uz

“O‘Zagrosug‘Urta” Aj: Ochiqlik, Shaffoflik Va Halollik Ko‘Rsatkichlari Ma’Lum Bo‘Ldi

image

“O‘zagrosug‘urta” AJ: ochiqlik, shaffoflik va halollik ko‘rsatkichlari ma’lum bo‘ldi

Jamiyatning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari orqali korrupsiyaviy holatlar oldini olish, kompaniya faoliyati samaradorligini baholash, sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlar yuzasidan so‘rovnoma o‘tkazildi.

Ijtimoiy so‘rovda 1 694 nafar respondent qatnashdi va quyidagilar ma’lum bo‘ldi:
“O‘zagrosug‘urta” AJning o‘zingiz faoliyat olib borayotgan yo‘nalishi yoki Siz, iste’molchi sifatida foydalanadigan asosiy xizmatlarni belgilang – degan savolga 140 nafar iste’molchi tomonidan munosabat bildirildi.

Mazkur savolga ishtirokchilarning 88 nafari majburiy sug‘urta turini qayd etgan bo‘lsa, 25 ta ishtirokchi kredit, garov sug‘urtasini, yana 27 kishi esa boshqa ixtiyoriy sug‘urta turlari belgiladi.

Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, aholi o‘rtasida ixtiyoriy sug‘urta turlarini yanada kengroq targ‘ibot-tashviqot qilish talab etiladi. Chunki ishtirokchilarning aksariyati asosan majburiy sug’urta turlaridan foydalanishmoqda. 

So‘rovnomaning “O‘zagrosug‘urta” AJning faoliyati bilan tanishish maqsadida www.agros.uz veb-saytidan foydalanganmisiz? degan savoliga 189 ta iste’molchi qatnashdi. Ulardan 136 nafari “Ha” va boshqalar esa “Yo‘q” deb javob bergan.

Bunda 53 nafar ishtirokchi rasmiy veb-saytga nisbatan, Jamiyatning ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifalaridan ma’lumot olishni afzal ko‘rishini ma’lum qilgan. Ularni saytdan ko‘proq foydalanishini ta’minlash maqsadida ijtimoiy tarmoqdagi ma’lumotlarning asosiy qismini aynan rasmiy veb-saytga joylashtirish ishlarini davom ettirish kerak.

Shuningdek, “O‘zagrosug‘urta” AJ asosiy ustuvor yo‘nalishi qaysi soha deb bilasiz? – degan savolga 187 kishi qatnashdi.
Qatnashchilarning 125 nafari “Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi”ni, 23 nafar ovoz berganlar “Aholi mol-mulki sug‘urtasi”ni va qolgan 39 ta qatnashchi tomonidan “Majburiy sug‘urta turlari” degan variantni belgilandi.

Jamiyat nomidan anglashiladiki, sug‘urta xizmatlarining asosiy yo‘nalishi qishloq xo‘jaligiga ixsoslashgan. Biroq kompaniyada umumiy sug‘urta tarmog‘ining barcha 17-klass bo‘yicha 140 dan ortiq yo‘nalishda o‘z xizmatlarini taklif etib kelmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, kompaniya qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashmagan universal sug‘urta tashkiloti ekanligini ko‘rsatuvchi turkum media mahsulotlar tayyorlash va ular bilan muntazam ravishda keng jamoatchilikni tanishtirib borish maqsadga muvofiqdir. 

Ushbu so‘rovning “O‘zagrosug‘urta” AJning  www.agros.uz veb-saytidagi axborotlar hajmi va Jamiyatning faoliyatiga oid ma’lumotlar olish imkoniyatini qanday deb baholaysiz? – degan savoliga  157 ta iste’molchi qatnashib, ularning 66 nafari  “O‘rta” va yana 58 nafar ishtirokchi “Yuqori” javobini belgiladi.

Xulosa ijobiy, ya’ni Jamiyat faoliyati xususida ma’lumotlar aksariyat foydalanuvchilarga ma’qul keladi va ular buni “yuqori” baholagan. Bu boradagi ishlarni susaytirmaslik zarur.

Yana bir muhim savol  “O‘zagrosug‘urta” AJda korrupsiya mavjudmi? Mavjud bo‘lsa darajasini ko‘rsating? – degan savol edi. Unga 14 kishi “Mavjud-darajasi past”, 19 kishi "Mavjud-darajasi o‘rta” hamda qolgan 61 nafar qatnashchi “Mavjud emas” degan javoblarni belgiladi.

Ushbu natija kompaniya tizimida raqamlashtirish,  sug‘urta polislarini sotish bilan bog‘liq jarayonlarni onlayn shaklga o‘tkazish va inson omilini kamaytirish borasida ko‘rilgan chora-tadbirlarning amaliy ifodasidir. Xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha ishlarni shu yo‘sinda davom ettirish maqsadga muvofiqdir.

Nihoyat,  “O‘zagrosug‘urta” AJning “ishonch telefoni” bo‘lgan 1186 qisqa raqamiga murojaat qilganmisiz? — deyilgan savol 184 kishiga qiziqish uyg‘otdi. Ulardan 22 nafari “Ha”, ovoz berganlarning 147 nafari “Yo‘q” degan javobni tanladi.
Ko‘rinadiki, Jamiyatning “1186” ishonch raqami orqali boshqa aloqa ma’lumotlariga nisbatan kamroq murojaat kelib tushadi. Bu xizmat ko‘rsatish sifati mijozlarni qanoatlantirishidan dalolat beradi. 

Ijtimoiy so‘rovnomaning ettinchi savoli “O‘zagrosug‘urta” AJ xodimlari tomonidan Siz bilan bo‘lgan munosabatlarda normativ-huquqiy hujjatlarga rioya qilmaslik holatlariga duch kelganmisiz? — deb berilgan. Unga 130 ta respondent ovoz berdi. Shulardan 101 nafari “Yo‘q” deb javob bergan.

Jamiyat tizimida huquqbuzarliklarning oldini olish qaratilgan tushuntirish va profilaktika tadbirlari, mavzuga oid o‘quv-seminarlarini doimiy ravishda tashkil etilishining ijobiy ta’siri desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

“O‘zagrosug‘urta” AJ xodimlarining xatti-harakatlarida korrupsiyaviy holatlar namoyon bo‘lishiga duch kelganmisiz? — degan savolga esa hammasi bo‘lib 169 nafar respondent munosabat bildirgan. Ya’ni 130 kishi “Yo‘q” javobini belgilagan.
Bizningcha, bunday ijobiy natija qo‘shimcha izoh talab qilmaydi.

Shu bilan birga, “O‘zagrosug‘urta” AJ faoliyatida qanday holatda korrupsiya holatlariga duch kelgansiz? – deyilgan savol ham 79 nafar ishtirokchida qiziqish uyg‘otgan. Ularning 22 kishi “Sug‘urta shartnomalarini tuzish jarayonida”, 10 kishi “Surug‘urta hodisasini rasmiylashtirish jarayonida”, 23 kishi esa “Sug‘urta tovon pulini olish jarayonida” hamda qolgan qatnashchilar “Boshqa holatlarda” degan variantlarni belgilashgan.

Respondentlarning javoblaridan ma’lum bo‘ladiki, xizmat ko‘rsatishda korrupsiyaviy alomatlar deyarli mavjud emas. Biroq uni to‘liq bartaraf etish chorasi sifatida xizmat ko‘rsatish turlarini raqamlashtirish, inson omilini kamaytirish borasidagi ishlar jadal davom ettirilishi joiz.

O‘tkazilgan so‘rovning “O‘zagrosug‘urta” AJda korrupsiyaga olib keladigan sabablar nimada? – deya berilgan savolga 106 kishi qatnashdi. Ovoz berganlarning 24 nafari “Sug‘urta shartnomalari shartlari shaffof emasligi”, 33 ta ishtirokchi “Sug‘urta tovon pulini to‘lash jarayonida ma’muriy to‘siqlar mavjudligi” hamda 17 nafar qatnashchi “Normativ-huquqiy va soxaga oid nomativ xujjatlar bir-biriga mos emasligi”ni, shuningdek yana  32 kishi “Boshqa sabablar” degan javobni belgiladi.

Bundan kelib chiqib, sug‘urta tovoni to‘lash jarayonlari mijozlarga qulay, sodda va tez fursatda amalga oshilirishiga erishish kerak, degan xulosa chiqarish mumkin. 

Albatta, respondentlarning takliflari ham so‘rovnomadan joy oldi. Xususan, “O‘zagrosug‘urta” AJda korrupsiya darajasini pasaytirish uchun qanday choralar ko‘rish kerak? – degan savol orqali 98 nafar ishtirokchining taklifi o‘rganildi. Shulardan 28 nafari “Sodir etilishi mumkin bo‘lgan korrupsiyaviy holatlar bo‘yicha profilaktik tadbirlar tashkil etish”, shuningdek 72 kishi fikricha esa “Inson omilini istisno qiladigan axborot texnologiyalarini joriy etish” degan javob variantini ma’qul ko‘rishdi.

Jamiyat tomonidan tashkil etilgan ijtimoiy so‘rov yakunida “O‘zagrosug‘urta” AJ tizimida korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va oldini olish vazifasi yuklatilgan Komplayens nazorat departamenti tashkil qilinganligi to‘g‘risida ma’lumotga egasizmi? – deya berilgan savolda jami 112 nafar mijoz qatnashdi. Ularning 54 kishi “Ha” va 58 kishi “Yo‘q” degan javobni berishdi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Komplayens nazorat departementi tomonidan Jamiyat tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni doimiy ravishda ijtimoiy sahifalar va ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritish maqsadga muvofiqdir.

Jamotchilikning fikrini yanada kengroq o‘rganish maqsadida joriy yilning 15-yanvardan 15-fevralga qadar “O’zagrosug’urta” AJ rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqdagi sahifalari orqali so‘rovnomaning II bosqichi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 
Hurmatli respondentlar, so‘rovnomada faol ishtirok etishingizni so‘rab qolamiz. Unutmang, har bir fikr biz uchun muhim.
Bosh shiorimiz — Har bir mijoz muhim, uning manfaatlari ustuvor!
 

Axborot xizmati