uz

Yangi Tahrirda Qabul Qilingan Mehnat Kodeksining Mazmun-Mohiyati Va Ahamiyati

image

Yangi tahrirda qabul qilingan Mehnat kodeksining mazmun-mohiyati va ahamiyati

“Oʻzagrosugʻurta” aksiyadorlik jamiyati tomonidan Oʻzbekiston Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi bilan hamkorlikda 2023-yil 5-may kuni Jamiyat tizimidagi xodimlar uchun 2023-yil 30-aprel kuni kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘RQ-798-sonli Qonuni haqida xabardor qilish maqsadida “Yangi tahrirda qabul qilingan Mehnat kodeksining mazmun-mohiyati va ahamiyati” mavzusida o‘quv-seminar o‘tkazildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi mutaxassislari A. Musulmanov va Sh. Begimkulova ma’ruza bilan ishtirok etdi.

Aytish joiz, hayotimizning koʻp qismi ish, mehnat bilan oʻtadi. Dunyodagi nufuzli “Gallup” tadqiqot markazi maʼlumotiga koʻra, odamlar oʻz hayotining 81,396 soatini yoki umrining uchdan bir qismini ish uchun sarflar ekan. Qirq yoshdagi xodim toʻliq ish vaqtida, yaʼni kuniga 8 soat, haftasiga 40 soat ishlagan boʻlsa, u umrining 3,375 kunini ishxonada oʻtkazishi aniqlangan.

Har qanday jamiyat boyligining manbai, insoniyat tomonidan moddiy va maʼnaviy boylik yaratishning asosiy omili mehnatdir. Jamiyatning ijtimoiy shakli qanday boʻlishidan qatʼi nazar, mehnat moddiy va nomoddiy neʼmatlar ishlab chiqarishda zarur faoliyat boʻlib qolaveradi.

Qayd etilishicha, Mehnat kodeksi loyihasini ishlab chiqish jarayonida 10 dan ortiq xalqaro tashkilot, jumladan, Xalqaro mehnat tashkilotining qator konvensiyalari, 60  dan ziyod davlat tajribasi oʻrganilgan. Shuningdek, mamlakatimiz mehnat qonunchiligining asosiy yoʻnalishlari belgilangan yangi tahrirdagi kodeks hajmi amaldagiga nisbatan 3 barobar katta boʻlib, 600 ga yaqin moddani oʻz ichiga olgan. Unga bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqini himoya qilish, mehnat nizolarini koʻrib chiqishni nazarda tutuvchi normalar qoʻshilgan.

Ta’kidlanganidek, xodimning ish stajiga qarab ishdan boʻshatish nafaqasini tabaqalashtirish va bunda aynan ushbu tashkilotda ishlagan muddatini inobatga olish nazarda tutilgan. Deylik, 3 yilgacha ish stajiga ega xodimlarga beriladigan ishdan boʻshatish nafaqasi oʻrtacha oylik ish haqining 50 foizidan, 15 yildan ortiq ish stajiga ega xodimlarga ajratiladigan ishdan boʻshatish nafaqasi esa oʻrtacha oylik ish  haqining 200 foizidan kam boʻlishi mumkin emasligi belgilangan.
Ish beruvchiga esa xodimlar bilan muddatsiz mehnat shartnomasi tuzish, shuningdek, muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi mumkin boʻlgan maksimal muddatni 5 yildan 3 yilgacha kamaytirish huquqi beriladi.

Shuningdek, dam olish kuni davlat bayramlari (ishlanmaydigan bayram) kunlariga toʻgʻri kelgan taqdirda koʻchirish qoidasi kiritildi. Mehnat taʼtilining minimal davomiyligi kalendar kunlarda (15 ish kuni oʻrniga 21 kalendar kuni) belgilandi. Shu bilan birga, xodimning boshqa ish beruvchiga xizmat safariga yuborish tartibi mustahkamlandi.

Bundan tashqari, tashkilot, idorada qanday shaxs rahbar boʻlishi doimo muhim boʻlib kelgan. Shu bois, yangi tahrirdagi kodeksda ayrim toifadagi xodimlar (rahbarlar, bosh buxgalterlar) uchun sinov muddati 3 oydan 6 oygacha uzaytirildi. Bunda amaliyotda rahbarning oʻzini koʻrsata olishi, jamoani bir maqsad atrofida birlashtira olishi uchun 3 oylik sinov muddati kamlik qilayotgani inobatga olindi.

E’tiborli jihat, koronavirus pandemiyasiga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirishdan olingan saboqlarni hisobga olgan holda, xodimga qisman ish haqi bilan, lekin eng kam ish haqidan kam boʻlmagan taʼtil berish imkoniyatini belgilaydigan, shuningdek, ish haqi toʻlanmagan taʼtilni 6 oygacha uzaytiradigan meʼyorlar joriy etildi.

O'zbekiston Respublikasi Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2022-yilning 1-yanvar holati boʻyicha mehnat resurslari soni 19,3 million kishini tashkil etib, 2020-yilning mos davriga nisbatan 1,1 foizga yoki 202,6 ming kishiga oshgan. Iqtisodiyot tarmoqlarida band boʻlganlar soni 13,5 million kishini tashkil etib, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 2,3 foizga (299,3 ming kishiga) koʻpaygan.

Xulosa o‘rnida, mamlakatimizda aholi bandligi masalasi davlat siyosatining asosiy ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi. Prezidentimiz har bir chiqishida, hududlarga tashrifida mamlakatimizda davlat va jamiyat hayotida amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida xalqimizning roziligiga erishish, tadbirkorlikka erkinlik berish orqali yangi ish oʻrinlarini koʻpaytirishga asosiy eʼtiborni qaratishi bejiz emas.

Gender tengligi, neytrallik tamoyillari, imkoniyati cheklangan shaxslar, norezidentlarning mehnat qilish huquqi taʼminlanadi. Ish beruvchilarning mehnat bozoridagi yangi mehnat turlaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi, mehnat shartnomasi turlari kengaytirildi va norasmiy tarmoqlarda ishlovchilarni legallashtirishga erishildi.

Muxtasar aytganda, ushbu hujjat mazkur sohadagi qator muammolarni, mehnat bozoridagi vaziyatni inobatga olib, bozor iqtisodiyoti talablaridan kelib chiqqan holda, qonuniy hal qilishda, ishlagan ishiga, ish beruvchi esa kiritgan sarmoyasiga munosib tarzda eʼtibor va ragʻbatga ega boʻlishini kafolatlaydigan muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

Tadbir yakunida “O‘zagrosug‘urta” AJ tizimidagi xodimlar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar atroflicha javob berdilar.