uz

OʻTgan 9 Oy Sarhisobi: Natijalar, OʻZgarishlar Va Vazifalar

image

Oʻtgan 9 oy sarhisobi: natijalar, oʻzgarishlar va vazifalar

    Sugʻurta bozorining hozirgi holatini baholash va faoliyat davomida yuzaga keladigan muammolarni aniqlash har qanday sugʻurtalovchini muvaffaqiyat sari yetaklovchi omildir.    
    Sugʻurta bozoridagi tendensiyalarni ajratib olish, mavjud vaziyatni turli mezonlar boʻyicha baholash, sugʻurta biznesining rivojlanish omillarini, shuningdek sugʻurta sohasining muammoli tomonlarini aniqlash tizimda rivojlanishni taʼminlashga xizmat qiladi.  
    Faoliyat sarhisobi ham ayni shu jihatlarni qamrab olgan boʻlib,  qilingan ishlar salmogʻini tahlil etgan holda kelajakka rejalar tuzishning muhim omilidir.   “UZINSURANCE” (Oʻzarosugʻurta AJ) kompaniyasida 2021-yilning 9 oyida qanday ishlar amalga oshirildi-yu, nimalarga ulugarilmadi? Kompaniya Boshqaruvining hududlardagi barcha filiallar bilan ZOOM platformasi orqali oʻtkazilgan kengaytirilgan yilishida ushbu masalalar muhokamalar markazida boʻldi.  
    Tanqidiy, tahliliy ruhda oʻtgan yigʻilish kun taritibidan 9 oy yakunlari boʻyicha erishilgan natijalar, kamchilik va muammolar, yil yakunigacha kutilayotgan koʻrsatkichlar kabi masalalar oʻrin oldi. 
Yigʻilishda kompaniya faoliyati hududiy filiallar kesimida birma-bir tahlil etildi. Ayrim filiallarda zamonaviy innovatsion yondashuvlar tufayli natijadorlik oʻsayotgani, jismoniy va yuridik shaxslarni  sugʻurta xizmatlari bilan qamrab olishdagi natijadorlik  eʼtirof etildi. Xususan, Toshkent shahri, Navoiy, Xorazm hamda Surxondaryo viloyatida oʻsish kuzatilgan. Biroq,  Qashqadaryo, Sirdaryo hamda Jizzax viloyatlarida buning aksi, kamchiliklar koʻpligi koʻrsatib oʻtildi. 
    Mijozlar ishonchi, ular tomonidan qilinayotgan murojaatlarning oʻz vaqtida yechim topishi bilan ham yanada ortadi. Shu bois, kompaniya tizimidagi har bir filial, har bir sugʻurta markazi aholi tomonidan yoʻllanayotgan murojaatlarni jiddiy oʻrganib chiqib, ularni qanoatlantirish yuzasidan amaliy choralar koʻrishi zarurligi aytib oʻtildi. Bu borada eng koʻp murojaatlar kelib tushayotgan Buxoro, Toshkent, Jizzax viloyatlari va Qoraqalpogʻiston filiallariga alohida koʻrsatmalar berildi.
    Muhokamalar davomida sugʻurta daʼvolari boʻyicha qilingan ishlar ham tahlil qilindi. Xususan, kompaniya tizimida 2021-yil 9 oy davomida xizmat koʻrsatilgan sugʻurta turlari boʻyicha tuzilgan sugʻurta shartnomalari asosida jami 5 906 ta sugʻurta daʼvosi kelib tushgan boʻlib, shundan 5 202 ta  sugʻurta qildiruvchi (sugʻurtalangan shaxs va naf oluvchi) larga 28,8 milliard soʻmdan ortiq sugʻurta zarar qoplamalari toʻlab berilgan. 
    Masalan, sugʻurta shartnomalarida kelishilgan sugʻurta hodisalari natijasida zarar koʻrgan 198 ta fermer xoʻjaliklariga qishloq xoʻjalik sugʻurta turlari boʻyicha jami 6,4 millirad soʻm, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligining majburiy sugʻurtasi boʻyicha YTH natijasida zarar koʻrgan 904 ta jabrlanuvchiga 6,7 milliard soʻm, ish beruvchilarning fuqorolik javabgarligining majburiy sugʻurtasi boʻyicha 87 ta holat uchun 4,9 milliard soʻm hamda boshqa sugʻurta turlari boʻyicha jami  4011 ta sugʻurtalanuvchiga 10,8 milliard soʻm miqdorida sugʻurta tovonlari toʻlab berildi. 
    Yana 248 ta holat boʻyicha aniqlangan sugʻurta tovonlari toʻlash jarayonida boʻlsa, 456 ta holatda sugʻurta shartnomasi shartlari hamda amaldagi qonunchilik talablari boʻyicha sugʻurta tovoni toʻlash rad etilgan.
Yigʻilish yakunida aholi talab va takliflari asosida sugʻurta xizmatlari jozibadorligini oshirgan holda yangi sugʻurta turlarini ishlab chiqish, faoliyatga zamonaviy va kreativ yondashuvlarni joriy etishga kelishib olindi.

“UZINSURANCE” Axborot xizmati