uz

Nega Ishonchsizlik Yuqori? Sug‘Urta Bizga Nima Beradi?

image

Nega ishonchsizlik yuqori? Sug‘urta bizga nima beradi?

    Iste’molchilarda “sug‘urtaning afzalliklari nimada?” degan savol tug‘ilishi tabiiy hol. Bunday himoyaning asosiy maqsadi sug‘urta hodisalari sifatida talqin qilinadigan ba’zi salbiy hodisalar oqibatida yuzaga kelgan zarar o‘rnini qoplashdir.

    Bugun sug‘urta kompaniyalari bu kabi vazifani qay darajada eplay olmoqda? Nega odamlarda sug‘urta xizmatlariga nisbatan ishonchsizlik yuqori?

    “Qars ikki qo‘ldan chiqadi” deganlaridek, sug‘urtalanuvchi tomonning yuzaki yondashuvi ham ko‘p hollarda pand beradigan omillardan sanaladi. Ya’ni, sug‘urtaning u yoki bu turini rasmiylashtirish chog‘ida sug‘urtalanuvchi shartnomaning shartlari bilan batafsil tanishib chiqmaydi. Bu tanganing bir tomoni. Tanganing ikkinchi tomoni ya’ni, sug‘urtalovchining aybi esa sug‘urta haqida yetarli darajada targ‘ibotni yo‘lga qo‘ymaganidadir.

    Gap shundaki, sug‘urta polisi - bu sug‘urtalanayotgan, sug‘urtalangan va sug‘urta kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan, har ikki tomon uchun ham majburiy bo‘lgan qoidalarni o‘z ichiga olgan shartnoma. Shu sababli, tomonlarning huquqlari va majburiyatlarini o‘rganish uchun sug‘urta polisi va uning qo‘shimchalari diqqat bilan o‘qilishi kerak.

     Sug‘urtani rasmiylashtirish chog‘ida sug‘urtaning umumiy shartlariga e’tibor qaratish lozim bo‘ladi. Masalan sug‘urtalashning umumiy shartlari mavjud. Unda asosiy mavzular bilan bog‘liq qoidalarni tushuntiruvchi normalar, ya’ni sug‘urta shartnomasida sug‘urta qilingan holatlar va ushbu sug‘urta doirasidan tashqaridagi holatlar, sug‘urta kompaniyasi va sug‘urta qildiruvchilarning majburiyatlari aks etadi.

     Belgilangan umumiy shartlar, sotib olingan mahsulot haqida batafsil ma’lumot olish, kelajakda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni kamaytirish uchun sug‘urta qildiruvchi tomonidan sinchiklab o‘rganilishi kerak.

    Aksariyat hollarda sug‘urta hodisasi ro‘y berganidan so‘ng sug‘urta tovoni olish maqsadida qilingan muojaatlar qondrilmaydi. Sababi hodisa sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilgan shartlarga to‘g‘ri kelmaydi. Masalan, kimdir mol-mulkiga yetadigan zarardan himoyalash maqsadida sug‘urta qildiradi. Sug‘urta polisida tabiiy ofatlar, ya’ni kuchli shamol, sel, do‘l, zilzila kabi hodisalar sug‘urta hodisasi sifatida ko‘rsatiladi. Ammo mol-mulkka texnogen ofat natijasida zarar yetsa ham “men sug‘urta qildirganman” deya, sug‘urta tovoni to‘lab berishni so‘raydi.

     Yana bir holat borki, u ham bo‘lsa odamlarda sug‘urta xizmatlariga nisbatan ishonchsizlikning ortishiga sabab bo‘ladi. Bu yon-atrofdagilarning gap-so‘zlari asosida fikr yuritishdir. Masalan, yuqoridagi holatda sug‘urta tovoni olmagan sug‘urtalanuvchi “men mol-mulkimni sug‘urtalatgan edim, ammo sug‘urta kompaniyasi turli bahonalar bilan sug‘urta tovonini to‘lab bermadi. Bularning barchasi firibgar”, deya holat yuzasidan atrofdagilarga o‘z fikrlarini bildiradi. Buni eshitgan lekin masalaning asl mohiyatiga yetmagan kishilarda sug‘urtga bo‘lgan ishonch yo‘qoladi. Bunday holatlar “O‘zagrosug‘urta” AJ faoliyatida ham tez-tez kuzatiladi.

     Shuni ta’kidlash joizki, mulkiy sug‘urta shartnomasiga muvofiq sug‘urta tashkiloti shartnoma doirasida sug‘urta qildiruvchi to‘lagan haq evaziga shartnomada kelishilgan shartlar bo‘yicha uning mol-mulkini himoyaga oladi. Ya’ni, salbiy hodisa natijasida yetgan zararni qoplab beradi.

  • “O‘zagrosug‘urta” AJ
  • Axborot xizmati