uz

“OʻZagrosugʻUrta” Aj: 2023-Yilda Rahbar Xodimlar Malakasi Rivojlangan Mamlakatlarda Oshiriladi

image

“Oʻzagrosugʻurta” AJ: 2023-yilda rahbar xodimlar malakasi rivojlangan mamlakatlarda oshiriladi

O‘zbekistonda sug‘urta bozorini rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish jozibadorligini oshirish, odamlarning sug‘urtaga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash singari ustuvor vazifalar ijrosi ko‘p jihatdan yetakchi sug‘urtalovchi tashkilotlar faoliyatiga uzviy bog‘liqdir.

“Oʻzagrosugʻurta” aksiyadorlik jamiyati tomonidan so‘nggi yillarda kadrlar salohiyatini oshirishga, kompaniyanining moliyaviy holatini yanada sog‘lomlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Shuningdek, sohada raqamlashtirish jarayoni yanada jadallashtirilmoqda. Birgina 2022-yilning o‘zida mijozlar uchun 20 ta sug‘urta turlari bo‘yicha e-polis xarid qilish, ya’ni sug‘urta shartnomasini onlayn rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi. Bu inson omilisiz, raqamli texnologiyalar orqali xizmat ko‘rsatish bo‘yicha sug‘urta bozoridagi eng yaxshi ko‘rsatkich hisoblanadi. 

Ta’kidlash joizki, raqamlashtirish borasidagi ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida korrupsion holatlarning oldi olinib, tizimda ochiqlik va shaffoflik munosabatlari yanada mustahkamlandi. Jamiyat aktivlari hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sishiga erishildi. Kompaniyaning o‘zaro manfaatli investitsion siyosatiga ham ta’siri ijobiy bo‘ldi. Bu sug‘urta bozoridagi asosiy ko‘rsatkichlar qayd etiladigan ochiq moliyaviy hisobotlarda ham aks etdi.

Sohaning ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqib, Jamiyatda iste’molchilar talablarini tahlil etish, yangi zamonaviy sug‘urta mahsulotlari ishlab chiqish orqali aholi va tadbirkorlik sub’yektlarini sug‘urta xizmatlari bilan qamrab olish hamda sohada raqabatbardosh va malakali kadrlar ulushini oshirish istiqboldagi rejalarning bosh maqsadi hisoblanadi.

Shu maqsadda, joriy yil avvalida Jamiyatning filial boshqaruvchilari hamda boshqa rahbar xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida malaka oshirish o‘quv-mashg‘ulotlarida ishtirok etdi. Maxsus o‘quv kursi mashg‘ulotlari davomida “Zamonaviy boshqaruv” hamda “Boshqaruv mahorati” yo‘nalishlarida mutaxassislarning malaka va ko‘nikmalari oshirildi. 

Aytish joiz, o‘quv jarayoni qisqa ma’ruza va mavzu bo‘yicha muhokama-munozaralar shaklida olib borilmoqda. Trening davomida boshqaruvdagi tizimli muammo va kamchiliklar, rahbarlar faoliyatini natijadorlikka yo‘naltirish, sifat va samaradorlik mezonlarini aniqlash, ko‘rsatkichlarni tahlil qilish, ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasi hamda sohada axborot-tahliliy faoliyatning o‘rni kabi yo‘nalishlarda kerakli ko‘nikmalar o‘rgatildi. Xususan, rahbarning muloqot jarayonida ijobiy imijni shakllantirish, shaxslararo munosabatda hamda jamoatchilik auditoriyasida ijobiy taassurot qoldirish, xodimlarga ish yuklamasini samarali taqsimlash, emotsional toliqish va uning oqibatlarini bartaraf etish, shuningdek murakkab vaziyatlarda muzokara olib borish malakasiga ega bo‘lishdi. 

Bundan tashqari, Jamiyatning hududiy filiallari hamda respublikamiz tuman-shaharlaridagi sug‘urta markazlarida faoliyat yuritayotgan rahbar xodimlarning xorijda malaka oshirishi, ularning eng ilg‘or ko‘nikmalarga ega bo‘lishi uchun amaliy choralar ko‘rilmoqda. Misol uchun, 2022-yilda agrosanoat majmuasini qayta sug‘urtalash va sug‘urta yo‘nalishida tajriba almashish uchun ko‘plab xodimlar London, Ispaniya, Germaniya va Turkiyaga yuborildi.

Jamiyatda kadrlar malakasini rivojlangan mamlakatlarda oshirish 2023-yilda ham jadal davom ettirish ko‘zda tutilgan. 

Shuningdek, 2022-yilning iyun oyidan boshlab “Oʻzagrosugʻurta” AJ Boshqaruvi hamda hududiy filiallar xodimlarining malakasini oshirish uchun moʻljallangan Dastur asosida muntazam ravishda o‘quv mashg‘ulotlari o‘zkazilmoqda. Seminar-treninglar “Sug‘urta da’volari bo‘yicha hujjatlarni ko‘rib chiqishda adolatlilik prinsipini ta’minlash”, “Jamiyatning qayta sugʻurtalash faoliyatini yanada takomillashtirish”, “Qishloq xoʻjaligini sugʻurtalash va uning oʻziga xos xususiyatlari” singari sohaga oid dolzarb mavzular doirasida tashkil etilishi bilan ahamiyatlidir.

Muxtasar aytganda, Prezidentimizning 2023-yil “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”dagi islohotlariga hammohang ravishda “Oʻzagrosugʻurta” AJ tizimidagi kadrlar salohiyatini zamonaviy bilim va ko‘nikmalar asosida yuksaltirish borasidagi chora-tadbirlari, sug‘urtaning ijtimoiy hayotimizdagi ahamiyatini yaxshlash bilan birga uning mamlakat yalpi ichki mahsulotdagi ulushi oshishiga xizmat qiladi.

Axborot xizmati