uz

Shartnomani Qunt Bilan O‘Qing, Yo‘Qsa...

image

Shartnomani qunt bilan o‘qing, yo‘qsa...

    Sug‘urta xizmatlari turli xil moliyaviy xatarlardan himoya qiluvchi vositalardan biri ekani barchamizga yaxshi ma’lum. Mamlakatimizda bozor iqtisodiyotining rivojlanishi bilan sug‘urta sohasi ham raqobat muhitiga transformatsiyalashdi, ya’ni sug‘urta xizmatlari ko‘rsatadigan kompaniyalar soni ortishi bilan bir vaqtda sug‘urta turlari va ular doirasida tuziladigan shartnomalar shartlari shaffoflashib bordi.  Ayni paytdan sug‘urta kompaniyalari tomonidan yuzdan ortiq sug‘urta turlari doirasida xizmatlar taklif qilib kelinmoqda. Bu jarayonda “ko‘rsatilayotgan sug‘urta xizmatlari iste’molchilar huquqlarini qay darajada ta’minlagan?” yoki "shartnoma shartlari shaffofmi?" degan xaqli savollar tug‘iladi. Bu savollarga sug‘urta shartnomasi bilan tanishib chiqish orqali javob topish mumkin.

    Sug‘urta shartnomasi boshqa xo‘jalik shartnomalari kabi ikki tomon, ya’ni sug‘urta qildiruvchi va sug‘urtalovchi o‘rtasida sug‘urta agenti yoki broker vositachiligi yoki ularning vositachiligisiz tuzilgan va u bo‘yicha sug‘urtalovchi olingan javobgarlik doirasida zararni qoplab berish yoki sug‘urta summasini sug‘urta qildiruvchiga (yoki naf oluvchiga) to‘lab berish, sug‘urta qildiruvchi esa sug‘urta mukofoti (xizmat haqqi) ni kelishilgan miqdorda va muddatda to‘lab berish majburiyatini olganligini belgilovchi shartnoma hisoblanadi. Sodda qilib aytganda bu ikki tomon o‘rtasidagi oldi-sotdi shartnomasidir.

    Sug‘urtalash aksariyat mamlakatlar iqtisodiyotining muhim sohalaridan biriga, aniqroq aytadigan bo‘lsak aholi va biznesga yetishi mumkin bo‘lgan yo‘qotishlar va zararlarni qoplashning moddiy manbaiga aylandi.

    O‘zbekistonda ham sug‘urta xizmatlari himoya vositasiga aylana oldimi? Shartnomada ko‘rsatligan shartlar adolatlimi?

    Biz yuqorida sug‘urta shartnomasiga  bejizga urg‘u bermadik. Aksariyat hollarda sug‘urta qildiruvchilar shartnomaning shartlari bilan sinchkovlik bilan tanishib chiqmaydi. Masalan, mol-mulkini sug‘urta qildirgan kishi mulkiga zarar yetganidan so‘ng sug‘urta tovonini olish uchun sug‘urtalovchiga murojaat qiladi. Lekin, tovonni shartnomada ko‘rsatilgan muddatlarda ololmaydi yoki unga tovon to‘lash rad etiladi. Buning asosiy sabalari bo‘lib, zararning shartnomada ko‘rsatilmagan xodisalar oqibatida yuz berishi, sug‘urta qildiruvchilarning shartnoma shartlari doirasida majburiyatlarini to‘liq yoki lozim darajada bajarmasligi jumladan, sug‘urta xodisasi ro‘y berganda sug‘urtalovchini o‘z vaqtida ogohlantirmasligi, yoki sug‘urtalovchining roziligisiz zararni uchinchi shaxslar tomonidan qoplanishidir.

    Aslida qanday bo‘lishi lozim?

   Bugungi kunda aholiga sifatli xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlash, eng muhimi, bu borada ijtimoiy adolat tamoyillariga rioya qilinishi bugungi kunning dolzarb masalasidir.  Shu ma’noda, iste’molchi manfaatlarida ustuvorlik kasb etishi lozim.    

   Yana bir muhim jihat sug‘urta shartnomasida ko‘rsatiladigan, ikkala tomonning roziligi bilan kelishiladigan shartlarning aniq va tushunarli bayon etilishidir.

    Sug‘urta shartnomasida alohida etibor berilishi lozim bo‘lgan shartlar qatoriga sug‘urta hodisalari va istisnolari, muddatlar, sug‘urta majburiyati va mukofotining aniq miqdorlari hamda aksariyat holatlarda franshiza deb nomlangan shartning mavjudligini kiritish mumkin. Shu o‘rinda aytish joiz, sizda "franshiza o‘zi nima?" degan o‘rinli savol tug‘iladi. Siz franshizani bilasizmi? U nimaga kerak?

    Franshiza - bu sug‘urta shartnomasida ma’lum miqdorda yoki foizlarda ko‘rsatiladigan va ko‘rilgan zararning sug‘urtalovchi tomonidan qoplab berilmaydigan qismiga tushuniladi. Franshiza sug‘urtalanuvchi zararni qoplashdagi shaxsiy ishtirokining shakli bo‘lib, odatda, mayda zararlarni bartaraf etish bilan bog‘liq xarajatlarning oldini olishda qo‘llaniladi ya’ni, ayrim hollarda sug‘urta qildiruvchi tomonidan ko‘rilgan zararni aniqlash, o‘rganish va belgilash bilan bog‘liq qilinadigan xarajatlar ko‘rilgan zarar miqdoridan ham ortib ketishi mumkin. Aniqroq aytsak, sug‘urta qildiruvchi 100 so‘m zararni qoplanishi uchun 130 so‘m xarajat qilishiga to‘g‘ri keladi. Shu kabi holatlarda istalmagan xarajatlarni amalga oshirish, qimmatli vaqtning yo‘qotilishi va ortiqcha qog‘ozbozliklarni oldini olish maqsadida Franshiza o‘rnatiladi. Franshizaning o‘rnatilishi sug‘urta qildiruvchi tomonidan to‘lanadigan xizmat haqqini ma’lum miqdorda arzonlashtiradi.

   Xo‘sh, sizning shartnomangizda franshiza bormi? Sug‘urta kompaniyangiz sizni u haqida ogohlantirganmi? Shartnomangizni yana bir qayta o‘qib ko‘ring!

“O‘zagrosug‘urta AJ”

Axborot xizmati