uz

Bolalar Hayotimiz Davomchilari, Kelajagimiz Egalaridir

image

Bolalar hayotimiz davomchilari, kelajagimiz egalaridir

    “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” 1925-yilda Jenevada bolalar farovonligi bo‘yicha butunjahon konferentsiyasida ta’sis etilgan, oradan 25 yil o‘tib, 1950-yildan jahonda bayram sifatida nishonlab kelinadi.
    Aytish kerakki, 1-iyun dunyoning 50 ga yaqin mamlakatida nishonlanadi, xolos. Buning o‘ziga xos sabablari mavjud. Chunki “Bolalar kuni” yanada olis tarixga ega. Shuning uchun, dunyo xalqlarida nafaqat bayram nomi, balki sanasi ham boshqa kunga to‘g‘ri keladi. 
    Misol uchun, AQShda “Atirgul kuni” deb ataladi. Bu an’ana massachusetslik cherkov pastori, doktor Charlz Leonard tomonidan 1857-yil iyun oyining ikkinchi yakshanbasi “Bolalar kuni” sifatida nishonlash boshlangan. 
    “Bolalar kuni” birinchi marta Turkiyada 1920-yil 23-aprelda milliy bayram deb e’lon qilingan. Bu boradagi rasmiy hukumat deklaratsiyasi 1929-yilda Turkiya Respublikasining asoschisi va Prezidenti Mustafo Kamol Otaturk tomonidan e’lon qilingan.
Janubiy Koreyada 5-may rasman “Bolalar kuni” sifatida e’tirof etilgan. Bu kunda ota-onalar ko‘pincha bolalariga sovg‘alar berishadi, shuningdek ular bilan vaqt o‘tkazishadi. Bolalar hayvonot bog‘lari, muzeylar va o‘yin-kulgi manzilgohlariga ekskursiyalarda bo‘lishadi.
    Yaponlarda 1948-yildan beri 5-may sanasi Milliy bolalar bayrami —  bolalarning baxtiyorligini ko‘rsatish va onalarga minnatdorchilik bildirish kuni hisoblanadi. Eng qizig‘i mamlakatda, bolalar kuni ikki marta, 3-mart qizlar uchun, 5-may o‘g‘il bolalar uchun nishonlanadi.
    Jahonning boshqa ko‘plab davlatlarida ushbu sana har yili 20-noyabr kuni nishonlanadi.
    Sababi 1959-yil 20-noyabrda “Bola huquqlari deklaratsiyasi”, 1989-yil 20-noyabrda “Bola huquqlari to‘g‘risidagi konventsiya” Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qabul qilingan hamda bu kabi muhim xalqaro hujjatlarning qabul qilinishi jahonning keng jamoatchiligi tomonidan iliq kutib olingan. Shuningdek, xalqaro YuNISEF tashkiloti ham bolalarning ehtiyojlariga mos keladigan sakkizta maqsadlarni ming yillik dasturlarga kiritishga erishdi.
    Umumjahon bolalar kuni shuningdek, butun dunyo bo‘ylab zo‘ravonlik, ekspluatatsiya va diskriminatsiya shaklida zo‘ravonlikka duch kelgan bolalarni himoya qilishga ham chorlaydi.
    Xulosa qilib aytganda, “Bolalarni himoya qilish kuni”ning maqsadi keng jamoatchilik diqqatini bolalarning muammolariga, ularning huquqlarini himoya qilishga, himoyalangan dunyoda yashash imkoniyatlariga, baxtli bolalikka ega bo‘lishlariga va o‘z mamlakatining to‘la-to‘kis hamda xotirjam fuqarosi bo‘lib o‘sishlariga qaratishdir. Shuningdek, bayramni nishonlashning asosiy maqsadi – ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodning kelajakda ma’nan boy, jismonan sog‘lom va axloqan pok bo‘lib voyaga yetkazishdir.
    Ming shukurki, O‘zbekistonda farzandlarimiz mehr-muhabbat, ulkan g‘amxo‘rliklar og‘ushida voyaga yetmoqda.

Axborot xizmati