uz

Qishloq Xo‘Jaligi Sug‘Urtasi: Xalqaro Tajriba Nima Deydi?

image

Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi: xalqaro tajriba nima deydi?

    “O‘zagrosug‘urta” AJ Sug‘urta departamenti, qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Abdurashid Vahobovning maqolasi “Qishloq hayoti” gazetasi 27-sonida chop etildi. Maqolada qishloq xo’jaligi sug‘urtasi borasidagi muhim mulohazalar ochiq bayon qilingan. Quyida ushbu maqolani to‘liq o’qishingiz mumkin. 

Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi: xalqaro tajriba nima deydi?

    Agrosanoat kompleksi iqtisodiyotning asosiy tarkibiy qismlaridan biri hisobalanadi. Uning rivojlanishi davlatning oziq-ovqat xavfsizligi va ijtimoiy-iqtisodiy holati darajasini belgilab beradi. Qishloq xo‘jaligi har doim va har qanday mamlakatda yuqori riskli ishlab chiqarish jarayoni sanaladi. Ob-havoning noqulay kelishi, bozorda talab va taklif mutanosibligining yomonlashuvi, raqobatning kuchayishi, transportirovka yoki mahsulotni saqlash harajatlarining oshib ketishi kabi bozor xatarlari qishloq xo‘jaligidagi eng muhim risklardir.

    Ayni paytda Yevropa mamlakatlarida kuzatilayotgan jazirama issiq qurg‘oqchilik va o‘rmon yong‘ilariga sabab bo‘lmoqda. Xususan, mintaqaning janubiy mamlakatlari Ispaniya hamda Portugaliya tabiiy ofatdan ko‘proq aziyat chekmoqda. Ispaniya shaharlari o‘rmon yong‘inlari domida qolgan bo‘lsa, Portugaliyada yog‘ingarchilikning yo‘qligi bois, daryolar sathi keskin tushib ketgan. Aholidan qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish u yoqda tursin, ichimlik suvi sifatida foydalanishda ham tejamkorlikka amal qilish so‘ralmoqda. Ruminiyada kuzatilayotgan qurg‘oqchilik ham ko‘proq agrar tarmoqqa zarba berdi.  Osiyo mintaqasida esa buning aksiga guvoh bo‘lish mumkin. Xususan, Pokistonda kuzatilgan musson yomg‘irlari suv toshqinlarini keltirib chiqardi. Natijada minglab gektar maydondagi qishloq xo‘jaligi ekinlari hosili nobud bo‘lgan.

    Ob-havo noqulayliklari bilan bog‘liq xatarlar qolgan boshqa turdagi xatarlarni keltirib chiqaradi va butun dunyoda qishloq xo‘jaligi sohasining rivojlanishiga to‘siq bo‘luvchi omil sanaladi. Bunday vaziyatdan chiqishning yagona yo‘li bu — qishloq xo‘jaligi xatarlarini sug‘urtalashdir.

    Qishloq xo‘jaligini sug‘urtalash amaliyoti birinchi marta 1750 yilda Frantsiyada joriy etilganligi e’tiborga olinsa, bu borada xalqaro darajada tarixiy tajriba shakllangan, deyish mumkin. Hozirgi vaqtda esa qishloq xo‘jaligi sug‘urtasining eng rivojlangan tizimlari AQSH, Kanada va Ispaniyada, rivojlanayotgan mamlakatlardan – Hindistonda juda taraqqiy etgan. 

    So‘nggi yillar davomida ushbu davlatlar hukumatlari va sug‘urta kompaniyalari tomonidan bir qancha yangi dasturlar ishlab chiqilgan bo‘lib, bu boradagi eng e’tiborli jihat, agrar sohadagi sug‘urtalash xizmatlarining tez sur’atlarda diversifikatsiyalashayotganidir. Jumladan, qishloq xo‘jalik ekinlarini sug‘urtalash, daromadlarni sug‘urtalash hamda daromadlarni barqarorlashtirish bugungi kundagi xalqaro amaliyotda eng keng qo‘llaniladigan sug‘urta dasturlari hisoblanadi.

    Agrar tarmoqdagi xatarlarni boshqarish borasidagi sug‘urta dasturlarini amalga oshirishda AQSH yetakchi hisoblanadi. Mazkur mamlakatda 2017 yilda 551 ta sug‘urta dasturlari joriy etilgan. Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini ishlab chiqarishda fermer xo‘jaliklari deyarli barcha turdagi xavf-xatarlardan to‘liq sug‘urta qilish imkonini beruvchi 123 ta turdagi ob’ektlar (qishloq xo‘jaligi ekinlari va chorva hayvonlari) uchun sug‘urta dasturlari joriy etilgan.

    AQShda MPCI (Multi-Peril Crop Insurance) – qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘urtalash dasturi qishloq xo‘jaligidagi xatarlarni boshqarish va sug‘urtalash tizimining asosi hisoblanadi. Mazkur dastur fermer xo‘jaliklarini ko‘plab turdagi tabiiy ofatlar, jumladan, qurg‘oqchilik, ortiqcha namgarchilik, sovuq urish, kuchli shamol, suv toshqini, do‘l, hashoratlar tomonidan keltirilgan zararlar va kasalliklar hamda boshqa tabiiy talofatlardan himoyalashni ta’minlaydi. Sug‘urta bo‘yicha tovon puli miqdori xatarlar yoki talofatlar ko‘lamidan kelib chiqib, har bir fermer xo‘jaligining o‘rtacha hosildorligiga asoslanadi. Sug‘urtalangan fermer xo‘jaliklariga sug‘urta to‘lovlari hosildorlik yoki daromadning kafolatlangan darajasi kamayib ketgan taqdirda, unga yetmagan qismini to‘lab berish bilan qoplanadi.

    Yevropa Ittifoqida esa hozirgi kunda a’zo mamlakatlar uchun yagona qishloq xo‘jalik siyosati tamoyillari ishlab chiqilmoqda. So‘nggi 5 yil davomida Italiya, Frantsiya, Gretsiya va boshqa davlatlarda agrar tarmoqni sug‘urtalash tizimi faol rivojlandi.

    Qishloq xo‘jalik mahsulotlarini sug‘urtalashda G‘arbiy Yevropa modelining oddiy namunasi Germaniyada rivojlangan. Mamlakatda qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi o‘zaro birlashgan sug‘urta assotsiatsiyalari tomonidan amalga oshiriladi. Bunday assotsiatsiyalar Germaniyada 1797 yildan faoliyat yuritib keladi. Sug‘urtalash faqat bir xatardan – do‘ldan himoya etadi. 

    Mamlakatdagi 60 foizdan ziyod qishloq xo‘jalik ekinlari mazkur xatardan sug‘urtalanadi. Sug‘urtalanuvchi fermerlar mazkur assotsiatsiyalarning a’zosi hisoblanadilar. Ushbu sug‘urta turi xatarlarni boshqarishning kafolatli vositasi sifatida mahalliy fermerlar ishonchini qozongan. 

    Yevropa Iqtifoqining boshqa davlatlariga nisbatan Ispaniyada qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi juda rivojlangan. Chunki Ispaniyada qishloq xo‘jaligi milliy iqtisodiyotning eng muhim tarmog‘i hisoblanadi. Ushbu mamlakatda deyarli barcha turdagi qishloq xo‘jalik xatarlari sug‘urtalanadi. Ko‘p sonli sug‘urta kompaniyalari assotsiatsiyalarga  birlashtirilgan. Ular sug‘urta bo‘yicha talablar va strategiyalarni ishlab chiqishga hamda boshqarishga mas’uldirlar. Tabiiy ofatlar yuz bergan taqdirda fermerlarga davlat tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy yordam ko‘rsatilmaydi. Chunki fermerlar daromadiga ta’sir etuvchi deyarli barcha turdagi xatarlar qishloq xo‘jalik sug‘urtasi orqali to‘liq qamrab olinadi.

    Ayrim davlatlarda qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarga nisbatan majburiy sug‘urta tizimini joriy etishdagi sa’y-harakatlar o‘z samarasini bermagan. Endilikda ko‘plab davlatlarda qishloq xo‘jaligidagi xatarlardan sug‘urtalanish ihtiyoriy tarzda amalga oshirilmoqda. 

    Albatta, agrar tarmoqning rivoji jahonda oziq-ovqat xavfsizligi tobora dozarb ahamiyat kasb etib borayotgan bir paytda juda muhim hisoblanadi. Bu o‘z navbatida sohada xatarlarni sug‘urtalashning ahamiyatini yanada oshiradi. Shuni ham ta’kidlash kerak, bugun mamlakatimiz sug‘urta bozorida qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi rivojlanib borayotgan yo‘nalishlardan biri. Qishloq xo‘jaligi va uning sug‘urtasi ancha ilgarilab ketgan mamlakatlar tajribasi hamda yurtimiz agrar tarmog‘ining o‘ziga xos jihatlaridan kelib chiqib, yangi turdagi sug‘urta mahsulotlarini ishlab chiqish va mazkur yo‘nalishni rivojlantirishni esa davrning o‘zi taqozo etmoqda.  

Axborot xizmati