2023-yilda “O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan mijozlar uchun onlayn sug‘urta xizmatlari soni 26 taga yetkazildi
Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Ilhom Jo‘rayev ma’lum qildi.
“O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyati 2023-yilda sug‘urta sohasining qator yo‘nalishlari, xususan, aholi o‘rtasida sug‘urta xizmatlarining sifati va ko‘lamini oshirish, ularning yangi turlarini joriy qilishga alohida e’tibor qaratdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 23-oktabrdagi “Sug‘urta bozorini raqamlashtirish va hayot sug‘urtasi sohasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi ta’minlanib, 2023-yilda majburiy sug‘urtaning barcha turlarini onlayn rasmiylashtirish joriy qilindi.
O‘tgan yil boshida “O‘zagrosug‘urta” AJ mijozlar uchun 18 turdagi onlayn sug‘urta xizmatlarini taqdim etgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib, bunday xizmatlari soni 26 taga yetkazildi. Aytish joiz, Jamiyat tomonidan onlayn polislarni sotib olish jarayoni soddalashtirilgan bo‘lib, mijozlar o‘zi haqidagi minimal ma’lumotlarni kiritishi orqali ma’lumotlar bazasi avtomatik ravishda to‘liq shakllanadi.
Jamiyatda tizimni raqamlashtirish borasida ham izchil ishlar olib borildi. Xususan, “Uzagros Online” yagona elektron axborot tizimi to‘liq modernizasiya qilindi. Endilikda bu tizim orqali an’anaviy qog‘ozbozlikdan mutloqo voz kechiladi. Kompaniya va uning tizimidagi barcha turdagi hujjatlar aylanmasi shu axborot tizimida aks etadi. Jismoniy va yuridik shaxslar bilan tuziladigan sug‘urta shartnomalari va polislar ushbu axborot tizimiga kiritib boriladi.
Bevosita, sug‘urta faoliyatini amalga oshirish natijasida erishilgan asosiy ko‘rsatkichlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyatining 2023-yilda ta’minlangan sug‘urta mukofotlari 393 mlrd 152 mln so‘mni tashkil qildi. Shundan 71 mlrd 540 mln so‘m majburiy sug‘urta bo‘yicha mukofotlar, 321 mlrd 611 mln so‘m esa ixtiyoriy sug‘urta turlari bo‘yicha mukofotlarni tashkil qiladi. O‘sish ko‘rsatkichini 2022-yilga solishtiradigan bo‘lsak, 121,6 foiz yoki 69,9 mlrd so‘m ko‘p sug‘urta mukofotlari ta’minlanganini ko‘rish mumkin.
Rasmiylashtirilgan sug‘urta shartnomalari bo‘yicha olingan majburiyat hajmi 180 trln 423 mlrd 68 mln so‘mni tashkil qildi, bu o‘z navbatida 2022-yilga nisbatan 151,5 foizga ko‘p demakdir.
Shu davr mobaynida Jamiyat mijozlari bilan jami 715 314 dona sug‘urta shartnomalari tuzilgan bo‘lib, shartnomalarning 5 580 tasini qishloq xo‘jaligi (xususan, paxta, g‘alla, qayta ekish va boshqa ekinlar, shuningdek, qishloq xo‘jaligi korxonalarining mol-mulki va lizing xizmatlari), 650 034 tasini aholi sog‘lig‘i va mol-mulki bilan bog‘liq sug‘urtalar hamda 59 700 tasini boshqa turdagi sug‘urta xizmatlari tashkil qiladi.
Olingan majburiyatlar doirasida mijozlar manfaatlarini himoya qilish maqsadida 50 mlrd 469 mln so‘mlik sug‘urta tovonlari to‘lab berildi. Shundan majburiy sug‘urta bo‘yicha 20 mlrd 434 mln so‘m, ixtiyoriy sug‘urta bo‘yicha esa 30 mlrd 35 mln so‘m tovon puli to‘lab berildi. Bu 2022-yilga nisbatan qariyb 7,2 mlrd.so‘m ko‘p mablag‘ demakdir. O‘sish ko‘rsatkichi 116,6 foizni tashkil qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, O‘zbekiston marketing uyushmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida bo‘lib o‘tgan Ikkinchi xalqaro “Tashkent Digital Marketing forum 2024” forumida “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyati “2023-yilda O‘zbekiston bo‘ylab yuqori sifatli sug‘urta xizmatlarini taqdim etib kelayotgan hamda eng keng tarmoqqa ega bo‘lgan kompaniya” nominasiyasi bo‘yicha mukofotni qo‘lga kiritdi.
Jamiyat faoliyati xalqaro reyting agentliklari tomonidan e’tirof etib borilmoqda. Xususan, 2023-yil iyul oyida “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi “O‘zagrosug‘urta” AJ va uning ta’sisligidagi “Agros hayot sug‘urta kompaniyasi” AJning moliyaviy barqarorlik reytingini “BB-” (“Barqaror” prognozi) darajasida tasdiqladi.
Bu natija xalqaro investorlar va mahalliy aholining sug‘urta xizmatiga ishonchini yanada mustahkamlash uchun muhim indikator hisoblanib, Jamiyatning xalqaro qayta sug‘urta bozoriga chiqish imkoniyatini jadallashtirmoqda.
Shuningdek, “United Registrar of Systems” xalqaro sertifikatlashtirish uyushmasi tomonidan “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyatiga sifat menejmenti tizimi sertifikati topshirildi. Bu bilan Jamiyat faoliyati ISO 9001:2015 xalqaro standarti talablariga muvofiqligi tasdiqlandi.
Bundan tashqari, “Ahbor-Reyting” agentligi “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini “barqaror” prognozi bilan “uzA++” darajasida milliy miqyosdagi to‘lov qobiliyati reytingini tasdiqladi.
Bu “O‘zagrosug‘urta” AJ to‘lov qobiliyatining yuqori darajasi bilan birga, sug‘urta bozoridagi nufuzini yanada mustahkamlash va mijozlar manfaatlarini himoya qilish uchun barcha sharoitlar yetarli ekanligidan dalolatdir.
Jamiyatda murojaatlar bilan ishlash bo‘yicha ham tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. 2023-yil davomida jismoniy va yuridik shaxslardan 6205 ta murojaat ro‘yxatga olingan bo‘lib, shulardan 5785 ta yozma va og‘zaki, 420 tasi virtual qabulxonalar orqali kelib tushgan. Yozma va og‘zaki murojaatlarning 5117 tasi qanoatlantirilgan, 552 tasiga tushuntirish berilgan, 86 tasi (sug‘urta hodisasi tasdiqlanmaganligi sababli) rad etilgan, 30 ta murojaat tegishligi bo‘yicha boshqa tashkilotga yuborilgan.
Virtual qabulxona orqali kelgan murojaatlarning 308 tasi qanoatlantirilgan, 100 tasiga tushuntirish berilgan, 7 tasi (sug‘urta hodisasi tasdiqlanmaganligi sababli) rad etilgan, 5 ta murojaat tegishliligi bo‘yicha boshqa tashkilotga yuborilgan.
Aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish, murojaatlarni joyida hal qilish maqsadida jamoatchilik vakillari, hududlarda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda sohaga oid muammo va kamchiliklarni joyida bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.