uz

“O‘Zagrosug‘Urta”Da Sug‘Urta Xizmatlari Sifati Va Qamrovi Kengaymoqda

image

“O‘zagrosug‘urta”da sug‘urta xizmatlari sifati va qamrovi kengaymoqda

    Bugun «O‘zagrosug‘urta» aktsiyadorlik jamiyatining 2022 yil o‘tgan davri faoliyati tahlillari yuzasidan Axborot va ommmaviy kommunikatsiyalar agentligi binosida matbuot anjumani tashkil etildi.

    Barchamizga ma’lumki, sayyoramizda kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishi, global isish, pandemiya yoki boshqa tabiiy ofatlar tufayli dunyoda sug‘urta xizmatiga bo‘lgan talab yanada oshishiga olib keldi. 

    Bugungi iqtisodiy islohotlar davrida mamlakatimizda qishloq xo‘jaligidan tortib sanoatning barcha yo‘nalishlarida keskin ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Bu o‘z navbatida sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan ehtiyoj oshishi bilan bir qatorda, sug‘urta bozorida sog‘lom raqobat muhiti yuzaga kelishiga turtki bo‘lmoqda. 

    Bu jarayonda “O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan sug‘urta xizmatlarining sifati va ko‘lamini oshirish, ularning yangi turlarini joriy qilishga e’tibor qaratilib, shuningdek aholi o‘rtasida sug‘urtaviy savodxonlikni rivojlantirish masalalari ham kompaniyaning 2022 yil uchinchi chorak faoliyatida aks etdi.

    Aholiga qulaylik yaratish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini zamon talablariga moslashtirish maqsadida tizimda axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etilmoqda. “O‘zagrosug‘urta” AJda mijozlar uchun kompaniyada “Onlayn polis” axborot tizimi orqali jami 18 ta sug‘urta turlari bo‘yicha Ye-polis sotib olish imkoniyati yaratilgan. 

    

    Ta’kidlash joiz, sug‘urta tashkilotlarining muvaffaqiyatli faoliyati hamda moliyaviy holati har jihatdan korporativ mijozlarga bog‘liq. Shu ma’noda Jamiyat ayni paytda mamlakatdagi yirik sanoat ishlab chiqaruvchi,  tijorat banklari va boshqa tashkilotlar bilan ham ishonchli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Kompaniya ushbu korporativ mijozlarga mol-mulk sug‘urtasi, garovga qo‘yilayotgan mol-mulkni sug‘urtalash, qurilish tavakkalchiligini sug‘urtalash, avtotransport vositalarini komleks sug‘urtalash, umumiy fuqarolik javobgarligini sug‘urtalash kabi sug‘urta turlari bo‘yicha xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Jamiyatning bugungi kunda respublikamiz bo‘ylab 14 ta filiali hamda jami 191 ta sug‘urta markazlari shahar va tumanlarda aholiga 140 dan ortiq sug‘urta xizmatlari taklif etilayotganligini qayd etish lozim. 

    Ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar natijasi kompaniyaning joriy yil uchinchi chorak asosiy ko‘rsatkichlariga, xususan moliyaviy barqarorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

    Endi bevosita asosiy ko‘rsatkichlarga keladigan bo‘lsak, joriy yilning o‘tgan 9 oyida ta’minlangan sug‘urta mukofotlari sal kam 222 milliard so‘m bo‘lsa, rasmiylashtirilgan sug‘urta shartnomalari doirasida olingan majburiyat hajmi qariyb 76,7 trillion so‘mni tashkil qiladi. Shu davr mobaynida jami 659 392 dona sug‘urta shartnomalari tuzilgan. Shuningdek, kompaniya tomonidan joriy yilning 9 oyi yakunlari bo‘yicha qariyb 31,7 mlrd so‘mlik sug‘urta tovonlari mijozlarga to‘langan berildi. 

    Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan kelishilgan holda taraqqiyot kushandasi – korruptsiyaga qarshi kurash, korruptsiyaviy holatlarning har qanday ko‘rinishiga murosasiz munosabatda bo‘lish yuzasidan amaliy choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, Jamiyat Boshqaruvida Koplayens nazorat departamenti tashkil etilib, mazkur illatga qarshi kurashda hamkorlik bo‘yicha Memorandum imzolandi.

    “O‘zagrosug‘urta” AJ respublika sug‘urta bozorida xalqaro reytingga ega kam sonli kompaniyalardan biri bo‘lib, uch yil ketma-ket “Fitch Ratings Cis Ltd” xalqaro reyting agentligining “BB-” Barqaror reytingiga, shu bilan birga “Ahbor-Reyting” reyting agentligi ham “O‘zagrosug‘urta” AJ uchun milliy shkala bo‘yicha “barqaror” prognozi bilan “uzA++” darajasida to‘lovga qobiliyatlilik reytingini tasdiqladi. Bu kompaniyaning to‘lovga qobiliyatlik darajasi yuqori va barqaror ekanligidan dalolat beradi. Bu xalqaro investorlar va mahalliy aholining sug‘urta xizmatiga ishonchini yanada mustahkamlash uchun muhim indikator hisoblanib, Jamiyatning xalqaro qayta sug‘urta bozoriga chiqish imkoniyatini kengaytirmoqda. 

    Jamiyat xalqaro qayta sug‘urta bozoriga faol kirib borishi natijasida jahonning yirik sug‘urta kompaniyalari va qayta sug‘urtalash brokerlari bilan qayta sug‘urta doirasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi.  Bugungi kunda Germaniyaning “Hannover Re”, Shveytsariyaning “Swiss Re” qayta sug‘urta kompaniyalari, shuningdek, Latviya, Chexiya, Gruziya, Rossiya va Hindiston singari davlatlarning qayta sug‘urta brokerlari bilan yaqindan hamkorlik qilinmoqda. E’tiborlisi, ushbu kompaniyalar dunyodagi eng yirik sug‘urta bozori Buyuk Britaniyaning Lloyd’s qayta sug‘urta bozori brokerlari hisoblanadi. 

    Matbuot anjumani yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari  savollariga javob berildi.

Axborot xizmati