uz

Bugun Millatimizning Ulug‘ Siymosi, O‘Zbek Tilining Asoschisi Hazrat Mir-Alisher Navoiy Tavallud Kuni.

image

Bugun millatimizning ulug‘ siymosi, o‘zbek tilining asoschisi hazrat Mir-Alisher Navoiy tavallud kuni.

    Buyuk shoir va mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi Alisher Navoiyning bebaho ijodiy-ilmiy merosi nafaqat xalqimiz, balki jahon adabiyoti tarixida, milliy madaniyatimiz va adabiy-estetik tafakkurimiz rivojida alohida o‘rin tutadi. Ulug‘ shoir o‘zining she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalarni, ona tilimizning beqiyos so‘z boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam o‘rin egalladi.

    So‘nggi yillarda Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, uning o‘lmas asarlarini yurtimizda va xorijiy mamlakatlarda keng targ‘ib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

    Davlatimiz rahbarining 2020 yil 19 oktyabrdagi “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorining qabul qilinishi buyuk shoirga ehtiromning namunasidir.

    Mazkur qarorda Afg‘oniston Islom Respublikasining Hirot shahridagi Alisher Navoiyning maqbarasi majmuasida qurilish va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish singari tarixiy ahamiyatga ega masalalar qayd etilganligi tahsinga sazovordir.

    Bundan tashqari, bugungi kunda mamlakatimizda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida Alisher Navoiyning bezavol adabiy merosi misolida o‘zbek adabiyoti va madaniyatini chuqur o‘rganish va ommalashtirish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

    Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘zbek tili mutaxassislari, tarjimonlarni jalb etgan holda Alisher Navoiyning asarlarini chet tillarga tarjima qilish, nashr etish va xorijiy mamlakatlarda taqdimotlarini o‘tkazishga e’tibor qaratilayotganligi hazratning, nafaqat O‘zbekiston, balki dunyo tamaddunidagi o‘rni beqiyosligidan darak beradi.

    Navoiy yoshlik chog‘ida Farididdin Attorning «Mantiqut-tayr» asarini yod olib, 7-8 yoshlaridan boshlab g‘azallar yoza boshlagan.

    Ulug‘ bobokolonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur «Turkiy til bila to she’r aytibdurlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘b aytqon emas», — deb yozsa, Husayn Boyqaro «Mir Alisher turk tilining o‘lik jasadig‘a Masih nafasi ila jon ato etdi» deb e’tirof etganlar.  

    Alisher Navoiy o‘zining o‘zbek tilida yozgan she’rlaridan iborat ilk devoni — «Badoe’ ul-bidoya» («Badiiylik ibtidosi»)ni tuzdi. Bunga qadar bunday mukammal devonni tuzish Navoiygacha kamdan-kam o‘zbek shoiriga nasib bo‘lgan.

    Uning besh dostondan iborat «Hamsa» asari o‘zbek adabiyoti shuhratini olamga yoyib, jahonning noyob durdonalaridan biriga aylandi.

    Navoiyning nafaqat shoir sifatida, balki davlat arbobi sifatida qilgan ishlari e’tirofga  sazovordir.

    Alisher Navoiy Bosh vazir bo‘lgan davrida madaniyat va san’atning chinakam homiysi sifatida taniladi. Uning faoliyatida ijtimoiy-siyosiy masalalarni to‘g‘ri hal etishga intilish, jamiyatdagi barcha ijtimoiy qatlamlarga, barcha qavmlarga bir xil munosabatda bo‘lish, hech qaysi birini kamsitmaslik, hammaning manfaatiga barobar xizmat qiladigan jamoat binolarini qurishga alohida e’tibor berilgan.

    Tarixchi Xondamirning qayd qilishicha, Alisher Navoiy o‘z mablag‘lari hisobidan Hirot va mamlakatning boshqa shaharlarida bir nechta madrasa, 40 ta rabot, 17 ta masjid, 10 ta xonaqoh,    9 ta ko‘prik, shuningdek, 9 ta hammom va yigirmaga yaqin hovuz qurgan yoki ta’mirlattirgan.

    Muhtasar aytganda, O‘zbekiston Respublikasida Navoiy hazratlariga cheksiz hurmat-ehtirom ko‘rsatiladi. Viloyat, shahar, ko‘cha, teatr, kino saroyi, universitet, kutibxona, metro bekati va boshqa muhim infratuzilmaviy ob’ektlar ushbu shaxs nomi bilan ataladi.

***

Dilbar erur tengsiz jahonda,

Erur anga hamma xushtoru banda.

Tengsiz xushtori shaydosiman manam,

Jahonda banda manam anga.

“O‘zagrosug‘urta” AJ
Axborot xizmati