uz

Sug‘Urta Xizmatlari Iqtisodiyotning Ishonchli Himoyachisi

image

Sug‘urta xizmatlari iqtisodiyotning ishonchli himoyachisi

Mustaqillikning 30 yilligiga

     Iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, ko‘rsatilayotgan moliyaviy xizmatlar sifatini oshirish aholi turmush farovonligini ta’minlashning muhim shartlaridan biri ekani barchaga ma’lum. Shu bois ham iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlariga katta e’tibor qaratilgan. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 17 fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”ning  ushbu muhim yo‘nalishini amalga oshirish yuzasidan yildan-yilga ko‘rilayotgan amaliy chora-tadbirlarning  natijasi bugun hayotimizda aks etayotgani, inkor etib bo‘lmas haqiqatga aylandi.

    O‘zbekistonning ayni paytgacha bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘li, globallashuv va jahon bozoridagi keskin o‘zgarishlar, kundan-kun kuchayib borayotgan  raqobat muhiti qolaversa, 2020 yildan nafaqat mamlakatimiz balki, butun dunyo iqtisodiy ahvoliga keskin ta’sir qilgan koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan sharoit  barqaror rivojlanish uchun mutlaqo yangicha yondashuv hamda tamoyillarni joriy etishni taqozo etmoqda. Mamlakatimiz taraqqiyot yo‘lining so‘nggi besh yiliga nazar tashlaydigan bo‘lsak,  birgina sug‘urta bozorini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar qilindi. Avvalambor Prezidentimizning soha taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan qator farmon va qarorlari qabul qilindi. Davlatimiz rahbari ko‘plab sohalar qatori sug‘urta xizmatlari bozorini rivojlantirish masalalari bo‘yicha 2019 yil 10 iyulda yig‘ilish o‘tkazib, bir qator xususan, sohaning mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotidagi ulushini oshirish vazifasini qo‘ydi.

    Darvoqe, Harakatlar strategiyasining uchinchi yo‘nalishida  sug‘urta, lizing va boshqa moliyaviy xizmatlarning hajmini o‘stirish  ularning yangi turlarini joriy qilish va sifatini oshirish hisobiga kengaytirish vazifasi qo‘yilgan.

    2016 yil 31 dekabrь holatiga ko‘ra, yurtimiz sug‘urta bozorida 26 sug‘urtalovchi, shundan 23 tasi umumiy sug‘urta tarmog‘ida va 3 tasi hayotni sug‘urta qilish tarmog‘ida, faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2020 yil 31 dekabrь holatiga umumiy sug‘urta tarmog‘ida 32 ta, hayotni sug‘urta qilish yo‘nalishi bo‘yicha 8 ta sug‘urta kompaniyasi aholiga sug‘urta xizmatlarini ko‘rsatib kelmoqda.  2016 yilda sug‘urtalovchilar tomonidan 692,6 milliard co‘m sug‘urta mukofoti yig‘ilgan bo‘lib, 2020 yilda mazkur raqam 2 211,7 milliardni tashkil etdi. 2016 yilda 130,5 milliard so‘m miqdorida sug‘urta to‘lovlari amalga oshirilgan bo‘lsa, 2020 yil yakunlari bo‘yicha 732,3 milliard so‘mlik sug‘urta tovonlari to‘lab berilgan.

    Sohadagi islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlash maqsadida uning qonunchilik bazasi zamon talablari darajasida takomillashtirib borilmoqda. Bu jarayonda sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligining sug‘urta xizmatlari iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarining himoyasini kuchaytirish, aholi va tadbirkorlarning sug‘urtaga bo‘lgan ishonchini oshirish hamda sug‘urta bozorining ochiqligi va shaffofligini ta’minlashga e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, sug‘urta kompaniyalari tomonidan sug‘urta da’volarini ko‘rib chiqish muddatlari va xujjatlarni qisqartirish, sug‘urta hodisasini adolatli baholash va to‘lovlarni tezkor to‘lash tizimini yaratish masalalari huquqiy jihatdan mustahkamlab borilmoqda.

    Sug‘urta xizmatlaridagi sifat ko‘rsatkichlari, yangicha yondashuvlarning natijalarini bozorning yetakchi ishtirokchilaridan biri “UZINSURANCE” (“O‘zagrosug‘urta” AJ) kompaniyasi misolida tahlil qiladigan bo‘lsak, Davlatimiz rahbarining farmoni asosida samaradorlikni ta’minlash, yangi innovatsiyalarni joriy etish, nafaqat mahalliy, balki xalqaro sug‘urta bozorida ham teng raqobatga kirisha olish hamda davlat kafolatisiz xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida tarkibiy islohotlar amalga oshirilmoqda.

    Ta’kidlash joizki, kompaniya ketma-ket ikkinchi yil “Fitch” xalqaro reyting agentligining “BB–” barqaror reytingiga ega bo‘ldi. Bu xorijiy investorlar va mahalliy aholining sug‘urta xizmatiga ishonchini yanada mustahkamlash uchun muhim indikatordir.

    Jamiyat tomonidan ko‘rsatilayotgan sug‘urta xizmatlari sifatini oshirish va yangi sug‘urta mahsulotlarini joriy etishga ham jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, elektron polislar sotuvi yo‘lga qo‘yildi. Bunda amaldagi zamonaviy to‘lov yo‘llaridan foydalangan holda Jamiyat tizimida ishlab chiqilgan dasturiy ta’minot orqali respublikaning istalgan nuqtasidan turib, istalgan vaqtda ommabop sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta polislarini xarid qilish imkoniyati yaratildi.

    Iste’molchilar talablarini o‘sishi hamda Jamiyatning sug‘urta bozoridagi obro‘sini oshirish maqsadida mavjud holatni tahlil qilish va aniqlangan muammolar asosida moliyaviy sog‘lomlashtirish, operatsion samaradorlikni oshirish hamda 2021-2023 yillar uchun rivojlanish strategiyasi ishlab chiqildi. Bu jarayonda eng avvalo, «har bir mijoz muhim, uning manfaatlari ustuvor» tamoyiliga urg‘u berilmoqda.

    Bugun yangi O‘zbekistoning yangi qiyofasi shakllanib bormoqda. Demakki, sug‘urta bozori ishtirokchilari islohotlar shiddatiga mos ravishda rivojlanishi talab etiladi. Hozirda qator yangi sug‘urta turlari ustida ish olib borilmoqda. “Rahbar xodimlar va ijro organlari javobgarligini sug‘urtalash”, “Xodim egallab turgan ishini yo‘qotishidan sug‘urta qilish”,  “Vaksinatsiya oqibatlaridan sug‘urtalash” kabi sug‘urta turlari shular jumlasidan.

    Bir so‘z bilan aytganda mamlakatimizning 30 yillik xususan, so‘nggi 5 yil davomidagi mustaqil taraqqiyot yo‘li davomida sohada ro‘y bergan yangilanishlar qolaversa, turli yo‘nalishlardagi islohotlar jarayonida «Inson manfaatlari – hamma narsadan ustun» hamda «Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» tamoyillariga tayinilgani  iqtisodiyotni taraqqiy ettirish, aholi turmush farovonligini oshirishga xizmat qilib kelmoqda. Zero, Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik sanasining bosh g‘oyasi ham «Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” deb nomalanishida ham katta hikmat borligini yurtimizning har bir fuqarosi qalbdan his etmoqda.

Sarvar OTAMURATOV

Boshqaruv raisi