uz

Korrupsiya – Taraqqiyot Kushandasi

image

Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi

    Korrupsiya demokratiya va qonun ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi. Inson huquqlarining buzilishiga olib keladi. Islohotlarga toʻsqinlik qilib, jamiyat taraqqiyotini ortga suradi. Xalqning adolatga boʻlgan ishonchini susaytiradi. Ushbu illat mamlakat ham millat ham tanlamaydi. Shu bois, unga jahon miqyosida qarshi kurash olib boriladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2003-yil 21-noyabrdagi rezolyutsiyasiga muvofiq, 2004-yildan boshlab “9-dekabr – Butunjahon korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” sifatida nishonlanishi ham bejiz emas. 
    Sana munosabati bilan “UZINSURANCE” kompaniyasi Boshqaruvida “Korrupsiya — rivojlanishimizga toʻsiq” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda Boshqaruv xodimlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda OAVlari vakillari ishtirok etdilar. 


    Tadbirda taʼkidlanganidek, bugungi kunda korrupsiya xavfining oldini olish va unga qarshi kurashish borasida yurtimizda keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, korrupsiyaning oldini olish bilan bogʻliq qonunchilik bazasini mustahkamlashga qaratilgan Byudjet kodeksi, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”, “Ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida”, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”, “Tezkor-qidiruv faoliyati toʻgʻrisida”, “Elektron hukumat toʻgʻrisida” va “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi. Bir soʻz bilan aytganda mamlakatimizda “korrupsiya” soʻzi ishlatilgan 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat mavjud. 
    Korrupsiyaga qarshi samarali kurash olib borish maqsadida 2017-yil yanvarida “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining qabul qilinishi esa davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining korrupsiyaga qarshi kuch va imkoniyatlarini birlashtirib, yaxlit tizimni yaratish imkonini berdi.

    Bu albatta, soʻnggi yillarda ushbu illatga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish va qatʼiy kurash olib borish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylanganidan dalolatdir.


    Sherzod TOʻXTASHEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
    — Bizning qonunchiligimizda korrupsiya bilan bogʻliq jinoyatlarga belgilangan jazolar juda yuqori. Prezidentimiz tomonidan shu yilning iyun oyidagi imzolangan farmondan kelib chiqib qonunchilikka oʻzgartirishlar kiritilmoqda. Pora berish va pora olganlik jinoyatlari uchun juda koʻp miqdorda, uyushgan guruh manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan taqdirda 20 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, Prezidentimiz farmonidan kelib chiqqan holda ayni paytda Qonunchilik palatasida qator qonun loyihalari ustida ish olib borilmoqa. Ulardan ayrimlariga toʻxtalib oʻtmoqchiman. Endilikda korrupsiya bilan bogʻliq jinoyat sodir etgan shaxslarning reestri yuritilishi belgilanmoqlda. Bundan tashqari korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etib, sud tomonidan tayinlangan jazoni oʻtayotgan shaxslarga nisbatan yengillik choralari koʻrilmaydi. Qonunchiligimizda yana bir muhim oʻzgarish boʻlyapti yaʼni, kiritilgan loyihaga koʻra, jinoyat kodeksida korrupsion jinoyatlar belgilab berilmoqda. Odatda esa  biz korrupsiya bilan bogʻliq jinoyatlar deganda pora olish, berish va pora olish yoki berishda vositachilik qilish kabi jinoyatlarni tushunamiz.    


    Davlatimiz rahbari Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutahassislar jalb qilingan, jamiyatimizning barcha aʼzolarini “halollik vaksinasi” bilan emlagan holda korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga qaratilgan tashabbusni ilgari surdi. Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Davlat va jamiyat faoliyatining barcha sohalarida korrupsiyaga qarshi kurashish standartlari va mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, jamiyatda korrupsiyaning barcha koʻrinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirish agentlik missiyasi sifatida belgilandi. 
Obidjon LATIPOV, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi masʼul xodimi 
    — 2017-yildan boshlab  Korrupsiyaga qarshi kurashish borasida jiddiy qadamlar qoʻyilganini taʼkidlab oʻtish joiz. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan Korrupsiyaga qarshi kurash agentligiga xalqaro tajribadan kelib chiqqan xolda mamlakatda korrupsiya xolatlarini tizimli tahlil qilish, korrupsiyaga oid xavf-xatarlar yuqori boʻlgan soha hamda korrupsiyaga oid boʻlgan huquqbuzarliklar sodir etilishining sabab va shart-sharoitlarini va ularni bartaraf etish choralarini koʻrish vazifasi yuklatilgan.  Agentlik oʻtgan qariyib bir yarim yil davomida korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirib kelmoqda. Sodda qilib aytadigan boʻlsak, korrupsiyaning oldini olishda dastlabki jarayonlar yaʼni profilaktikani kuchaytirish maqsad qilib olingan.  


Davra suhbati davomida “UZINSURANCE” kompaniyasi tizimida korrupsiyaga qarshi ichki nazorat yaʼni, kompleans nazorat departamenti faoliyat yuritayotgani, uning maqsadi, vazifalari, huquq va majburiyatlariga ham toʻxtalib oʻtildi. Shuningdek,  “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablariga muvofiq korrupsiya va boshqa huquqbuzarliklarning oldini olish choralarini koʻrish, ularning sodir etilishiga koʻmaklashuvchi sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash, tahlil qilish, bartaraf etish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. 
    Sardor SAIDAHMEDOV, “UZINSURANCE” kompaniyasi ichki audit xizmati boshligʻi
    — Korrupsiya davlatni yemiradigan illat. Unga qarshi kurashish har bir shaxsning fuqarolik burchi boʻlmogʻi lozim. Aks holda u  millatni tanazzulga olib borishi shubhasiz. Shu bois, jamiyatimizda umuman turli tashkilotlarda korrupsiyaga nisbatan toqatsiz munosabatni shakllantirishda bugungi tadbirlarning oʻrni muhim. “UZINSURANCE” kompaniyasida ham korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amaliy choralar koʻrilmoqda. 
    Xususun, kompaniyada Umumiy aksiyadorlar yigʻilishi tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish va jinoiy faoliyatdan olingan daromlarni legallashtirishga yoʻl qoʻymaslik, ichki nazorat tizimini tartibga solish bilan shugʻullanuvchi alohida tarkibiy boʻlinma tashkil etildi yaʼni “Komplens nazorat departamenti”. Barcha viloyat filiallarimizda ushbu departamentning maʼsul xodimlari belgilandi. 


    Budan tashqari korrupsiyaga yoʻl quymaslik boʻyicha kompaniya faoliyatida bir qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, faoliyatning barcha yoʻnalishlarida inson omilini kamaytirsh, shaffoflikni taʼminlan, mijozlarga sifatli va tezkor xizmat koʻrsatish maqsadida yagona avtomatlashtirilgan dastur yaʼni, Agros-onlayn dasturi joriy etildi. Bu orqali barcha xududlarda koʻrsatayotgan xizmatlar onlayn tizimda, dastur tomonidan xisob-kitoblar asosida amalga oshirilmoqda. Bu esa oʻz navbatida mijozlarga koʻrsatilayotgan xizmatlarning sifatli, shaffof boʻlishi va eng asosiysi korrupsiyaning oldini olishga olib keladi.
    Shuningdek, sugʻurta xizmatlarini elektron yaʼni, onlayn rejimda sotish yoʻlga qoʻyildi. Bu mijoz kerak boʻlsa oʻz xonadonida oʻtirib sugʻurta xizmatlarini xarid qilish imkonini beradi. 

    Shu qatorda taʼkidlash joizki, kompaniyada yagona ishonch telefoni ishlab kelmoqda. Ushbu ishonch telefoni orqali qilingan har bir murojaatni rahbariyat tomonidan alohida va operativ oʻrganib chiqish tizimi joriy etilgan.

“UZINSURANCE” Axborot xizmati