uz

Sug’Urtaning Rivojlanishiga Qanday Omillar To‘Sqinlik Qilyapti?

image

Sug’urtaning rivojlanishiga qanday omillar to‘sqinlik qilyapti?

Bugungi kunda sug‘urta bozorida kuzatilayotgan tendensiyalar, bozor ishtirokchilari faoliyati, sug‘urtaning afzalliklari va sohadagi muammolarni yoritib borish maqsadida “UZINSURANCE” (“O‘zagrosug‘urta” AJ) kompaniyasi Axborot xizmati barchani qiziqtirib kelayotgan masalalarga mutaxassislarning fikrlarini berib bormoqda. Bu galgi suhbat sug‘urta nima uchun iqtisodiyotda o‘z o‘rnini topa olmayapti yoki sug‘urtaning rivojlanishiga to‘sqinlik qilyotgan omillar kabi savollar doirasida kechadi. Savollarga esa Sug‘urta departamenti qishloq xo‘jaligi boshqarmasi boshlig‘i Abdurashid Vahobov javob beradi.

    Savol: Ma’lumki, jahonning rivojlangan mamlakatlarida sug‘urta xizmatlari turli xil moliyaviy xatarlarni ishonchli himoyalash vositasiga aylangan. O‘z navbatida sug‘urta kompaniyalarining kapitallashuv darajasi ham yuqori.   Mamlakatimiz sug‘urta bozorida esa ko‘p ham faollik sezilmaydi. Shu boisdanmi, aholi  o‘rtasida sug‘urtaga nisbatan ishonch sust.

      Javob: Aholining bankdagi omonatlari bilan birga (1996-2006 yillarda) hayot sug‘urtasi bo‘yicha to‘lagan mablag‘lari to‘liq indeksatsiya qilinmaganligi, ya’ni inflyatsiya darajasi inobatga olinmaganligi natijasida sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan ishonchsizlik yuzaga kelgan. Oqibatda hanuzgacha sug‘urta xizmatlariga nisbatan salbiy munosabat mavjud. Bu ayniqsa, sobiq Gosstrax paytidagi uzoq muddatli hayot sug‘urtasi va nikoh sug‘urtasi kabi sug‘urta turlariga yo‘naltirilgan mablag‘larning inflyatsiya ta’sirida o‘z qiymatini yo‘qotgan holatda to‘langani va inflyatsiya natijasida ko‘rilgan zararlar qoplanmaganligi bilan izohlanadi. 

     Yana shuni ta’kidlash joizki, ko‘rsatilayotgan sug‘urta xizmatlari sifati pastligi ham ishonchsizlik omillaridan biridir. Bugungi kunda  ko‘rsatilayotgan sug‘urta xizmatlari aholini o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondira olmayapti. Ma’lumki, sug‘urta insonlarni ehtiyojlaridan kelib chiqadi,  ya’ni sug‘urta orqali kimnidir ehtiyoji yoki muammosi hal etilishi kerak va shunga yarasha sug‘urta xizmatlariga haq to‘lanishi kerak. Aholi har doim arzon sug‘urta xizmatini tanlaydi. Lekin, arzon sug‘urta har doim ham sifatli bo‘la olmaydi. Sifatli sug‘urta esa qimmat bo‘ladi.

       Savol: Bu fikrlaringizdan so‘ng yana bir savol tug‘iladi ya’ni, sug‘urta kompaniyalari bugungi bozor munosabatlaridan kelib chiqib, ish tutish vaqti kelmadimikin? 

     Javob: Xozirgi kunda aholining to‘lov qobiliyatidan kelib chiqib, sug‘urta xizmatlari narxi arzonlashtirilyapti. Masalan, Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligining majburiy sug‘urtasi Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 56 000 so‘m, boshqa hududlarda esa 40 000 so‘m qilib belgilangan. Biroq, sug‘urta kompaniyalari ushbu sug‘urta turidan foyda ko‘rishmaydi. Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, yig‘ilgan sug‘urta mukofotlariga nisbatan to‘langan sug‘urta tovonlari hajmi ko‘proq. Aholi ko‘pincha sug‘urta xizmatlari sifatidan nolishadi, xorijda YTH sodir bo‘lsa, sug‘urtaga qo‘ng‘iroq qilishingiz bilan o‘zlari evakuator xizmati bilan keladi va qisqa muddat ichida mashinangizni ta’mirlab berishadi, degan gapni aytishadi. Lekin, xorijda sug‘urta uchun to‘lanayotgan haq bizdagidan ko‘ra ancha qimmat. Misol uchun Rossiya Federatsiyasi va boshqa mamlakatlarda majburiy transport sug‘urtasi 100 AQSH dollaridan kam emas (bizda 0.04 AQSH dollaridan kamroq). Xizmat sifati xam shunga yarasha.

       Savol: Ma’lumki, sug‘urta sohasidagi munosabatlar qonunchilik bilan tartibga solinadi. Qolaversa, sohadagi islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlanishi uning rivojlantirish imkoniyatini beradi. Aynan shu masalada fikrlaringizni bildirib o‘tsangiz.

       Javob: Ta’kidlash lozim, keyingi yillarda Prezidentimiz tomonidan sug‘urta sohasiga alohida e’tibor qaratilyapti. Uning huquqiy jihatlarini mustahkamlash masalalari ancha jonlandi.  Jumladan, davlatimiz rahbarining 2019 yil 2 avgustdagi “Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi  qarorlarini misol sifatida keltirish mumkin. Lekin, xozirgacha sug‘urtaga oid qonunchilik xujjatlarini va uni amalga oshirish mexanizmining yetarli darajada takomillashtirilmagani tufayli sug‘urtaning taraqqiy etganini belgilovchi ko‘rsatkichlar ya’ni, yalpi ichki mahsulot hajmidagi sug‘urta xizmatlari ulushi va aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan sug‘urta xizmatlari hajmi  kabi ko‘rsatkichlar sezilarli darajada o‘smagan.

      Savol: Bugungi kunda sug‘urta bozorida ishtirokchilar soni ortib bormoqda. Bu ham rivojlanish tendentsiyasi kuzatilayotganidan dalolat aslida. Biroq, nima uchundir sug‘urta iqtisodiyotda o‘z o‘rnini topa olmayapti?

     Javob: Ayni paytda mamlakatimiz sug‘urta bozorida 41  ta sug‘urta kompaniyasi faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, shundan 33 tasi umumiy sug‘urtada 8 tasi esa hayot sug‘urtasi sohasida faoliyat ko‘rsatayapti. Bu yaxshimi yoki yomonmi? Bir qarashda bozorda sug‘urta kompaniyalarining ko‘payishi raqobatni rivojlanishiga olib keladigandek tuyuladi. Biroq, amalda ko‘pchilik sug‘urta kompaniyalari aososan bozorni egallash maqsadida ko‘proq sug‘urta mukofotlari yig‘ishga e’tibor qaratib, sug‘urta xizmatlari narxini sun’iy ravishda paysaytirishga harakat qilishmoqda. Ya’ni, sug‘urta bozorida dempingni yuzaga keltirishmoqda. Bu sug‘urta xizmatlari o‘z tannarxidan kam narxga sotilishi demakdir. Buning natijasida sug‘urta tashkilotida yetarli sug‘urta zahiralari shakillanmayapti va bu to‘lov qobiliyatining pasayishiga olib kelmoqda. Zararlilikni kamaytirish maqsadida sug‘urta shartnomalari shartlariga ko‘plab istisnolar kiritishga va sug‘urta kompaniyasini sug‘urta tovonini to‘lash bo‘yicha majburiyatini bajarishdan qochishiga olib kelmoqda.

Buni sug‘urta bozoridagi sug‘urta tovonlari va sug‘urta mukofotlari o‘rtasidagi nisbatdan xam ko‘rish mumkin. Masalan, 2018-2020 yillarda o‘rtacha sug‘urta bozori bo‘yicha zararlililk darajasi 10-15 foizni tashkil etgan. O‘zagrosug‘urta kompaniyasida esa bu ko‘rsatkich 36-70 foizni tashkil etgan. Ya’ni, kompaniya yig‘ilgan sug‘urta mukofotlarining 70 foizigacha qismini mijozlarga ko‘rilgan zararlarini qoplashga sarflagan. Boshqa sug‘urta kompaniyalarida buning aksini ko‘rish mumkin.

     Savol: Yuqorida zararlilikni kamaytirish maqsadida sug‘urta shartnomalari shartlariga istisnolar kiritilayotganini ta’kidlab o‘tdingiz. Sug‘urtada asosiy masala shartnoma shartlari bilan bog‘liq. Demak, ayrim sug‘urta shartnomasi shartlari shaffof emas, shundaymi?

      Javob: Ko‘p hollarda sug‘urta kompaniyasi bilan mijozlar o‘rtasidagi nizolar sug‘urta shartnomasi shartlarini to‘g‘ri talqin etilmasligi, shartnoma tuzilayotgan paytda sug‘urta shartnomasi shartlari mijozlarga to‘liq tushuntirilmasligidan kelib chiqadi. Sug‘urta shartnomasi shartlari shaffof bo‘lishi, aniq va lo‘nda bayon etilishi  kerak. Sug‘urta kompaniyasi xodimlari yoki sug‘urta agentlari tomonidan shartnoma shartlari mijozga to‘g‘ri tushuntirilishi lozim. Ayniqsa, sug‘urta hodisasi, istisnolar, qaysi hollarda  sug‘urta kompaniyasi javobgarlik olib bormaydi yoki sug‘urta tovoni to‘lash rad etilishi to‘g‘risida tushuntirib o‘tish kerak. Bu borada yaqinda Oliy Majlis Senatida muhokamadan o‘tgan yangi tahrirdagi “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga sug‘urta shartnomasi davlat tilida rasmiylashtirilishi to‘g‘risidagi band kiritildi. Bu albatta, mijozlar uchun yaratilayotgan qulayliklar, ularning manfaaatlarini himoya qilishga qaratilgan tadbirlardan biri hisoblanadi.

        Savol:  Sug‘urtaning rivojlanishiga yana qanday omillar to‘sqinlik qilyapti deb o‘ylaysiz?

    Javob: Ko‘pchilikdan sug‘urta haqidagi fikrlarini so‘rab o‘rganganimizda ma’lum bo‘ldiki, aholini aksariyat qismi faqatgina majburiy sug‘urta turlari xaqida tushunchaga ega. Aytaylik transport vositalari egalari fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtasi, ish beruvchilarni majburiy sug‘urtasi, maktab o‘quvchilarini baxtsiz hodisadan sug‘urtalash kabi. Vaholanki kompaniyamizda 140 dan ortiq sug‘urta turlari mavjud.

  Sug‘urta turlarini targ‘ib qilishda  sug‘urta kompaniyalari muammolarga duch kelishadi. Faoliyatni yoritish masalasida murojaat qilinganda OAVlari reklama sifatida qabul qiladi. Sug‘urtani afzalliklari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ijtimoiy reklamalar qatoriga kiritilmagan. Shu bois ham OAVlarida sug‘urtaning afzalliklari to‘g‘risidagi materiallar juda kam.   

  Lekin, sug‘urta sohasida eng yaxshi reklama sug‘urta tovonini to‘lash hisoblanadi. Chunki, sug‘urtadan manfaatdor bo‘lgan yoki sug‘urta orqali muammosi hal bo‘lgan mijoz bu haqda o‘zining yaqinlariga, tanishlariga yetkazadi va o‘zi bilmagan holda targ‘ib qiladi. Bu sonining ortishiga sabab bo‘ladi. Masalan “O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan yuqori darajada to‘lovlarni amalga oshirilishi hisobiga sug‘urta bozorida tuzilgan shartnomalar soni bo‘yicha eng yuqori o‘rinda. 2020 yilda 1,5 milliondan ortiq mijoz jamiyatimizni tanlagan. Bu sug‘urta bozorida tuzilgan shartnomalarni 23 foizini tashkil etadi.   

        Savol: Har qanday sohaning muvaffaqiyati bevosita malakali kadrlar salohiyati bilan bog‘liq. Bu borada sug‘urta sohasidagi holatga to‘xtalib o‘tsangiz.

       Javob: Juda o‘rinli masalani ko‘tardingiz. Yana bir og‘riqli muammolardan biri bu – sug‘urta sohasidagi malakali mutaxassilarning yetishmasligidir. Bugungi kunda sug‘urta sohasi bo‘yicha mutaxassilar tayyorlaydigan OTMlari kam. Faqatgina Toshkent Moliya institutida bakalavr yo‘nalishida muaxassislar  tayyorlanadi xolos. Maxsus ixtisoslashgan kollej yoki o‘quv muaasasalari mavjud emas.

    Davlatimiz rahbarining 2019 yil avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu kabi muammolarga yechim bo‘ldi. Mazkur hujjat bilan tasdiqlangan 2019-2020 yillarda O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini jadal rivojlantirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»da Sug‘urta bozori mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish  masalalari o‘rin oldi. «Sug‘urta alifbosi» mavzusi bo‘yicha maktabdan boshlab to oliy ta’lim muassasasigacha fuqarolarning sug‘urta va moliyaviy savodxonligini oshirish mexanizmlarini joriy etish belgilandi. Bu albatta, farzandlarimizni iqtisodiy bilimlarini jumladan, sug‘urta savodxonligini oshirishga xizmat qiladi.