalishlar bo‘yicha ustuvor vazifalarni amalga oshirish belgilab olingan. Xususan, kompaniyaning xalqaro bozordagi mavqeini mustahkamlash va moliyaviy barqarorligini ta’minlash maqsadida Ustav kapitalini 250,0 milliard so‘mga yetkazish, 2021 yil uchun moliyaviy hisobotlarni xalqaro moliyaviy hisobotlar standartlari (IFRS) asosida tayyorlash hamda xalqaro audit xulosasini olish choralari ko‘rilmoqda. Shuningdek, “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi tomonidan berilgan xalqaro reyting darajasini yangilash, biznes va operatsion modelni  takomillashtirish, kompaniyaning xaridlar va boshqaruv tizimini xalqaro auditdan o‘tkazish masalalarini muvaffaqiyatli amalga oshirish bo‘yicha jadal ishlar olib borilmoqda. 
    Ta’kidlash kerak, “O‘zagrosug‘urta” AJ bugungi kunda respublika sug‘urta bozorida xalqaro reytingga ega kam sonli kompaniyalardan biridir. Kompaniyaga ketma-ket uch marta “Fitch Ratings Cis Ltd” xalqaro reyting agentligi tomonidan “BB-” Barqaror reytingi berilgan. Sug‘urta bozorida ushbu mavqeni yaxshilashning asosiy omillaridan biri bu maqbul (optimal) tashkil etilgan qayta sug‘urtalash mexanizmi hisoblanadi.
    Jamiyat mamlakat  sug‘urta bozoridagi 30 ta sug‘urta tashkiloti, 5 ta sug‘urta brokeri, bir qator xorijiy qayta sug‘urtalash brokerlari va sug‘urta kompaniyalari bilan qayta sug‘urta doirasida hamkorlik shartnomalarini imzolagan. Xususan, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining “Hannover Re”, “PartnerRe” hamda  “Swiss Re” qayta sug‘urtalash kopmaniyalari, shuningdek,  “PICC P&C” sug‘urta kompaniyasi hamda Xitoyning “Kunlun Insurance Brokers Co. Ltd” sug‘urta brokeri,  “Challenge Group-Insurance Consultantsand BrokersLimited” qayta sug‘urta brokeri (Rossiya) va Buyuk Britaniyadagi  Lloyd’s sug‘urta bozorining “Concilium Re” sug‘urta brokeri Jamiyatning asosiy hamkori hisoblanadi. Mazkur hamkorlik doirasida kompaniyaning qayta sug‘urta mukofotlari tushumi sezilarli darajada o‘sganini alohida qayd etish joiz.
    O‘z navbatida, qayta sug‘urtalash faoliyatini yanada rivojlantirish uchun Jamiyat 2022 yil davomida sug‘urta va qayta sug‘urta portfelini diversifikatsiyalash, uning himoyalanganlik darajasini oshirish maqsadida hamkor sug‘urta va qayta sug‘urta kompaniyalari hamda brokerlar bilan qayta sug‘urta faoliyatini samarali yo‘lga qo‘ymoqda. Hamkorlikka oid seminar va treninglarda qatnashish orqali esa Jamiyat xodimlarining malakasini oshirish hamda Jahon qayta sug‘urta bozorida kompaniya imidjini yaratish, Osiyo davlatlari qayta sug‘urta bozorini o‘rganish va tahlil qilish natijalari asosida qayta sug‘urta bozoriga kirish choralari ko‘rilmoqda.
    Muxtasar qilib aytganda, sug‘urta tashkilotining nufuzi mijozlar ishonchini oqlash bilan chambarchas bog‘liq. Bu o‘z navbatida, mahalliy va xalqaro bozorda ijobiy imijni mustahkamlashning muhim poydevori hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, zararlarni o‘z vaqtida qoplab berish maqsadida kompaniyani moliyaviy sog‘lomlashtirish hamda sug‘urta da’volarini ko‘rib chiqish tizimini takomillashtirish masalalari transformatsiya jarayonidagi eng asosiy vazifamiz bo‘lib qoladi.

Mirsaid MIRABZALOV, 
Boshqaruv raisining 
birinchi o‘rinbosari