uz

Agrosug‘Urta Sohasida Kadrlar Siyosatining Istiqbollari

image

Agrosug‘urta sohasida kadrlar siyosatining istiqbollari

Bugungi kunda mamlakatimizda kechayotgan iqtisodiy islohotlar jarayonida zamonaviy hamda sifatli sugʻurta xizmatlariga boʻlgan ehtiyoj ortib bormoqda. Albatta, sugʻurta kompaniyalarining samarali faoliyati, raqobatbardoshliligi, bevosita uning kadrlar salohiyatiga bogʻliq. 

Shu nuqtai nazardan, “Oʻzagrosugʻurta” AJ hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti o‘rtasida kadrlar tayyorlash yuzasidan o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi. 

Me’morandum doirasida tomonlar sug‘urta ishi, xususan qishloq xo‘jaligi tavakkalchilklarini sug‘urtalash, umumiy sug‘urta tarmog‘ining barcha yo‘nalishlariga ixtisoslashgan mutaxassislarni tayyorlashga oid ustuvor vazifalarni aniq belgilab olishdi.

Shuningdek, “O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan bugungi transformatsiya jarayonida sohaga yuqori malakali kadrlarni jalb qilish, xodimlarning xalqaro andozalarga mos ravishda malakasini oshirish, tizimda faoliyat yuritayotgan oʻrta va oʻrta maxsus mutaxassislikka ega xodimlarni soha boʻyicha oliy taʼlim muassasalarida tavsiya asosida oʻqitish, rahbar lavozimlariga kadrlar zaxirasini shakllantirish asosiy vazifalardan hisoblanadi.

Ta’kidlash joizki, milliy sug‘urta bozorida yetakchi hisoblangan Jamiyatning mamlakat bo‘ylab 14 ta filiali hamda 187 ta sug‘urta markazida jami 600 dan ortiq xodim, sal kam 1000 nafar sug‘urta agentlari faoliyat yuritmoqda. Xodimlarning 60 foizga yaqini oliy maʼlumotli, xususan 26 foizi moliya, iqtisod va sugʻurta sohasi mutaxassislaridir. Tizimda rahbarlik lavozida faoliyat yuritayotganlarning 30 foizi yoshlar hisoblanadi.

Davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasining sugʻurta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-4412-son qaroriga muvofiq kompaniya tizimida samarali faoliyat yuritayotgan oʻrta va oʻrta maxsus maʼlumotga ega boʻlgan istiqbolli yosh kadrlarni mamlakatdagi oliy taʼlim muassasalarining “Sugʻurta ishi” taʼlim yoʻnalishida oʻqitish maqsadida 2020-2021 oʻquv yilida 27 nafar, 2021-2022 oʻquv yilida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga 14 nafar xodim kompaniya tavsiyasi bilan oʻqishga qabul qilindi. 

Shuningdek, “O‘zagrosug‘urta” AJ kadrlar siyosati strategiyasining asosiy yo‘nalishlaridan yana biri sifatida tizimda “Ustoz – shogird” anʼanasining yoʻlga qoʻyilganligidir. Bunda tizimdagi tajribali xodimlarga yosh mutaxassislarni biriktirgan holda ularning amaliyot oʻtashlarini tashkil etish nazarda tutilgan. 

Bundan tashqari, Jamiyat tomonidan malakali shu jumladan, yosh, bilimli va istiqbolli kadrlarni jalb qilish maqsadida yurtimizdagi oliy ta‘lim muassasalarining moliya, bank, iqtisodiyot yoʻnalishlaridagi bitiruvchilarining malakaviy ishi himoyasida hamda “Karyera kunlari”da muntazam ishtirok etib kelinayotganligini alohida e‘tirof etish lozim.

Bir so‘z bilan aytganda, “O‘zagosug‘urta” kadrlar siyosatida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish orqali bugungi kunda shiddat bilan rivojlanib borayotgan bozor iqtisodiyoti va sugʻurta bozori sharoitida sohani salohiyatli kadrlar bilan ta’minlash, ularni moddiy va ijtimoiy tomonlama qoʻllab-quvvatlash hamda tizimda ish samaradorligini yanada oshirish maqsad qilingan.

Axborot xizmati