uz

“Uzinsurance” Faxriylar Holidan Xabar Olmoqda

image

“Uzinsurance” faxriylar holidan xabar olmoqda

  E’zolanayotgan xotira, qadr topayotgan inson. Tiriklikning ma’no-mazmuni ham aslida shunda. Yurtimizda olib borilayotgan islohotlar zamirida ham inson manfaati mujassamki, bu hozirgi hayotimizning har jabhasida yaqqol aks etib turibdi. El farovonligi, yurt tinchligi yulida zahmat chekkan odamlarning qadri hamisha baland bo‘lgan. Ezgulik yo‘lida qilingan mehnat esa doim rag‘bat va e’tibor topadi. 9 may — Xotira va qadrlash kuni. Ushbu kun o‘lmas qadriyatlarimizning ajralmas bo‘lagi sifatida xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan.

    Sana munosabati bilan “O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan respublika miqyosida xotira tadbirlari tashkil etilib, ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, mehnat faxriylari holidan xabar olinmoqda.

        Buxoro shahrida  yashovchi, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Valiev Xabib otaning   xonadoni bayram shukuhiga to‘ldi. "O‘zagrosug‘urta" AJ Buxoro viloyati filiali  vakillari mazkur xonadonda bo‘lib, otaxonga izzat-ikrom ko‘rsatdi. Valiev Xabib Djalilovich 1925 yil Buxoro shahrida tug‘ilgan. Xabib ota urushga otlanganda 17 yoshli  yigit edi.    1945 yili yaqinlari bag‘riga, Buxoroga qaytgan Xabib ota halol mehnati tufayli odamlar mehriga, hurmat-izzatiga sazovor bo‘ldi. Bugun Xabib ota 8 farzandning padari buzrukvori, yuzdan ortiq nevara-evaraning suyukli bobojonisiga aylangan. — Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin, — deydi Xabib ota. — Bizni e’zozlaganlar hech qachon kam bo‘lmasin!

    Bundan roppa-rosa 76 yil oldin fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan yurtdoshlarimiz orasida toshkentlik Abdujalil G’aniev ham bor. Bu yil 95 yoshni qarshilagan Abdujalil ota urush atalmish baloning suronli kunlarini juda yaxshi eslaydi. Holidan xabar olgani borgan Jamiyat xodimlariga ota bugungi tinch va dorilamon kunlarining qadri nechog‘li baland ekaniga alohida to‘xtalib o‘tdi. Boisi, o‘zi bilan jangohlarga ketgan qanchadan-qancha do‘stlari, safdoshlari urush domidan qaytmagan. Oradan 76 yil o‘tsa-da, o‘sha mash’um urush, olovli yillar yodi xanuz o‘chgani yo‘q. Ayniqsa, keksalarning to‘lqinlanib aytgan so‘zlari, yodnomalar, tarixiy hujjat, eksponatlar bizni, bugungi avlodni ogohlikka va shukronalikka  chorlaydi. Hozirgi baxtiyor kunlarimiz va orzu-maqsadlarimiz ro‘yobi, albatta, tinchlik deb atalgan ulug‘ ne’mat ortidan.

     Namangan viloyatining Norin tumanida istiqomad qilayotgan Salomov Turg‘unboy ham ikkinchi jahon urushida mardlarcha kurash olib bordi, jasorat ko‘rsatdi. Bugun nevarayu evaralari ardog‘ida umrguzaronlik qilayotgan otaxon 98 yoshni qarshi oldi.  Otaxon bilan “O‘zagrosug‘urta” AJ xodimlari o‘rtasida kechgan suhbat mazmunini ham o‘sha mash’um yillar xotirasi tashkil etdi.  

       Bu kabi uchrashuv va ikki avlod uchrashuvi Jamiyat xodimlari tomonidan mamlakatimizning barcha hududlarida tashkil etilmoqda. Ushbu jonli muloqotlar davomida keksa avlod vakillari chuqur ehtirom ko‘rsatilmoqda.  

     

    An’analarimizning betakrorligini qamrab olgan «Xotira va qadrlash kuni» takror va takror aytish mumkinki ahamiyatiga ko‘ra, hozirgi tinchlik va xotirjam kunlarimizga bo‘lgan shukronalikning o‘ziga xos ko‘rinishidir.

  • “O‘zagrosug‘urta” AJ
    Axborot xizmati