uz

"Uzinsurance": Har Bir Murojaat E'Tiborda

image

"UZINSURANCE": har bir murojaat e'tiborda

    “O‘zagrosug‘urta” aktsiyadorlik jamiyatiga kelib tushayotgan murojaatlar, ularni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va ilgari surilgan masalalarni hal qilish holati xususida brifing o‘tkazildi.

    “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyati aholi vakillari tomonidan kelib tushayotgan murojaatlar, ularni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va ilgari surilgan masalalarni hal qilish borasida qator ishlar amalga oshirildi.   

    Prezidentimizning “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni asosida ayni paytda transformatsiya jarayonlari davom etmoqda.

    Transformatsiya doirasida Jamiyatda rebrending o‘tkazilib, bundan buyon kompaniya “UZINSURANCE”: tovar va xizmat ko‘rsatish belgisi ostida faoliyat olib boradi.

    Kompaniya faoliyatini isloh etishda asosiy urg‘u "Har bir mijoz muhim, uning manfaatlari ustuvor" tamoyiliga qaratilganligini alohida ta’kidlash joiz. Iste’molchilar manfaatini himoya qilishda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash xizmat ko‘rsatishning bosh mezoni qilib belgilangan.

    Bevosita murojaatlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2021 yilning shu davriga qadar kompaniyaga 4899 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 3249 tasi  qanoatlantirildi, 1531 ta murojaatchi bilan tushuntirish ishlari olib borildi va 73 ta murojaatga rad javobi berilgan. Shuningdek, 37 ta murojaat o‘rganish jarayonida bo‘lsa, yana 9 ta murojaat tegishliligi bo‘yicha boshqa tashkilotlarga yuborilgan.

    Ta’kidlash lozim, ularning aksariyati sug‘urta tovonlarini to‘lab berish bilan bog‘liqdir. 2021 yilning 1 avgust holatiga to‘lov masalasidagi jami murojaatlar soni 4834 tani tashkil etadi.  Shundan 4102 tasiga sug‘urta tovoni to‘lab berilgan bo‘lsa, 443 tasi rad etilgan. Bu sug‘urta hodisalarining tasdiqlanmagani bilan izohlanadi.

    Shuningdek, 289 ta holatda sug‘urta tovonlari to‘lanmay qolgan. Bu to‘lovlar amalga oshirilmaydi degani emas, albatta. Sug‘urta hodisasi — tan olingan hisoblanadi. To‘lanmay qolishining ob’ektiv hamda sub’ektiv sabablari bo‘lishi mumkin. Masalan, sug‘urta hodisasini tasdiqlovchi hujjatlar to‘liq taqdim etilmaganda to‘lovlar kechikishi — amaliyotda ko‘p kuzatiladi. Ayni paytda hattoki, kompaniya mutaxassislari mijozlarga kerakli hujjatlarni to‘plashda ko‘maklashayotganini e’tirof etish lozim.  

    Bevosita to‘lov summalariga keladigan bo‘lsak, mijozlarga jami 21  millard so‘m sug‘urta qoplamalari to‘lab berildi.

    Shundan 9 milliard so‘mlik to‘lovlar majburiy sug‘urta turlariga to‘g‘ri keladi. Qishloq xo‘jaligini sug‘urtalashda jami 4,5 milliard so‘mlik sug‘urta qoplamalari amalga oshirilgan bo‘lsa,  sug‘urtaning boshqa turlari bo‘yicha 8 mlrd. so‘mdan ortiq zararlar qoplab berildi. 

    Kompaniya pochta manzili yoki ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimiz orqali yo‘llangan ayrim murojaatlarga to‘xtalsak. Murojaatlar orasida  sug‘urta bilan bog‘liq, aholini o‘ylatirayotgan savollar ham mavjud. Ulardan eng dolzarb 2 tasini misol tariqasida keltirib o‘tamiz:  

1. Elektron polis sotib olgan edim. Biroq Yo‘l patrul xizmati xodimlari sug‘urtaning qog‘oz shaklini talab qilishayapti. Shu to‘g‘rimi?

Javob: Elektron polis rasmiylashtirgan fuqarolardan uning qog‘oz shaklini talab qilish — amaldagi qonun hujjatlariga zid. Prezidentimizning 4412-son qarorida 2020 yil 1 yanvardan sug‘urtaning ayrim turlari bo‘yicha elektron polislarni qog‘oz shaklidagi sug‘urta shartnomalariga tenglashtirish to‘g‘risida vazifalar belgilangan. Qolaversa, shu yilning 3 may kuni Yo‘l harakati xavsizligi bosh boshqarmasi tomonidan Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligiga DYHXXning barcha quyi tizmlariga elektron polislar haqida tegishli topshiriqlar berilganligi haqida rasman ma’lum qilingan.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 14 dekabrdagi 780-son qaroriga asosan Ye-polis qog‘oz shaklidagi shartnomaga (polisga) tenglashtirilgan.  

2. Hozirgi kunda turli mish-mishlar tufayli odamlar koronavirusga qarshi emlanishga ikkilanmoqda. Vaktsinaning salbiy oqibatlaridan himoyalashga qaratilgan sug‘urta xizmati bormi?

Javob: Kompaniyamiz tomonidan bozorda birinchilardan bo‘lib, vaktsina qabul qilgan shaxsnining mehnat qobiliyatini yo‘qotishi yoki vafot etish holatlaridan sug‘urta qilish mahsuloti ishlab chiqilgan. Sug‘urta polisining qiymati  atigi 5 va10 ming so‘m bo‘lib, bunda sug‘urta javobgarligi 25 va 50 mln so‘mni tashkil etadi. Sug‘urta shartnomasini rasmiylashtirish uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjat, vaktsitsina olish jarayoni bilan bog‘liq ma’lumotlar talab etiladi.

    Ushbu murojaatlar uchun fuqarolarimizga minnatdorchilik bildiramiz. Bu ham bo‘lsa, ularning sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan ishonchi va qiziqishidan dalolat beradi.

Axborot xizmati