uz

“O‘Zagrosug‘Urta” Aj: 2022 Yilda Erishilgan Natijalar, Joriy Yildagi Ustuvor Vazifalar

image

“O‘zagrosug‘urta” AJ: 2022 yilda erishilgan natijalar, joriy yildagi ustuvor vazifalar

Mamlakatimizda sug‘urta bozorini rivojlantirish borasida olib borilayotgan islohotlar sug‘urtaning hayotimizda o‘rnini mustahkamlash, iqtisodiyotimizning ajralmas tarkibiy qismiga aylantirish kabi maqsadlarni ko‘zda tutadi. 
Davlatimiz rahbari tomonidan sohani isloh qilish maqsadida ko‘plab qaror va farmonlar qabul qilindi. Xususan, “O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori sug‘urta bozoridagi o‘zgarishlarga turtki bo‘lgan muhim hujjatlardan biridir. 

Ushbu o‘zgarishlar “O‘zagrosug‘urta” aktsiadorlik jamiyatining 2022 yil faoliyatida ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Jumladan, mamlakatdagi yirik sanoat tashkilotlari, tijorat banklari va boshqa ishlab chiqaruvchilar bilan ishonchli hamkorlikni yo‘lga qo‘yilgan. Korporativ mijozlarga asosan mol-mulk sug‘urtasi, garov qo‘yilgan mol-mulkni sug‘urtalash, qurilish tavakkalchiligi sug‘urtasi, avtotransport vositasini komleks sug‘urtalash va umumiy fuqarolik javobgarligini sug‘urtalash kabi yo‘nalishlarda xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Shu o‘rinda, bugungi kunda respublikamiz bo‘ylab Jamiyatning jami 14 ta filiali hamda 191 ta sug‘urta markazlari orqali mijozlarga 100 dan ortiq sug‘urta xizmatlari taklif etib kelinayotganligini alohida qayd etish joiz.

Bevosita, Jamiyat tomonidan sug‘urta faoliyatini amalga oshirish natijasida erishilgan asosiy ko‘rsatkichlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2022 yilda ta’minlangan sug‘urta mukofotlari qariyb 323,3 milliard so‘m bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish 23,8 foiz yoki 62,7 mlrd.so‘m ko‘p sug‘urta mukofotlari ta’minlandi. 

Rasmiylashtirilgan sug‘urta shartnomalari bo‘yicha olingan majburiyat hajmi 119 trillion so‘mdan oshadi, bu esa o‘z navbatida o‘tgan yilga nisbatan 42,8 foizga o‘sish demakdir. Shu davr mobaynida Jamiyat mijozlari bilan jami 995 526 dona sug‘urta shartnomalari tuzilgan bo‘lib, shartnomalarning qariyb 92 foizi yoki 914,6ming donasi Respublika aholisining sog‘lig‘i va mol-mulki uchun ko‘rsatilgan sug‘urta xizmatlariga to‘g‘ri keladi. 

Olingan majburiyatlar doirasida mijozlarimizni manfaatlarini himoya qilish maqsadida qariyb 43,3 mlrd. so‘mlik sug‘urta tovonlari to‘lab berilgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish 22,5 foizni yoki qariyb 8 mlrd.so‘mga ko‘p sug‘urta tovonlarini tashkil etadi.

Raqamlashtirish — Jamiyatning 2022 yildagi muvaffaqiyatli faoliyatiga ijobiy ta’sir etgan muhim omillardan biri bo‘ldi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida 20 ta sug‘urta turlari bo‘yicha onlayn sotuv yo‘lga qo‘yildi. Bu sug‘urta bozoridagi eng yaxshi ko‘rsatkich ekanligini e’tirof etish joiz. “O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan zamonaviy to‘lov tizimlaridan foydalangan holda masofadan turib ya’ni, onlayn tarzda sug‘urta polislarini xarid qilish imkoniyatlari kengaytirish, inson omilisiz xizmat ko‘rsatish borasida istiqboldagi rejalar belgilangan bo‘lib, 2023-yil yakuniga qadar barcha ommaviy sug‘urta xizmatlarini elektron shaklga o‘tkazish izchi davom ettiriladi. 

Jamiyat faoliyatining yana bir muhim yo‘nalishi — vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketayotgan fuqarolarning huquqiy manfaatlarini, ularning sug‘urta himoyasini ta’minlashdir. Prezidentimizning “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila a’zolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari to‘g‘risida”gi Farmoni doirasida bir martalik subsidiya asosida kompleks sug‘urta qilish orqali ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlari olib borilmoqda. Xususan, Rossiya va Qozog‘istondagi jami 20 taga yaqin huquqiy maslahat va axborot markazlari orqali fuqarolarimiz sug‘urtaviy himoyaga olinmoqda. 

Jamiyat tomonidan so‘nggi uch yil mobaynida mingrantlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar tahlil qilinsa, mazkur yo‘nalishda yuqori o‘sishga erishilgani namoyon bo‘ladi. Misol uchun, 2020 yilda 8026 ta, 2021 yilda 36062 dona shartnoma rasmiylashtirilgan bo‘lsa,  2022 yilda 196 489 nafar fuqarolarimiz sug‘urtaviy himoyaga olingan. 
“O‘zagrosug‘urta” AJ O‘zbekiston sug‘urta bozorida yetakchi maqomiga erishishida xalqaro hamkorlikning, xususan qayta sug‘urta yo‘nalishidagi faoliyatning xissasi ulkandir. 

“Fitch Ratings Cis Ltd” xalqaro reyting agentligi tomonidan 2019 yildan buyon “BB-” Barqaror reytingi tasdiqlanganligi Jamiyatning xalqaro qayta sug‘urta bozoriga chiqish imkoniyatini jadallashtirmoqda. Hozirgi kunda xalqaro qayta sug‘urta bozoridagi yirik sug‘urta kompaniyalari va qayta sug‘urtalash brokerlari bilan qayta sug‘urta doirasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilda ham ushbu yo‘nalishdagi ishlarni jadal davom ettirish ustuvor yo‘nalishlardan bo‘lib qoladi. 

Axborot xizmati