uz

Murojaatlar Mazmuni Sug‘Urta Xizmatlariga Qiziqish Ortganini Ko‘Rsatmoqda

image

Murojaatlar mazmuni sug‘urta xizmatlariga qiziqish ortganini ko‘rsatmoqda

    “O‘zagrosug’urta” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan 2022 yil 20 iyun holatiga kelib tushgan murojaatlar, ularni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish va ko‘tarilgan masalalarni hal qilish holati yuzasidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida brifing o‘tkazildi.

    O‘zbekiston sug‘urta bozorida yuzdan ortiq sug‘urta turlari bo‘yicha xizmat ko‘rsatib kelayotgan “O‘zagrosug‘urta” aktsiyadorlik jamiyatining asosiy shiori “Har bir mijoz muhim, uning manfaatlari ustuvor” tamoyili hisoblanadi. Shu bois, kompaniya iste’molchilarning har bir talab va takliflari, murojaatlariga e’tibor qaratib, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat ko‘rsatishning bosh mezoni sifatida qaraydi.

    Davlatimiz rahbarining “Inson qadri uchun” g‘oyasiga hamohang ravishda “O‘zagrosug‘urta” AJ 2022 yilning o‘tgan davrida sug‘urtaning ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqib,  o‘z faoliyatini mahallabay ishlash yo‘nalishiga qaratdi. Bugun  “Uzinsurance” savdo belgisi ostida faoliyat yuritayotgan kompaniyamiz xodimlari aholi xonadonlariga kirib, ularning talab va istaklarini ham o‘rganmoqda.

    Ta’kidlash kerakki, kompaniyaga kelib tushgan murojaatlarning qariyb 90 foizi mazmunan sug‘urta qoplamasini to‘lash bilan bog‘liqdir.                                                          

    Shunday qilib, “O‘zagrosug‘urta” AJ ga 2022 yil 20 iyun holatiga fuqarolarimizdan jami 2485 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 1897 tasi qanoatlantirildi, 390 tasi yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi. Jami 5 ta murojaat tegishliliga bo‘yicha boshqa tashkilotlarga yo‘naltirilgan bo‘lsa, yana 21 ta murojaatni ko‘rib chiqish rad etilgan. Hozirgi kunda 172 ta murojaat o‘rganish jarayonida. 

    Murojaatlarning asosiy qismida sug‘urta qoplamasini to‘lab berish so‘ralgan. Kompaniyamiz tomonidan jami 2209 ta da’vo arizasi bo‘yicha 13, 5 mlrd. so‘mdan ortiq sug‘urta tavonlari aniqlangan bo‘lsa, shundan 2021 ta holat yuzasidan sug‘urtalanuvchilarga 11 112,5 mlrd. so‘mlik zararlar qoplab berildi. Sug‘urta hodisasi tasdiqlanmaganligi tufayli to‘lov rad etilgan murojaatlar soni esa 188 tani tashkil etdi.

    2022 - yil o‘tgan davrda mijozlarga to‘langan to‘lovlar asosan quyidagi sug‘urta turlari kesimida amalga oshirildi:

    1. Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash bo‘yicha 378 ta murojaat yuzasidan 3 milliard 200 million so‘mdan ortiq;
    2. Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash sug‘urta turi bo‘yicha jami 18 ta holatda 2 milliard 800 million so‘mdan ziyod;
    3. Qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini ihtiyoriy sug‘urtalash bo‘yicha 15 ta murojaat yuzasidan sal kam 1,5 milliard so‘m;
    4. Boshqa sug‘urta turlari bo‘yicha esa 1610 ta holatda qariyib 3,5 milliard so‘mlik sug‘urta qoplamalari to‘lab berilgan.

    Aytish kerakki, kompaniyamizga kelib tushayotgan murojaatlar, savollar orasida e’tiborga molik va ko‘pchilikni qiziqtirgan masalalar mavjud.

    Savol: Misol uchun, Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanidan kelgan murojaatda bugungi kunda qishloq xo‘jaligining qaysi turlari bo‘yicha sug‘urta xizmatlari ko‘rsatilayotganligi haqida so‘ralgan. Murojaatchi paxta-g‘alladan tashqari boshqa ekinlarni sug‘urtalashning imkoni bor yoki yo‘qligi, sug‘urta tashkilotiga murojaat qilganida esa shartnoma tuzish rad etilgani, qishloq xo‘jaligida to‘lov chiqish ehtimoli yuqoriligi tufayli sug‘urtachi xizmat ko‘rsatmaslikka haqlimi, deb o‘z e’tirozlarini bayon etgan.

    Javob: Albatta, “O‘zagrosug‘urta” AJ qishloq xo‘jaligini sug‘urtalashda paxta-g‘allachilikdan boshqa yo‘nalishlarda ham xizmat ko‘rsatadi. Bog‘dorchilik, asalarichilik, uzumchilik, pillachilik, baliqchilik, parrandachilik, sabzavot-polizchilik hamda chorvachilik singari jami 27 ta ihtiyoriy sug‘urta turlari shular jumlasidandir. Bugungi kunda respublikamizning barcha hududlarida kompaniyaning 191 ta sug‘urta markazlari ishlab turibdi, bemalol ushbu xizmat turlari bo‘yicha murojaat qilishingiz mumkin. Savolingizning ikkinchi qismiga kelsak, sug‘urtalovchi tashkilot shartnoma tuzishni bir tomonlama rad etishga haqli. Biroq rad etish sababi asoslantirib berilishi kerak. Misol uchun, sug‘urta hodisasi yuz berishi muqarrar bo‘lsa, yoki shartnomada ko‘rsatilgan ma’lumotlar to‘liq taqdim etilmasligi — kabi holatlar sug‘urta shartnomasining tuzmasligiga asos bo‘ladi.

    Savol: Navbatdagi murojaat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanidan yo‘llangan. Murojaatchi 8 yildan buyon mehnat faoliyatini xorijda davom ettirib kelayotganligi, Davlat tomonidan fuqarolarning ijtimoiy himoyasi uchun amaliyotga joriy etilgan bepul sug‘urta mehnat migrantlariga nima beradi, deya savol yo‘llagan.  

    Javob: Prezidentining 2019 yil 20 avgustdagi “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila a’zolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari to‘g‘risida”gi farmoni diorasida fuqarolarimizni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ushbu sug‘urta turi ishlab chiqilgan bo‘lib, bunda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, ularning oila a’zolarini bir martalik subsidiya hisobidan kompleks sug‘urta qilish nazarda tutiladi. Ushbu sug‘urtaning afzalligi nimada? Birinchidan, sug‘urta polisi atigi 3-5 daqiqa ichida elektron va bepul rasmiylashtiriladi. Bundan tashqari, ushbu sug‘urta turi yurtdoshlarimizga xorijda baxtsiz hodisa va kasalliklar tufayli tibbiy yordam olishi, repatratsiya xarajatlari va hatto, ishlash uchun patent ololmay Vatanga qaytadigan bo‘lsa, yo‘l kira harajatlarini qoplash imkoniyatini beradi. Shuni ma’lum qilamizki, ushbu sug‘urtani rasmiylashtirish uchun tashqi migratsiya agentligi hamda kompaniyamiz hamkorligida respublikamizning barcha aeroport, temir yo‘l vokzallari va boshqa xorijga chiqish terminallarida sharoitlar yaratilgan.

    Umuman “Uzinsurance” kompaniyasi sug‘urtaning ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqib, mijozlarga sifatli sug‘urta xizmatlari taqdim etishni o‘zining asosiy vazifasi deb biladi va unga har doim ustuvorlik bilan qaraydi. 

Shuhrat KOBILOV, 

“Uzinsurance” Boshqaruv
raisining matbuot kotibi — Axborot siyosati

masalalari bo‘yicha maslahatchisi.