uz

"Uzinsurance” Bilan Firibgarlik Qurboni BoʻLish Ehtimoli Minimallashdi

image

"UZINSURANCE” bilan firibgarlik qurboni boʻlish ehtimoli minimallashdi

    Mamlakatimiz Prezidentining 2019-yil 2-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasining sugʻurta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, sugʻurta xizmatlarining elektron turlarini faol joriy etish va rivojlantirish maqsadida “UZINSURANCE” kompaniyasi tomonidan qator loyihalar amalga oshirilmoqda. 
    Xususan, 2022-yildan 15 ga yaqin sugʻurta turlarini onlayn rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi. Kompaniya tomonidan 2023-yil yakuniga qadar barcha sugʻurta xizmatlarini elektron shaklga oʻtkazish rejalashtirilgan. 
    Taʼkidlash joiz, yuridik jihatdan elektron va qogʻoz shaklidagi polis bir xil kuchga ega. “E-polis”ni sotib olish uchun internetga ulangan kompyuter, noutbuk, smartfon yoki boshqa qurilmaga ega boʻlishning oʻzi kifoya. “E-polis”ning afzalliklari shundan iboratki, bunda vaqt va mablagʻ iqtisod qilinadi, hujjatni, yaʼni polisni yoʻqotib qoʻyish xavotirli emas va nihoyat “E-polis”ni rasmiylashtirishda firibgarlik qurboni boʻlish ehtimoli minimal darajada boʻladi. 
    Sugʻurta sohasini raqamlashtirish, koʻrsatilayotgan sugʻurta xizmatlari qulayligini taʼminlash maqsadida tizimga axborot texnologiyalarini faol joriy qilish yuzasidan koʻrilayotgan choralar tadrijiy koʻrinish olgan. Yaʼni, bu boʻyicha Prezidentimizning sohani takomillashtirishga qaratilgan qarorlari qabul qilinmoqda. Milliy sugʻurta bozorining jadal rivojlanishini taʼminlash, isteʼmolchilarning sugʻurta bozoriga boʻlgan ishonchini oshirish maqsadida 2021-yilning 23-oktyabrida Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Sugʻurta bozorini raqamlashtirish va hayot sugʻurtasi sohasini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaror ham shular jumlasidandir. Mazkur hujjatga koʻra, 2022-yil 1-iyuldan boshlab sugʻurtaning barcha turlari (klasslari)ni elektron shaklda amalga oshirishga ruxsat berildi. Shuningdek, 2023-yil 1-yanvardan boshlab majburiy sugʻurtaning barcha turlari boʻyicha sugʻurta polislarini qogʻoz blankalarda rasmiylashtirish amaliyoti bekor qilinishi beligilangan. 
    Hozirda “UZINSURANCE” kompaniyasi tomonidan zamonaviy toʻlov tizimlaridan foydalangan holda masofadan turib yaʼni, onlayn tarzda sugʻurta polislarini xarid qilish imkoniyatlari kengaytirilib borilmoqda. Bunda albatta, zamonaviy elektron toʻlov tizimlari bilan integratsiyalarni amalga oshirishga eʼtibor qaratilgan. Ayni paytda 15 ga yaqin sugʻurta turlari boʻyicha polislarning elektron shakli mavjud boʻlib, ularni xarid qilishda “Payme” va “Click” ilovalari orqali toʻlovlarni amaga oshirish mumkin. 
    Jarayon esa soddalashtirilgan. Masalan, mijoz sugʻurta mahsulotini xarid qilishda oʻzi haqida minimal maʼlumotlar kiritishi lozim. Tizimda u haqidagi maʼlumotlar avtomatik ravishda batafsil shakllanadi.
Bundan tashqari, mijozlar koʻp foydalanadigan sugʻurta turi, Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish (OSAGO) yaʼni xalq tilida avtomobil sugʻurtasi yoʻnalishida ham transport vositasi, haydovchilik guvohnomasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar avtomatik shakllanishi natijasida, sugʻurta polisini onlayn olish boʻyicha ham qulayliklar yaratildi. Shu bilan bir qatorda, mijozlar ixtiyoriy ravishda tegishli hududni tanlagan holda sugʻurta polisi uchun “Payme” va “Click” ilovalari orqali elektron toʻlovlardan foydalanishlari mumkin boʻladi. 
    “Har bir mijoz muhim, uning manfaatlari ustuvor” tamoyili asosida sugʻurta xizmatlari koʻrsatib kelayotgan kompaniyada aholiga qulayliklar yaratishga qaratilgan yana qator loyihalar ustida ish olib borilmoqda. 

“UZINSURANCE”  Axborot xizmati