uz

“Uzinsurance” Mahallabay Ishlash Tizimini Joriy Etdi

image

“Uzinsurance” mahallabay ishlash tizimini joriy etdi

    Faoliyat samaradorligini ta’minlash, aholiga ko‘rsatilayotan sug‘urta xizmatlari sifatini yaxshilash maqsadida “O‘zagrosug‘urta” AJ Boshqaruvi xodimlari hududlarda aholi bilan bevosita muloqot qilib, ishni mahallabay tashkil qilmoqdalar. Uchrashuvlar davomida sug‘urtaning hayotimizda tutgan o‘rni, turli moliyaviy xatarlarning oldini olishda muhim vosita ekani aholiga tushuntirilmoqda.

      Bu jarayonda kompaniya boshqaruvi xodimlari hamda viloyatlardagi 14 ta filial rahbar va xodimlari ishtirok etmoqda.

      Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani “Madaniyat” mahallasi. Bugun bu yerda 2200 ga yaqin aholi istiqomat qiladi.  “O‘zagrosug‘urta” AJ xodimlari har bir xonadonga kirib, aholining talab va istaklarini o‘rganmoqda. Maqsad birinchi navbatda fuqarolarning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qilishdan iborat. Bunda asosiy e’tibor temir daftarga, ayollar va yoshlar daftariga kiritilgan fuqarolarga qaratilmoqda. Taklif etilayotgan xizmat turlari esa birinchi navbatda aholi xonadonlariga daromad olib kelish maqsadlarini ko‘zda tutadi.

     Mahallabay ishlash davomida fuqarolar ko‘proq sug‘urtaning kam hosil olishi natijasida ko‘radigan moliyaviy zararlarni sug‘urta qilishga ko‘proq qiziqish bildirdilar. Sababi, mahallada issiqxonalar tashkil etilgan bo‘lib, aholi ularni barpo etish uchun moliya muassasalaridan kredit ham olgan.

         — Umumiy ikki sotix yerda issiqxona qurganmiz. Asosan bodring, pomidor, turli ko‘katlar va boshqa sabzavot mahsulotlari yetishtiraman. Issiqxonada 500 tubdan pomidor-bodring ko‘chatlari bo‘lib, o‘rtacha har bir tubdan 3 kg hosil olaman. Buning bozor narxi tahminan 30-40 million so‘m bo‘ladi. Xonadonda issiqxona tashkil qilishning bir yaxshi tomoni, yilida ikki marta hosil olish mumkin. Qishda hosil kamroq bo‘ladi, ammo bu ham oila buyudjeti uchun foyda.  Maqsad yaxshi daromad topib, oilam farovonligini ta’minlashdan iborat. Buning uchun bankdan kredit olib, issiqxona qurdik. Har xil sharoit bo‘ladi. Dehqonchilik ham o‘ziga yarasha tavakkalchilikni talab etadigan yo‘nalish. “O‘zagrosug‘urta” xodimlarining bevosita xonadonimizga tashrif buyurib, sug‘urtaning afzallik jihatlarini tushuntirib berishdi. Shundan so‘ng hosilni sug‘urtalashga qaror qildim, — deydi Piskent tumani “Mitan” mahallasida yashovchi Shoraxmedov Qudrat

     Mahallabay ishlash, har bir xonadonning talab va istaklarini o‘rganish, ularni turli moliyaviy xatarlardan ishonchli himoya qilish  “O‘zagrosug‘urta” AJ faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Shu bois, Jamiyat xodimlari bevosita mahallalarda faoliyat olib bormoqda. Ishchi guruhi a’zolari bugungi kunda fuqarolarning xonadonida bo‘lib, odamlarning imkoniyatlari, sharoitlarini o‘rgangan holda har bir fuqroga alohida-alohida, ularga mos sug‘urta turlari bo‘yicha ma'lumot bermoqdalar.

     “O‘zagrosug‘urta” AJ

Axborot xizmati