uz

Hayit – Ibodat Va Shukrona, Xursandchilik Va Shodlik Kunlaridir

image

Hayit – ibodat va shukrona, xursandchilik va shodlik kunlaridir

Butun dunyo musulmonlari uchun shodlik, barokot, fayz oyi bo‘lgan Ramazon Islom dinining eng katta bayramlardan biri – Iyd al-fitr – Ramazon hayitidir.

Oylarning sultoni bo‘lmish Ramazon – Allohning rahmati va barakoti, fazilat va go‘zalliklarni o‘z ichiga jo aylagan, mehr-muruvvat oyidir. Bu oyda yuraklar yumshab, g‘uborlar ketadigan, jannat eshiklari ochilib, jahannam eshiklari berkitiladigan damlardir. Ushbu muborak kunda ota-onalarimiz, qarindosh-urug‘larimiz, yoru birodarlarimizni ziyorat qilish, bemorlar va ko‘ngli yarim kishilar holidan xabar olish, ularga moddiy va ruhiy tasalli berish ko‘p savobli amallardandir.

Muqaddas oyati karimada ta’kidlanganidek, “Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir”. Biz savobli ishlarni qancha ko‘p qilsak, mehr-oqibat ko‘rsatsak, Yaratgan ham bizdan rozi bo‘ladi, turli balo-ofatlardan, yomonliklardan asraydi, yo‘limizni ochib beradi. Shunday ekan, ushbu muqaddas damlarning qadriga yetib, qilgan amallarimiz faqatgina yaxshilikdan iborat bo‘lsin.

Ramazon xayru saxovat oyidir. Oliyhimmat kishilarimiz bu oyda xayr-ehson amallarini yanada ko‘paytirishdi. Mo‘min-musulmonlar bir-birlariga ko‘mak berdilar, muhtojlarga yordam qo‘lini uzatdilar.

Hayit bayrami kunlari – ibodat va shukrona kunlari, xursandchilik va shodlik kunlaridir. Bu – dunyo va oxirat yaxshiliklari jamlangan ulug‘ kunlar hisoblanadi. Hayit bayramida saylgohlarga chiqish, qavmu-qarindoshlarni ziyorat qilish bilan bu kundagi umumiy xursandchiliklar doirasi kengayadi, ularga sovg‘alar ulashiladigan bo‘lsa o‘zaro mehr-muhabbat rishtalari mustahkamlanib shodu-xurramliklar yanada ziyoda bo‘ladi. Musulmon kishi hayit kunlarida imkon qadar qavmu-qarindoshlarga xususan muhtojlarga xursandchilik ulashishga harakat qilishi maqsadga muvofiq.

“O‘zagrosug‘urta” AJ jamoasi Ramazon hayiti bilan barcha yurtdoshlarimizni muborakbod etadi.