uz

Qaysi Sug‘Urta Turlariga Ehtiyoj Yuqori?

image

Qaysi sug‘urta turlariga ehtiyoj yuqori?

    Mustaqilligimizning o‘ttiz bir yillik tantanasini nishonlash arafasida turibmiz. Barcha ommaviy axborot vositalarida asosan turli sohalarda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan yutuqlar va ustuvor vazifalar haqidagi materiallar tez-tez e’lon qilinadi. Sir emaski, mamlakatimizda istiqlol bayrami tom ma’noda sarhisob kunidir. Bu borada “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyati faoliyati misolida bir qator ijobiy o‘zgarishlarni ham keltirish mumkin.

    Ma’lumki, Davlatimiz rahbarining farmoniga asosan Jamiyatda trasformatsiya qilish jarayonlari davom etmoqda. Bunda asosiy  e’tibor kompaniya faoliyatini moliyaviy sog‘lomlashtirish, operatsion samaradorlikni rivojlantirish va xalqaro sug‘urta bozoridagi imijini yanada oshirish masalalariga qaratildi.

    Kompaniya faoliyati jahon standartlariga muvofiqlashtirilib, “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligining ketma-ket uchinchi marta “BB-” barqaror reytingiga ega bo‘ldi. Bu reyting xalqaro sug‘urta bozoriga chiqish uchun yo‘llanma vazifasini o‘taydi. Bugungi kunda Jamiyat jahondagi yirik sug‘urta kompaniyalari va qayta sug‘urtalash brokerlari bilan hamkorlik aloqalarini yaxshi yo‘lga qo‘ydi. Misol uchun, Buyuk Britaniyaning “Lloyd’s” sindikati tarkibiga kiruvchi “Consilium RE” qayta sug‘urta brokeri hamda “Rokstone Group Ltd.” kompaniyalari orqali Yevropa, Janubiy va Markaziy Amerika mamlakatlarining, shuningdek, “Moi Insurance Brokers Asia” va “Challenge Group Ltd.” qayta sug‘urta brokerlari yordamida Osiyo mamlakatlarining sug‘urta kompaniyalarini keltirish mumkin. 

    Ko‘rilgan amaliy choralarning natijasi o‘laroq, 2021-yilda Jamiyatga 72,5 milliard so‘m (yoki 6,7 mln AQSH dollar) xalqaro qayta sug‘urta mukofotlari tushumi ta’minlandi.  Joriy  yilda bu boradagi o‘sish prognozi 29 foizdir.

    “O‘zagrosug‘urta” AJ 2022-yilning o‘tgan davrida qariyb 3000 nafarga yaqin mijozlarga sal kam 25 milliard so‘mlik sug‘urta tovonlari to‘lab berdi.  Shu davr mobaynida 400 mindan ortiq sug‘urta shartnomalari rasmiylashtirilib, sal kam 157,5 milliard so‘m sug‘urta mukofotlari ta’minlandi. Ushbu shartnomalar doirasida olib borilgan moliyaviy javobgarlik miqdori esa 50 trillion so‘mdan oshdi. 

    Eng qiziq ma’lumotlarga e’tibor qaratish lozim. Kompaniya tomonidan sug‘urta shartnomalarining qariyb teng yarmi ixtiyoriy sug‘urta turlari bo‘yicha rasmiylashtirilgan. Ularning 92 foizi aholi sug‘urtasi hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu yurtimizda sug‘urta madaniyati, odamlarning sug‘urtaviy savodxonligi tobora oshib borayotganidan darak beradi. 

    Shuningdek, 2022-yil birinchi yarim yillikda eng xaridorgir sug‘urta turlari — majburiy avtosug‘urta 185397 ta, baxtsiz hodisalardan ehtiyot shart sug‘urta 144042 ta, aholi mol-mulkini kompleks sug‘urtasi 25046 ta hamda Imorat sug‘urtasi 10650 ta va Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtasi bo‘yicha 7349 ta shartnoma rasmiylashtirilgan.

    Muxtasar aytganda, aholining sug‘urtaviy himoyasini ta’minlash, xizmat ko‘rsatish sifati va qamrovini kengaytish, yangi zamonaviy sug‘urta mahsulotlarini ishlab chiqish hamda mijozlar ishonchini oqlash kompaniya oldida turgan birlamchi vazifalardan bo‘lib qoladi. 

Axborot xizmati