uz

Davlat Boshqaruvi Akademiyasi Bilan Memorandum Imzolandi

image

Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan memorandum imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi va “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyati o‘rtasida kadrlar malakasini oshirish, ta'lim va tadqiqotlar sohasida o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha memorandum imzolandi. 

Memorandumga ko‘ra, tomonlar qonunchilik doirasida o‘zaro tashrif va muloqotlarni, tajriba va fikr almashuvlarni qo‘llab-quvvatlash, barqaror hamkorlik mexanizmi va doimiy aloqalar natijasida birgalikdagi qo‘shma sa'y-harakatlarni amalga oshiradilar. 

O‘zaro hamkorlik doirasida “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyati kadrlarini Davlat boshqaruvi akademiyasida malakasini oshirishi doimiy ravishda yo‘lga qo‘yiladi. Xususan, kadrlarni o‘qitishda davlat, xo‘jalik va jamiyat boshqaruvi, psixologiya, axborot-kommunikasiya texnologiyalari va “elektron hukumat” tizimlari sohasida mustahkam bilimlar berish, boshqaruvning huquqiy asoslari va zamonaviy usullari, tashabbuskorlik va yetakchilik xislatlarini shakllantirish, shuningdek, tizimli tahlil qilish va strategik rejalashtirish, noodatiy sharoitlarda qarorlar qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirish kabi jihatlarga alohida e'tibor qaratiladi. 

Birgalikda kadrlar siyosati samaradorligini oshirish, davlat xizmatini isloh qilish sohasidagi xalqaro tajribani o‘rganish va shu asosda respublikada boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqiladi. Hamkorlik doirasida ilmiy, o‘quv va ma'naviy tadbirlar, konferensiyalar, davra suhbatlari, o‘quv-seminarlar, shuningdek, akademiya tinglovchilarining jamiyatda amaliyot o‘tashi tashkil etib boriladi.

 

“O‘zagrosug‘urta” AJ
Axborot xizmati