uz

Konstitutsiyaviy Islohotlarning Mohiyati Va Ahamiyati

image

Konstitutsiyaviy islohotlarning mohiyati va ahamiyati

“O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2023-yil 20-aprel kuni tizimdagi xodimlar uchun yangilanayotgan Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini yetkazish, kiritilayotgan o‘zgarishlar haqida xabardor qilish maqsadida “Konstitutsiyaviy islohotlarning mohiyati va ahamiyati” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. 

Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi ma’ruza bilan ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, “Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi xalq bo‘lishi kerak” g‘oyasi asosida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha umumhalq muhokamasi o‘tkazilib, jami aholidan uni takomillashtirish bo‘yicha 220 mingdan ziyod takliflar kelib tushgan va ularning har to‘rttasidan bittasi loyihadan joy olgan.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi xalqaro ekspert va mutaxassislar ishtirokida bir necha bor muhokama qilindi, 10 ga yaqin xorijiy va xalqaro ekspertizalardan o‘tkazilib, ular tomonidan ham qo‘llab-quvvatlangan.

Ilk marotaba Konstitutsiyada O‘zbekiston suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekanligi o‘zgarmas qoida sifatida mustahkamlanmoqda. Ushbu qat’iy norma jonajon Vatanimiz mustaqilligini asrab-avaylash va yanada mustahkamlash, “Inson qadri uchun” tamoyiliga asoslangan islohotlarni jadal davom ettirish hamda huquq ustuvorligini ta’minlashga qaratilganligi e’tiborga molik.

Shu bilan birga inson va davlat organlari o‘rtasidagi yuzaga keladigan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy ta’sir choralari qonuniy maqsadga erishish uchun yetarli va mutanosib bo‘lishi kerakligi belgilanmoqda. Ushbu qoidalar inson huquqlari ustuvorligini ta’minlaydi, davlat idoralarining o‘z vazifalarini inson huquqlariga rioya qilgan holda amalga oshirishda mas’uliyatini oshiradi hamda insonga me’yoridan ortiq huquqiy ta’sir choralari qo‘llanilishining oldini oladi.

Bundan tashqari, loyihada “inson-jamiyat-davlat” tamoyili asosida inson huquqlari borasidagi normalar qariyb 3,5 baravarga ko‘paymoqda. Xususan, har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega ekanligi, har bir shaxs yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega ekanligi, ushbu huquqning cheklanishi va turar joyda tintuv o‘tkazishga faqat sud qaroriga asosan yo‘l qo‘yilishi haqida jinoyat protsessida shaxs daxlsizligi kafolatlarini mustahkamlovchi norma kiritilmoqda.

O‘zbekistonni ijtimoiy davlat deb belgilash – bundan buyon davlatning ustuvor siyosati ijtimoiy himoyalanmagan yoki ehtiyojmand qatlamni qo‘llab-quvvatlashga, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy xizmatlar va jamiyatdagi ijtimoiy tengsizlikni yumshatishga qaratilishidan dalolat berishi ta’kidlandi.

Konstitutsiyada davlatning ijtimoiy majburiyatlariga doir normalar uch barobarga oshmoqda, xususan, kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga qator yangi majburiyatlar olishi belgilanmoqda.

Xususan, har bir inson uy-joyli bo‘lish huquqiga ega ekanligi, davlatning uy-joy qurilishini rag‘batlantirish va uy-joyli bo‘lish huquqini amalga oshirish uchun sharoitlar yaratish majburiyati kiritilmoqda. Shu bilan bir qatorda, aholi salomatligini asrash bilan bog‘liq normalar 4 barobar ko‘payganligiga, xususan, ilk marotaba har bir insonning sog‘lig‘ini saqlash huquqi hamda aholining kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlardan foydalanish huquqi Konstitutsiya darajasida e’tirof etilmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada tanlov asosida davlat hisobidan bepul oliy ma’lumot olinishi kafolatlanmoqda. 2017 yilgacha oliygohlarga kirish uchun davlat grantlari soni faqat qisqarib kelganligi, oxirgi olti yilda bu boradagi ahvol butunlay o‘zgarib, grantlar soni 2 baravar ko‘payib, 40 mingtaga yetganini alohida ta’kidlab o‘tildi.

Shu bilan birga, alohida ehtiyojlarga ega bo‘lgan bolalar uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim va tarbiyaning tashkil etilishi, ularni hamma qatori umumiy maktablarda ham o‘qishini yo‘lga qo‘yilishi Yangi O‘zbekistonda inson qadri tamoyilining amaliy ifodasi hisoblanadi.

Loyihada davlat maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi va boshlang‘ich professional ta’lim bepul ekanligi ham belgilanmoqda. Muhokamada so‘nggi olti yilda bolalarning bog‘cha bilan qamrovi 27 foizdan 70 foizga oshgani hamda Konstitutsiyaga kiritilayotgan yangi normalar bu borada yangi marralarga erishish imkonini berishi qayd etildi.

Shuningdek, milliy iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish, mamlakatda investitsiyaviy muhitni yaxshilash hamda mulk himoyasini yanada kuchaytirish sohalariga ham alohida e’bor qaratilib, davlat tomonidan bozor munosabatlarini rivojlantirish, halol raqobat uchun shart-sharoit yaratish, qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini ta’minlash, xususiy mulk daxlsizligini himoya qilishni ta’minlash mexanizmlari belgilanmoqda.

Loyihada inson huquqlari va erkinliklari, bolalar, yoshlar huquqlari, oila masalalariga bag‘ishlangan kafolatlar kuchaytirilmoqda. Xususan, yoshlar, bolalar, ayollar, oila haqida g‘amxo‘rlik qilish davlat va jamiyatning eng muhim vazifasi sifatida muhrlanmoqda. Davlat tomonidan yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy huquqlari himoya qilinishi belgilanmoqda.

Loyihada aholimizning 18 milliondan ortig‘ini tashkil etuvchi yoshlar masalasiga bag‘ishlangan alohida bob kiritilayotgani muhim ahamiyatga ega.

Davlat hokimiyatini tashkil etish asoslari, qonun chiqaruvchi
va ijro etuvchi hokimiyat tarmoqlarining
maqomi, o‘zaro munosabatlari tubdan takomillashmoqda, davlat hokimiyatining oliy organlari o‘rtasidagi balans, muvozanat kuchaytirilmoqda. Parlament vakolatlari kuchaytirilib, Senatning hududiy vakillik palatasi sifatidagi maqomi takomillashtirilmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga sudlar faoliyati mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirish, sudьyalar daxlsizligi va muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmasligi, ularning xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha muhim normalar kiritilayotganligi odil sudlovni to‘liq va mustaqil amalga oshirish uchun muhim kafolat bo‘lishini ta’kidlab o‘tdilar.

Ayniqsa sudlarning faoliyatini moliyalashtirish faqat Davlat byudjetidan amalga oshirilishi va u odil sudlovni to‘liq, mustaqil amalga oshirish imkoniyatini ta’minlashi kerakligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy norma chinakam adolatli va mustaqil sud tizimini shakllantirishga xizmat qiladi.

Tadbirda Konstitutsiyaning yangi tahriri ijtimoiy, demokratik-huquqiy va chinakam xalqparvar davlatchilik asoslarini yaratishi, aholi farovonligini oshirishi, inson huquq va manfaatlari, qadr-qimmatini yanada yuksaltirishi va hayotning barcha sohalarini liberallashtirishda muhim omil bo‘lishi hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida yangi davrni boshlab berishi e’tirof etildi.

Mazkur o‘zgartish va qo‘shimchalar natijasida Konstitutsiyaning moddalari amaldagi 128 tadan 155 taga ko‘payib, normalari hajmi 65 foizga oshdi. Ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalarning soni va mazmuni Konstitutsiyani yangi tahrirda qabul qilish zaruratidan dalolat berishi ta’kidlandi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob berildi hamda 2023-yil 30-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda faol qatnashishga chaqirildi.