uz

“O‘Zagrosug‘Urta” Parkentlik Bir Guruh Yoshlarning Salohiyatini Yuzaga Chiqarishda Hamkorlik Qiladi

image

“O‘zagrosug‘urta” parkentlik bir guruh yoshlarning salohiyatini yuzaga chiqarishda hamkorlik qiladi

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmonida “Yoshlar balansi” asosida vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlari alohida ishlash talab etiladigan, shuningdek, iste’dodli va iqtidorli yoshlarga biriktirilishi belgilangan.

    Unga ko‘ra, har oyda ular bilan uchrashib, muammolarini hal qilish, istak-va qiziqishlari, iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarish, kasb-hunarga o‘qitish, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga har tomonlama ko‘maklashish, umuman, hayotda o‘z o‘rnini topishida tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirib boradi. 

    Toshkent viloyati Parkent tumanidagi to‘rtta mahallada yashovchi 24 nafar yoshlar “O‘zagrosug‘urta” AJ Boshqaruvi raisiga biriktirilgan bo‘lib, hududiy yoshlar yetakchilari bilan hamkorlikda ular bilan muntazam ravishda uchrashuvlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yilmoqda. 

    Jamiyat rahbariyatining dastlabki uchrashuvi doirasida yoshlarning madaniy hordiq chiqarishiga alohida e’tibor qaratildi. Yoshlarning poytaxtimizdagi Muqimiy nomidagi O‘zbek davlat musiqali drama teatriga safar uyushtirildi. Safar davomida madaniyat markazining tashkil etilishi tarixi, teatr hayot va faoliyati bilan tanishitirildi. Shuningdek, ular “Olifta” spektaklini tomosha qilishdi. Spektakl tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lib, yoshlarni fikrlashga, mulohaza yuritishga undaydi. Asar qahramoni bo‘lgan yigit qishloqqa qarindoshlarini izlab boradi va u yerda bir qizni sevib qoladi. Asarda yigit yengil-yelpi hayot kechirishdan ko‘ra, mehnat qilish afzalligini tushunib yetadi.

    Jamiyat Boshqaruvining parkentlik yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlari davom etadi.