uz

Sud-Huquq Sohasidagi Islohotlar — Inson Huquqlarini TaʼMinlashning Muhim Omili

image

Sud-huquq sohasidagi islohotlar — inson huquqlarini taʼminlashning muhim omili

Sud-huquq sohasidagi islohotlar — inson huquqlarini taʼminlashning muhim omili

      Istiqlol yillarida mamlakatimizda sud-huquq sohasi isloh etilib, sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlashga qaratilgan huquqiy asoslar yaratildi. Inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ustunligiga asoslangan huquqiy tizim shakllandi.

       Ayniqsa soʻnggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali taʼminlash hamda sudlarning chinakam mustaqilligini taʼminlash boʻyicha izchil ishlar olib borilmoqda.

       Ushbu amalga oshirilgan ishlar natijasida odil sudlov jarayonida inson huquqlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqdi desak mubolagʻa boʻlmaydi.

      Mamlakatimizda barcha soxalarda olib borilayotgan oʻzgarish va isloxotlar, avvalo inson manfaati, uning orzu-umidlari, ezgu niyatlarini roʻyobga chiqarishdek xayrli maqsadga xizmat qilmoqda. Bu inson huquqlari ustuvorligi, har bir shaxsning davlat himoyasida ekanligi toʻgʻrisidagi konstitutsiyaviy prinsiplarini amalga oshirishni kafolatlashga qaratilgan.

      Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-dekabrdagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini taʼminlashga qaratilgan islohotlar 2021-yilda ham izchil davom ettirilishi belgilandi.

      Murojaatnomada muhtaram Prezidentimiz “Adolat bu – davlatchilikning mustahkam poydevoridir. Adolat va qonun ustuvorligini taʼminlashda esa sud hokimiyati hal qiluvchi oʻrinni egallaydi” deb ta'kidladi.

      2021-yildan boshlab joriy etiladigan “bir sud – bir instansiya” tamoyili sud qarorlarining adolatli, qonuniy va barqarorligini taʼminlashda bosh mezon boʻlishi koʻrsatib oʻtildi.

      Mazkur tamoyilning qonunchiligimizga joriy etilishi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 24-iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6034-sonli Farmoni bilan belgilangan edi.

      Farmonga koʻra, sud tizimida 2021-yil 1-yanvardan boshlab quyidagi tashkiliy-tuzilmaviy oʻzgarishlarni amalga oshirish nazarda tutilgan:

      viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari boʻyicha, jinoyat ishlari boʻyicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qatʼiy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari boʻyicha alohida sudlov hayʼatlarini tashkil etgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlari tashkil etiladi;

      maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolatini maʼmuriy sudlardan jinoyat ishlari boʻyicha sudlarga oʻtkaziladi;

      maʼmuriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni koʻrishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo maʼmuriy sudlari tashkil etiladi, shu munosabat bilan tuman (shahar) maʼmuriy sdlari tugatiladi, bunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar maʼmuriy sudlari saqlab qolinadi.

      Shuningdek, “Bir sud – bir instansiya” tamoyili boʻyicha sud ishlarini nazorat tartibida koʻrish institutini tugatish, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular oʻrinbosarlarining sudning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqini bekor qilish, tumanlararo, tuman (shahar) sudlarining qarorlarini viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarning birinchi instansiya sudi sifatida chiqargan qarorlarini esa Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hayʼatlari tomonidan apellyatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish, apellyatsiya tartibida koʻrib chiqilgan sud qarorlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida koʻrib chiqilgan ishlar boʻyicha chiqarilgan sud qarorlarini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular oʻrinbosarlari protestiga koʻra kassatsiya tartibida takroran koʻrib chiqish belgilandi.

      Muhtaram Prezidentimizning “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilish kerak” degan ezgu gʻoyani ilgari surganlari davlat idoralari masʼullarining oʻz masʼuliyatini oshirishga yana bir turtki boʻlib, faqat inson manfaatlariga xizmat qiladigan qonunga boʻysunib va amal qilib, ishlashni talab etayotgani quvonarlidir. Prezidentimiz tomonidan qoʻyilayotgan bunday adolatli talab, oʻz-oʻzidan, har tomonlama yetuk, halol, kasbiga sadoqatli sudyalar korpusini shakllantirishni taqozo etadi.

      Muxtasar qilib aytganda, mazkur islohotlar fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli sud himoyasini taʼminlashga, sudlar faoliyati samaradorligi va nufuzini, odil sudlovga erishish darajasini oshirishga xizmat qilib, aholining sud hokimiyatiga boʻlgan ishonchini yanada oshirishi bilan birga, mamlakatimizda huquqiy davlat barpo qilish hamda rivojlangan mamlakatlar qatoridan joy olishdek eng oliy maqsadga erishishiga xizmat qilishi shubhasiz. Zero mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq sohasidagi islohotlar mazkur sohani xalqaro standartlar asosida takomillashuviga sabab boʻlib, sudlar mustaqilligini chinakam maʼnoda taʼminlashda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

 

 

Xurshid SODIQOV

Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar

Olmazor tumani sudi sudyasi