uz

Qayta Sug‘Urtadan Kimga Naf?

image

QAYTA SUG‘URTADAN KIMGA NAF?

 Sug‘urta xizmatlari iqtisodiyotning barqarorligi hamda aholi ijtimoiy himoyasining muhim omillaridan biri bo‘lib, rivojlangan mamlakatlarda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va iqtisodiy o‘sishning asosiy omili sifatida amal qilmoqda.

    Ayni paytda mamlakatimizda ham sohani rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini jahon andozalari darajasiga yetkazish yuzasidan qator choralar ko‘rilmoqda. Bunda albatta, qayta sug‘urtaning o‘rni beqiyos. Umuman olganda qayta sug‘urta faoliyati sug‘urta biznesining muhim yo‘nalishi bo‘lib, sug‘urta kompaniyasining asosiy daromad manbalaridan biri hisoblanadi.

Qayta sug‘urtalash tarixi

    Qayta sug‘urtalash tarixiga nazar solsak, ilk  yuridik  kuchga  ega  qayta  sug‘urtalash shartnomasi 1370 yilda Genuyada tuzilgan. Mazkur shartnomada ikki savdogar Genuyadan  Bryuggega dengiz orqali jo‘natilayotgan tovarlarni sug‘urtalagan shaxsning qayta  sug‘urtalanganligi qayd etilgan. XVI asrning oxiriga kelib savdogar-sug‘urtalovchilar sug‘urtalangan risklarni muayyan ulushlarda o‘zaro taqsimlash (qayta sug‘urtalash) shartnomalari tuzila boshladi. Keyinchalik qayta sug‘urtalash alohida faoliyat turiga aylanib keng rivojlandi. Qayta sug‘urtalashni amalga oshiruvchi ilk sug‘urta tashkiloti, ya’ni «Kyoln qayta sug‘urtalash jamiyati» 1846 yilda tashkil topdi. Uning o‘ziga xos xususiyati faqatgina qayta sug‘urtalashga ixtisoslashganligidir.

Qayta sug‘urtalashning ahamiyati

  Qayta sug‘artalashda olingan majburiyat yoki uning bir qismi ikkinchi tashkilotga o‘tkazish orqali risklarni boshqarish nazarda tutiladi. Sodda aytganda, ushbu faoliyat turi bo‘yicha sug‘urtalovchi kompaniyaning foyda olish mazmuni o‘zgarmaydi. Ya’ni, to‘langan qayta sug‘urta mukofotlari evaziga majburiyat olinadi va javobgarlik olib boriladi.

    Shuningdek, qayta sug‘urta bilan ichki va tashqi bozorda faoliyat olib borish mumkin. Xalqaro bozorda xizmat ko‘rsatish uchun ma’lum talab va standartlarga ega bo‘lish lozim. Xususan, kompaniyaning moliyaviy barqarorligi va boshqa ko‘rsatkichlari zarur mezonlarga mos bo‘lishi va uni tasqidiqlovchi xalqaro reytinglarga ega bo‘lishi talab etiladi.  Ushbu faoliyat turidan samarali foydalanish va daromadlilik rentabelligini oshirish masalasi qayta sug‘urtalovchilarning bilim va malakalariga bevosita bog‘liq. Qayta sug‘urta risklarini to‘g‘ri baholay olish esa foyda ko‘rish ehtimolligini oshiradi.

O‘zbekistonda qayta sug‘urta faoliyatining o‘rni va rivojlanish darajasi

     Ayni paytda bozorda 41 ta sug‘urta tashkiloti faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ulardan 33 tasi umumiy sug‘urta tarmog‘ida, 8 tasi hayot sug‘urtasi faoliyati bilan shug‘ullanmoqda. Shundan 15 ga yaqin kompaniya qayta sug‘urtalash faoliyatini yuritish imkoniyatiga ega. Biroq, milliy sug‘urta bozorida atigi 5 ta sug‘urta kompaniyasi xalqaro miqyosda qayta sug‘urta biznesi bilan shug‘ullanadi.

Mijozlar uchun qayta sug‘urtaning ahamiyati nimada?

     Mantiqan, sug‘urta mukofotini to‘lagan har qanday mijoz uchun javobgarlik olib boriladi. Sug‘urtalovchining qayta sug‘urta faoliyati bilan shug‘ullanishi ularga ikki muhim jihat haqida axborot beradi. Ya’ni, o‘z riskini ishonib topshirgan kompaniya xalqaro talablarga javob berishi hamda ortida to‘lov qobiliyati yuqori va ishonchli tayanch turganini anglatadi.

  O‘tkir Bozorov,

 Qayta sug‘urtalash va xalqaro

munosabatlar departamenti bosh mutaxassisi