uz

“OʻZagrosugʻUrta” Aj Xodimlari Chexiyada

image

“Oʻzagrosugʻurta” AJ xodimlari Chexiyada

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 avgustdagi PQ-4412-sonli qaroriga asosan “O‘zagrosug‘urta” AJ Boshqaruvi raisining tashabbusi bilan sug‘urta sohasi bo‘yicha xorij tajribasini o‘rganish, malaka oshirish va shu orqali mamlakatimizdagi sug‘urta bozorining rivojiga hissa qo‘shish maqsadida Jamiyat tizimidagi bir guruh xodimlar joriy yilning 15-24 may kunlari Chexiya Respublikasida o‘tkazilayotgan “Sug‘urta mahsulotlarini sotishni boshqarish” mavzusidagi o‘quv-amaliy kursida ishtirok etishmoqda.

Mazkur o‘quv-kursi mashg‘ulotlarini Yevropa amaliy fanlar va menejment instituti professor-o‘qituvchilari hamda Chexiya Respublikasidagi yetakchi sug‘urta kompaniyalarining malakali mutaxassislari olib borishmoqda.  

Shu bilan birga, Chexiya sug‘urta kompaniyalarining amaliyoti va tajribalari bilan yaqindan tanishish rejalashtirilgan.  

Ma’lumki, rivojlangan davlatlar, ayniqsa Yevropa aholisi sug‘urtasiz hayotini tasavvur qila olmaydilar, sug‘urta turmush tarzining ajralmas bir qismiga aylangan. Bunga sabab ular yaqinlari, oilasi yoki o‘zining hayoti, sog‘lig‘i, qimmatbaho mol-mulki, biznesidan va boshqa narsalaridan turli tabiiy hodisa yoki fors major holati oqibatida ularni kutilmaganda yo‘qotishi, ajralishi, moddiy va ma’naviy zarar ko‘rishi mumkinligini bilishadi. Ana shunday vaziyatlarda sug‘urtalanganligi tufayli bu mushkul vaziyatdan talafotlarsiz chiqib ketishadi.  

O‘tkazilayotgan o‘quv-amaliy kursida xorijda faoliyat yuritayotgan sug‘urta kompaniyalarining mazkur va boshqa ijobiy taraflarini o‘rganish, xorij tajribasi ya’ni sug‘urta sohasini shu kunga yetib kelgunga qadar qanday “yo‘lni” bosib o‘tganligi, buning uchun nimalarga e’tibor berilganligi bo‘yicha malaka oshirish maqsad qilingan.  

Aytish joiz, joriy yilning mart oyida ham tizimdagi 16 nafar rahbar xodim Chexiya Respublikasida sug‘urtaga oid bilim, ko‘nikma va malakalarini oshirganligi bo‘yicha “Chakana savdo segmentida sug‘urta xizmatlarini amalga oshirishda Chexiya sug‘urta kompaniyalarining innovatsion usullari” yo‘nalishida sertifikatlarga ega bo‘lishgan.  

Xulosa o‘rnida, sug‘urta bozori rivojlangan shu kabi xorijiy davlatlarda malaka oshirish bo‘yicha loyihalar mamlakatimizdagi kadrlar salohiyatini yanada oshirishga, ulardagi ilg‘or tajribalarni yurtimizda qo‘llanilishida zamin yaratadi, shuningdek tegishli soha vakillarining ish faoliyatida yuksak natijalarga erishishida turki bo‘lishi shubhasizdir.