uz

“Uzinsurance”: Transformatsiya Jarayonida Kadrlar Siyosatining Istiqbollari

image

“UZINSURANCE”: transformatsiya jarayonida kadrlar siyosatining istiqbollari

    Bugun kunda mamlakatimizda kechayotgan iqtisodiy islohotlar jarayonida zamonaviy hamda sifatli sugʻurta xizmatlariga boʻlgan ehtiyoj ortib bormoqda. Albatta sugʻurta kompaniyalarining samarali faoliyat yuritishi, raqobatbardoshliligi hamda istiqbolda yutuqlarga erishishi undagi kadrlar salohiyatiga bevosita bogʻliq. Shu nuqtayi nazardan kelib chiqib, “Oʻzagrosugʻurta” AJ oʻz oldiga kadrlar siyosatining ustuvor yoʻnalishlari yuzasidan aniq vazifalarni belgilab olgan.
    Xususan, tizimga yuqori malakali kadrlarni jalb qilish, faoliyat yuritayotgan xodimlarni oʻqitish, malakasini oshirish, tizimda samarali faoliyat yuritayotgan oʻrta va oʻrta maxsus mutaxassislikka ega xodimlarni soha boʻyicha oliy taʼlim muassasalarida tavsiya asosida oʻqitish, xodimlarning sugʻurta bozoridagi raqobatbardoshligini taʼminlash, rahbar lavozimlariga zaxira kadrlar bazasini shakllantirish hamda mehnat qonunchiligiga muvofiq ravishda mehnat samaradorligini oshirish shular jumlasidandir.
    Taʼkidlash joiz, bozorda yetakchilardan hisoblangan, butun mamlakat boʻylab xizmat koʻrsatib kelayotgan kompaniya tizimida bugungi kunda 770 nafardan ortiq xodim faoliyat yuritayotgan boʻlsa, ularning 60 foizdan ortigʻi oliy maʼlumotga ega. Xodimlarning 26 foizi moliya, iqtisod va sugʻurta sohasi mutaxassisidir.
    Davlatimiz rahbarining 2019-yil 2-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasining sugʻurta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq kompaniya tizimida samarali faoliyat yuritayotgan oʻrta va oʻrta maxsus maʼlumotga ega boʻlgan istiqbolli yosh kadrlarni mamlakatdagi oliy taʼlim muassasalarining “Sugʻurta ishi” taʼlim yoʻnalishida oʻqitish maqsadida 2020-2021 oʻquv yilida 27 nafar, 2021-2022 oʻquv yilida 14 nafar xodim kompaniya tavsiyasi bilan oliy oʻquv yurtiga oʻqishga qabul qilindi.
    “UZINSURANCE” 2021-2023-yillarga moʻljallangan kadrlar siyosatining strategiyasi sifatida tizimda salohiyatli kadrlarni saqlab qolish, kadrlarni tayyorlash, «Ustoz – shogird» anʼanasini yoʻlga qoʻyish, malakali kadrlarni jalb qilish boʻyicha 3 ta ustuvor vazifa belgilandi.
    Birinchi vazifa – kompaniyada faoliyat yuritayotgan mavjud salohiyatli kadrlarni saqlab qolib, raqobatbardoshligini oshirish va ragʻbatlantirish tizimini yoʻlga qoʻyish. Bunda, har bir tuzilma kesimida ularning faoliyat koʻrsatkichi reyting asosida baholanadi, xodimlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash paketi joriy qilinadi. 
    Ikkinchi vazifa – kompaniya tizimi uchun malakali va yetuk kadrlarni tayyorlash hamda «Ustoz – shogird» anʼanasini yoʻlga qoʻyish tizimini takomillashtirish. Ushbu vazifani amalga oshirish orqali tajribali xodimlar bilan yosh mutaxassislar shu jumladan, stajirovka va amaliyot oʻtayotgan kadrlar oʻrtasida «Ustoz – shogird» anʼanasini yoʻlga qoʻyiladi. Shu bilan birga, mamlakatimiz Prezidentining 2019-yil 2-avgustdagi qaroriga muvofiq kompaniya 2022-2023 va 2023-2024 oʻquv yillaridan oliy taʼlim muassasalarining «Sugʻurta ishi» taʼlim yoʻnalishida oʻqitish koʻrsatkichi ikki baravargacha oshiriladi.
    Uchinchi vazifa – kompaniyaga malakali shu jumladan, yosh, bilimli va istiqbolli kadrlarni jalb qilish boʻlib, moliya, bank, iqtisodiyot yoʻnalishlariga ixtisoslashgan oliy oʻquv yurtlari bitiruvchilarining malakaviy ishi himoyasida hamda «Karyera kunlari»da muntazam ishtirok etiladi.
    Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, kadrlar siyosati sohasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish orqali bugungi kunda shiddat bilan rivojlanib borayotgan bozor iqtisodiyoti va sugʻurta bozori sharoitida kompaniyani salohiyatli xodimlar bilan taʼminlash, ularni moddiy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash hamda tizimda ish samaradorligini yanada oshirish maqsad qilingan.

Bobur Hamroyev,
Xodimlar bilan ishlash departamenti direktori