uz

SugʻUrta Faoliyati Yangi Qoidalar Asosida Rivojlanadi

image

Sugʻurta faoliyati yangi qoidalar asosida rivojlanadi

    Bugun mamlakat iqtisodiyotida keskin ijobiy oʻzgarishlar davri kechmoqda. Yaʼni, iqtisodiyotning barcha sohalari xususan, qishloq xoʻjaligidan tortib sanoatning tez oʻsishi roʻy bermoqda. Ekspertlarning taʼkidlashicha, iqtisodiy oʻsish koʻrsatkichi boʻyicha rivojlanayotgan mamlakatlar koʻplab rivojlangan mamlakatlardan sezilarli darajada oldinda. Bular albatta, rivojlangan mamlakatlardan investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha olib borilayotgan faol siyosat bilan izohlanadi. Bu esa oʻz navbatida iqtisodiyotlarning oʻzaro bogʻliqligining kuchayishiga olib keladi. Jumladan, sugʻurta bozorining ham.
    Hozirgi bosqichda sugʻurta bozorining yanada rivojlanishi kuzatilmoqda. Bu davlat darajasidagi eʼtibor yaʼni, sohadagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan meʼyoriy-huquqiy hujjatlarning takomillashtirilayotgani, qolaversa, sugʻurta faoliyati ishtirokchilariga taʼsir koʻrsatadigan davomli integratsiya jarayonlari bilan bogʻliq. Qolaversa, iqtisodiyotning turli segmentlarida kuzatilayotgan oʻzgarishlar turli risklarning ham oshishiga olib kelmoqda va sugʻurta xizmatlariga boʻlgan ehtiyojni oshirmoqda.
    Davlatimiz rahbari tomonidan 2021-yilning 23-noyabr kuni imzolangan yangi tahrirdagi “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi qonun yuqorida taʼkidlab oʻtilgan masalalarga yechim boʻldi.

    Shu oʻrinda bir mulohaza. 29 moddadan iborat avvalgi qonun 2002-yilda qabul qilingan boʻlib, koʻproq tavsiflovchi xarakterga ega hamda zamon talablari va voqeliklariga toʻliq javob bermay qolgandi. Sohaga oid barcha zaruriy munosabatlar shu paytga qadar qonun emas balki, qonunosti hujjatlar bilan tartibga solib kelindi. Vaqt oʻtishi bilan sohada keskin oʻzgarishlar roʻy berdi. Bu tabiiyki, qonunni zamon talablari, qolaversa, jahon sugʻurta bozorida kuzatilayotgan tendensiyalardan kelib chiqib, takomillashtirishga katta ehtiyoj tugʻdirdi.
    Taʼkidlash joiz, yangi tahrirda qabul qilingan qonunning asosiy gʻoyasi bevosita meʼyoriy-huquqiy bazani takomillashtirish orqali sugʻurta faoliyatini tartibga solishni yaxshilash hamda bu sohada xalqaro standartlarni izchil tatbiq etishga qaratilgan. 
72 moddani oʻz ichiga olgan qonunda sugʻurta tashkilotlari faqatgina aksiyadorlik jamiyatlari shaklida tashkil etilishi, sugʻurta shartnomalarini (polislarini) elektron shaklda tuzilishi belgilangan. Shuningdek, birgalikda sugʻurtalash, qayta sugʻurtalash, oʻzaro sugʻurtalash yuzasidan tushunchalar keng yoritilgan.
    Yana bir eʼtiborli jihat – sugʻurtalanuvchilar, bir soʻz bilan aytganda xalq manfaatlari ustunligi taʼminlanmoqda. Yaʼni, sugʻurta bozorining professional ishtirokchilarining (sugʻurta tashkilotlari, sugʻurta brokerlari, adjasterlar, assistanslar, aktuariylar, syurveyerlarining) huquq va majburiyatlari koʻrsatib oʻtildi. Sugʻurta isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish maqsadida jismoniy shaxslar bilan tuzilayotgan ixtiyoriy sugʻurta shartnomalari minimal sugʻurta tavakkalchiliklari aniq qilib belgilab qoʻyildi. Bundan tashqari, sugʻurta xizmatlari isteʼmolchilarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan normalar kiritildi. 
    Qonun sugʻurta bozorini rivojlantirish maqsadlarini koʻzda tutganligi bilan ham ahamiyatli. Masalan, sugʻurta bozori professional ishtirokchilari faoliyatini faollashtirish, shuningdek, umumiy sugʻurta bozori professional ishtirokchilarining rolini oshirish orqali sugʻurta bozori infratuzilmasini rivojlantirish va kengaytirishga qaratilgan normalar aks ettirildi. Yangi innovatsion va anʼanaviy ommabop sugʻurta xizmatlarini ishlab chiqish yoʻli bilan taqdim etiladigan sugʻurta xizmatlari koʻlami, assortimenti va sifatini oshirish imkoniyatlari kengaymoqda. 
    Qonunda sugʻurta sohasida qulayliklar yaratish, sugʻurta qamrovini koʻpaytirishga qaratilgan meʼyorlar belgilandi. Xususan, sugʻurta faoliyatini tashkil etish va tartibga solish, sugʻurta xizmatlarining elektron turlarini faol joriy etish va rivojlantirish sohasida zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish masalalari keng ochib berildi. 
    Albatta, soha istiqboli zamonaviy bilimlarga ega malakali kadrlar bilan belgilanadi. Shu maʼnoda, hujjatda sugʻurta bozori mutaxassislarini zamonaviy oʻqitish usullarini qoʻllagan holda sugʻurta sohasida ilmiy-tadqiqot faoliyatini ragʻbatlantirish orqali qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi takomillashgan holda bayon etildi. 
    Umuman olganda qonunda sugʻurta sohasi kompleks qamrab olingan boʻlib, sugʻurta xizmatlari isteʼmolchilari va sugʻurta faoliyatining boshqa subyektlari huquqlari himoyasi kuchaytirildi. Bu oʻz navbatida sugʻurta yoʻnalishida muhim ahamiyat kasb etuvchi aholining sugʻurta savodxonligini oshirish va ularning sugʻurtaga boʻlgan ishonchini oshirish, sugʻurta bozorining ochiqligi va oshkoraligini taʼminlash orqali uning rivojlanishiga xizmat qiladi. 

Sarvar OTAMURATOV, 
“UZINSURANCE” kompaniyasi Boshqaruvi raisi

("Yangi O‘zbekiston" gazetasi, 242-son, 01.12.2021 yil)