uz

Ochiqlik Va Shaffoflik Xizmat Ko‘Rsatishning Bosh Mezoni

image

Ochiqlik va shaffoflik xizmat ko‘rsatishning bosh mezoni

    Bugungi iqtisodiy-siyosiy islohotlar davrida ko‘plab sohalarda ilg‘or xalqaro standartlar asosida samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash, xususan davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlash ustuvor yo‘nalishlardan hisoblanadi. 

     “O‘zagrosug‘urta” AJ Boshqaruvida tashkil etilgan o‘quv-seminari Davlatimiz rahbarining “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-154-son farmoni mazmun-mohiyati, uning ijrosini so‘zsiz va samarali ta’minlash masalalariga bag‘ishlandi.  

    Ma’lumki, 2022 yil 1 avgustdan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlari hamda davlat unitar korxonalarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi joriy etildi. 

    Farmonga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini monitoring qilish va baholash metodikasi belgilangan bo‘lib, unga asosan Ochiqlik indeksi «0» balldan «100» ballgacha baholanib, davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati samaradorligi «yashil», «sariq» va «qizil» toifalarga ajratiladi. 

    Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolarning axborotni erkin izlash va olishga doir konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish borasida qator jiddiy va ijobiy qadamlar tashlanmoqda. Misol uchun, 2022 yil 12 yanvardagi “Korruptsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-81-sonli Prezident qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PF-6247-son Farmoni shular jumlasidandir. 

    O‘quv-seminar davomida “O‘zagrosug‘urta” AJ rasmiy veb-saytiga Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxatini shakllantirishda mas’ullarning shaxsiy javobgarligini belgilash va Farmon ijrosiga oid chora-tadbirlar rejasini jamoaviy hamjihatlikda ta’minlash lozimligi haqida ma’lumot berildi.  

    Tadbirda kompaniya tizimida ochiqlik indeksini joriy etish tartibi, baholash mezonlari va indikatorlar haqidagi savollarga javoblar qaytarildi. Shuningdek, kelgusida Farmon ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlarning natijalarini doimiy ravishda muhokama qilib borishga kelishib olindi. 

Axborot xizmati