uz

O‘Zbekistonda Sug‘Urta Bozori Taraqqiyoti Va Muammolar

image

O‘zbekistonda sug‘urta bozori taraqqiyoti va muammolar

Sug‘urta bozor munosabatlariga o‘tish jarayonida davlat, fuqarolar va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar manfaatlarini himoya qilishning samarali vositasi hisoblanadi.

Zamonaviy milliy sug‘urta tizimi qonunchilik bazasini takomillashtirishga, davlatning moliya va pul-kredit siyosatining samaradorligiga, sug‘urta faoliyatini nazorat qilish sifatiga va sug‘urta tashkilotlarining ishonchliligiga bog‘liqdir.

O‘zbekistonda 2020 yil 1 yanvar holatiga sug‘urta faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi jami 41 ta litsenziya berilgan. Shulardan respublikada 36 ta sug‘urta kompaniyalari faoliyat yuritmoqda.

Buyuk Britaniyaning New Frontier tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, jami sug‘urta mukofotlarining yalpi ichki mahsulotga nisbati orqali aniqlanadigan “Sug‘urtaning kirib kelish darajasi” (Insurance Penetration Rate) ko‘rsatkichi dunyo miqiyosida 6,35 %ni, O‘zbekistonda esa bor-yo‘g‘i 0,35%ni tashkil etadi. Dunyoda aholi jon boshiga sug‘urta mukofotlari 847 yevroni tashkil etgan bo‘lsa, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 5 yevroga teng.
Bu esa mazkur xizmatning past darajasini anglatadi. Davlatlar ichida yetakchilik Gonkongga tegishli bo‘lib, sug‘urta mukofoti jon boshiga
7,5 ming yevroni, eng kam ko‘rsatikich esa 5 yevroni tashkil qilib,
Nigeriya davlatiga to‘g‘ri keladi.

Muammolar:

Respublikamizda sug‘urta munosabatlarida uchrayotgan asosiy muammolarga sug‘urta summasini to‘lashni rad etish, sug‘urta xizmatlarida zamonaviy yondashuvning yo‘qligi, davlat aralashuvining ko‘pligi, majburiyatlarning tomonlar kelishuvisiz belgilanishi, sug‘urtalovchini tovon to‘lash majburiyatidan ozod qilinishi qonunda belgilab qo‘yilganligi, nizolarni hal qilishning alternativ usullarining taklif qilinmasligi, shartnoma erkinligi ta’minlanmaganligi va undagi munosabatlarda cheklovlarning ko‘pligi kabilar kiradi.

Aynan ushbu muammolar, tomonlar orasida turli kelishmovchiliklarga, munosabatlardagi keskinlikka va pirovardida sug‘urta tashkilotining ishonchsizligiga olib kelmoqda.

Ushbu muammolarning kelib chiqish sabablari va unga ta’sir etuvchi omillar tahlilini ko‘rib chiqamiz.

Fuqarolik kodeksidagi tegishli normalarni takomillashtirish zarur…

Xususan:

1) Ma’lumki, respublikamizda elektron hujjat aylanishi fuqarolik munosabatlari sohasida ham rivojlanmoqda, ammo sug‘urta sohasida informatsion-kommunikatsion tizimdan foydalanish uchun qonunchilik bazasi yaratilmagan, natijada bunday qulay imkoniyatlardan foydalanilmayapti.

Misol uchun, Fuqarolik kodeksining “Sug‘urta shartnomasining shakli” 961-moddasida sug‘urta qildiruvchi faqat yozma yoki og‘zaki arizasi bera olishi ko‘rsatilgan xolos. Shuningdek, sug‘urtalovchi imzolagan sug‘urta polisi (shaxodatnomasi, sertifikati, kvitantsiyasi)ni faqat kelib topshirish imkoniyati berilgan. Vaholanki, ushbu jarayonlar elektron pochtaga yuborish orqali ham tuzilishi mumkin.

Bunday holat 930-moddada ya’ni sug‘urta qoidalarini sug‘urtalanuvchiga yetkazishga oid normada ham ko‘rish mumkin. Sug‘urta qoidalarini sug‘urtala-nuvchilarga yetkazish uchun turli usullar qo‘llanilishi mumkin bo‘lib, shunday imkoniyatlardan biri internet orqali amalga oshirishdir.
Ammo mazkur moddaning amaldagi tahririda bunday imkoniyat chegaralangan.

Shuningdek, kodeksning 951-moddasida sug‘urta hodisasi yuz bergani to‘g‘risida sug‘urtalovchini xabardor qilish shartnomada ko‘rsatilgan usulda amalga oshirlishi lozimligi belgilangan. Vaholanki, bu yerda ogohlantirishning mavjud har qanday usulidan foydlanish mumkin bo‘lgan qo‘shimcha imkoniyatlarni taqdim etish maqsadga muvofiq.

2) Fuqarolik kodeksining 929-moddasida sug‘urta shartnomasining muhim shartlari keltirilgan bo‘lib, mulkiy sug‘urta shartnomasini tuzishda sug‘urta qildiruvchi bilan sug‘urtalovchi o‘rtasida shartnomaning amal qilish muddati to‘g‘risida kelishuvga erishilishi lozimligi ko‘rsatilgan. Vaholanki, sug‘urtalovchi va sug‘urta qildiruvchi o‘rtasidagi munosabatlarda shartnomaning amal qilish muddati emas, balki sug‘urta muddati muhim ahamiyatga ega, chunki sug‘urta qildiruvchi sug‘urta muddati davomida sug‘urta tovonini to‘lash majburiyatiga ega bo‘ladi. Shu sababli, shartnomaning amal qilish muddatini sug‘urta muddatiga o‘zgartirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

3) Fuqarolik kodeksining “Sug‘urta mukofoti va sug‘urta badallari” 942-moddasining uchinchi qismida qonunda nazarda tutilgan hollarda sug‘urta mukofotining miqdori davlat sug‘urta nazorati organlari tomonidan joriy etilgan yoki tartibga solinadigan sug‘urta tariflariga muvofiq belgilanadi deb ko‘rsatilgan.

Bu yerda davlat aralashuvi mavjud bo‘lib, davlat tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatidagi narxlash masalalariga aralashmasligi va ushbu munosabatlar tomonlarning kelishuvi bilan tartibga solinishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.

4) Fuqarolik kodeksining 946-moddasida sug‘urta qildiruvchini almashtirishda (qayta tashkil etishda) sug‘urtalovchining roziligi talab qilinadi. Vaholanki, mulkka egalik huquqini topshirish paytida mulkning o‘zi o‘zgarmaydi, shartnomaning predmeti o‘zgarmaydi hamda sug‘urtalovchining manfaatlariga umuman ta’sir ko‘rsatilmaydi. Shuning uchun sug‘urtalovchining roziligi olish talabi mantiqsiz hisoblanadi.

5) Fuqarolik kodeksining “Sug‘urta shartnomasining muddatidan ilgari bekor bo‘lishi” 948-moddasining to‘rtinchi qismida “Sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) sug‘urta shartnomasidan muddatidan ilgari voz kechgan taqdirda, sug‘urtalovchiga to‘langan sug‘urta mukofoti, agar shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, qaytarib berilmaydi” deb belgilangan. Vaholanki, tomonlarning xarajatlarini adolatli qoplanishini ta’minlash nuqtai nazaridan sug‘urtalovchi sug‘urta amal qilgan vaqtga mutanosib ravishda sug‘urta mukofotining bir qismini olishga haqli bo‘lishini belgilash maqsadga muvofiq bo‘ladi.

6) Fuqarolik kodeksining “Sug‘urta hodisasidan ko‘riladigan zararni kamaytirish” 952-moddasining beshinchi qismida “Sug‘urta qiluvchi ehtimol tutilgan zararni kamaytirish uchun qasddan choralar ko‘rmagani oqibatida ko‘rilgan zararni qoplashdan sug‘urtalovchi ozod qilinishi” ko‘rsatilgan ya’ni amaldagi tahrirga ko‘ra, sug‘urtalovchi sug‘urta tovonini taqdim qilishi mumkin va buni sug‘urta qildiruvchi choralar ko‘rishi shart bo‘lgan, ammo chora ko‘rmaganligi bilan asoslashi mumkin. Bunday majburiyat qonun bilan emas, balki, tomonlarning kelishuvi bilan belgilanishi lozim .

7) Amaldagi Fuqarolik kodeksida sug‘urta tovonini to‘lashda kelishmovchiliklarni keltirib chiqaradigan qoidalar mavjud. Misol uchun “Sug‘urta qildiruvchi, naf oluvchi yoki sug‘urtalangan shaxsning aybi bilan sug‘urta hodisasi yuz berishining oqibatlari” 953-moddasining birinchi qismida agar sug‘urta hodisasi sug‘urta qildiruvchi, naf oluvchi yoki sug‘urtalangan shaxsning qasd qilishi oqibatida yuz bergan bo‘lsa, sug‘urtalovchi sug‘urta tovonini yoki sug‘urta pulini to‘lashdan ozod qilinishi keltirilgan. Bu yerda qasd qilish tushunchasi amaliyotda sug‘urta tovonini to‘lashda turli tortishuv va kelishmovchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli, mazkur qismda qasd qilish tushunchasini “sug‘urta hodisasi yuzaga kelishiga qaratilgan qasd qilish” ko‘rinishida tahrir qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Shuningdek, mazkur moddaning ikkinchi qismi bilan sug‘urtalovchini tovon to‘lash majburiyatidan ozod qilish to‘g‘risidagi normaning amal qilishi juda ko‘p hollarda sug‘urtalovchi tomonidan sug‘urta tovonini to‘lashni asossiz rad etish holatlarini keltirib chiqishiga sabab bo‘ladi. Vaholanki, ushbu masalalar shartnoma tomonlarining ixtiyoriga bog‘liq bo‘lishi kerak, tomonlar o‘zaro kelishgan holda teng huquqlilik asosida amalga oshirishi maqsadga muvofiq.

8) Xuddi shunday sug‘urtalovchining sug‘urta summasini hamda sug‘urta tovonini to‘lashdan asossiz ravishda rad etish imkoniyatini “Sug‘urta tovoni yoki sug‘urta pulini to‘lashni rad etish hollari keltirilgan” 955-modda normalarida ham ko‘rish mumkin.

Shuningdek, mazkur moddaning uchinchi qismida sug‘urtalovchining sug‘urta tovonini yoki sug‘urta pulini to‘lashni rad etishiga qarshi unga nisbatan faqat sudda da’vo qo‘zg‘atish yo‘li bilan e’tiroz bildirilishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Vaholanki, hozirda nizolarni hal qilishning alternativ usullari (mediatsiya va boshqalar) mavjud. Bu imkonyatlardan foydlanish qonun bilan cheklangan.

9) Bundan tashqari, qayta sug‘urta qilishda tez-tez sug‘urtalovchi va qayta sug‘urtalovchi o‘rtasida sug‘urta tovonini to‘lash yuzasidan kelishmovchiliklar paydo bo‘lib turadi. Bunday noxush hollarni bartaraf etish hamda milliy sug‘urtalovchilarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida Fuqarolik kodeksining 959-moddasiga qayta sug‘urtalovchi asosiy sug‘urta shartnomasi qoidalariga muvofiq qayta sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta tovoni to‘lashni rad qilishga haqli emas normasini kiritish maqsadga muvofiq.

10) Xalqaro kooperativ va o‘zaro sug‘urta federatsiyasi (IKMIF) tomonidan e’lon qilingan “Global Mutual Market Share 10” hisobotining
10 yillik maxsus nashriga ko‘ra, o‘zaro va kooperativ sug‘urta bozori global moliyaviy inqirozdan keyingi 10 yil ichida (2007-2017 yy) global sug‘urta sanoatining eng tez rivojlanayotgan qismidir. Misol uchun, moliyaviy inqiroz boshlangandan keyingi 10 yil ichida o‘zaro sug‘urta mukofotlari umumiy sug‘urtaning o‘sishiga (17%) nisbatan 30% ga o‘sgan.

Amaldagi Fuqarolik kodeksining 960-moddasidagi ikki tomonlama sug‘urta iborasi o‘zaro sug‘urta tushunchasining to‘liq mazmunini aks ettirmaydi. Ushbu modda ikki tomonlama sug‘urta jamiyatlarining imkoniyatlarini cheklaydi va ularning faoliyatini rivojlantirishga hissa qo‘shmaydi. Chunki o‘zaro sug‘urta nafaqat ikki tomon o‘rtasida balki odatda bir nechta shaxslar o‘rtasida amalga oshiriladi. Shu sababli, ikki tomonlama sug‘urta tushunchani “o‘zaro sug‘urta” deb nomlash maqsadga muvofiq bo‘ladi.

O‘zbekistonda bor yo‘g‘i 3 ta ikki tomonlama sug‘urta jamiyatlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

11) Fuqarolik kodeksining 961-moddasida majburiy davlat sug‘urtasi bevosita sug‘urta to‘g‘risidagi qonun hujjatlari asosida unda ko‘rsatilgan davlat sug‘urta tashkilotlari yoki davlatning boshqa tashkilotlari (sug‘urtalovchilar) tomonidan amalga oshirilishi belgilangan. Vaholanki, majburiy davlat sug‘urtasi har qanday mulkchilik va tashkiliy huquqiy shakldagi sug‘urta tashkilotlari tomonidan amalga oshirilishi imkon berish zarur.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, respublikada sug‘urta faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish va nazorat qilishning normativ-huquqiy bazasini xalqaro talablarga javob beradigan darajada shakllantirish davlatimiz uchun ustuvor yo‘nalishlardan hisoblanadi va berilgan takliflarni amalga oshirish jarayonida davlat va tegishli organlarning faol ishtiroki talab qilinadi.

Nazarali NORBAЕV,
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti

Material “hudud24.uz” axborot-tahliliy saytidan olindi.