uz

“O‘Zagrosug‘Urta” Aj: Sug‘Urta Xizmatlari Sifati Va Qamrovi Kengaymoqda

image

“O‘zagrosug‘urta” AJ: sug‘urta xizmatlari sifati va qamrovi kengaymoqda

    Bugun mamlakat iqtisodiyotida keskin ijobiy o‘zgarishlar davri kechmoqda. Ya’ni, iqtisodiyotning barcha sohalari xususan, qishloq xo‘jaligidan tortib sanoatning tez o‘sishi kuzatilmoqda. Bu o‘z navbatida  turli risklarning ham oshishiga olib keladi va sug‘urta xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojni oshirmoqda.
    Bu jarayonda sug‘urta bozori ishtirokchilari, xususan, “O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan ham amaliy choralar, jumladan, sug‘urta xizmatlari hajmini oshirish, ularning yangi turlarini joriy qilish va sifatini oshirishga e’tibor qaratilmoqda. Kompaniyaning joriy yilning ikkinchi choragida erishgan natijalari ham bundan dalolat beradi.
Erishilgan natijalar, amalga oshirilayotgan loyihalar xususida  “O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan joriy yilning 22-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida OAVlari vakillari uchun tashkil etilgan matbuot anjumanida batafsil ma’lumot berildi. 

    Barcha islohotlar inson qadri uchun! Bugun O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan tashabbuslar ko‘lami shunday keng bo‘lyaptiki, islohotlar kirib bormagan sohalar deyarli qolmadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Jumladan, sug‘urta yo‘nalishida ham. “O‘zagrosug‘urta” AJ ushbu ezgu g‘oyani amalda ro‘yobini ta’minlash maqsadida asosiy e’tiborini aholi sug‘urtasiga qaratgan. Baxtsiz hodisalardan oilaviy ehtiyot shart sug‘urta,  bolalarni baxtsiz hodisalardan komleks sug‘urta qilish, yuqumli kasalliklardan ehtiyot shart sug‘urta, aholining turar-joy imoratlari va uy-ro‘zg‘or buyumlarini kompleks sug‘urta qilish, ipoteka kreditlarini kompleks sug‘urta qilish kabi sug‘urta turlari bo‘yicha mijozlarga xizmat ko‘rsatib kelinmoqda. Aholi sug‘urtasining joriy yil ikkinchi choragidagi ko‘rsatkichlari ham ushbu sug‘urta turiga nisbatan qiziqish ortib borayotganini ko‘rsatadi. 

    Aholiga qulaylik yaratish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini zamon talablariga moslashtirish maqsadida tizimda axborot kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etilmoqda. “O‘zagrosug‘urta” AJda mijozlar uchun kompaniyada “Onlayn polis” axborot tizimi orqali jami 9 ta sug‘urta turlari bo‘yicha E-polis sotib olish imkoniyati yaratilgan. 

    Bugungi kunda aholining aksariyat qismi asosan (OSAGO) Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash polisini elektron sotib olish imkoniyatidan boxabar, aslida boshqa sug‘urta turlari bo‘yicha ham Ye-polis rasmiylashtirish mumkin:  
    AGUS – avtotransport vositasiga o‘rnatilgan gaz uskunalaridan foydalanish oqibatida yuz berishi mumkun bo‘lgan qaltisliklardan sug‘urta qilish qilish;
    Aholi turarjoy imoratlari va uy-ro‘zg‘or buyumlarini kompleks sug‘urta qilish, 
    Baxtsiz hodisalardan ehtiyot shart sug‘urta qilish
    Kredit/mikroqarzning qaytmaslik xatarini sug‘urtalash;
    Garovga qo‘yilayotgan avtotransport vositasini sug‘urta qilish —
kabi xizmatlar shular jumlasidandir. 

    Aholi sug‘urtasining joriy yil ikkinchi choragidagi ko‘rsatkichlari ham ushbu sug‘urta turiga nisbatan qiziqish ortib borayotganini ko‘rsatadi.     Taqqoslash uchun, 2022 yilning 1-yarmida kompaniya tomonidan ta’minlangan sug‘urta mukofotlari sal kam 158 mlrd. so‘m bo‘lsa, shuning qariyb 23 mlrd. so‘mini aynan aholi sug‘urtasi tashkil qiladi. Bu boradagi o‘sish ko‘rsatkichi o‘tgan yilning xos davriga nisbatan 107 foiz demakdir. 

    Bundan tashqari, 2022 yil o‘tgan davri mobaynida jami 403 044 dona sug‘urta shartnomalari tuzilgan bo‘lsa, shundan 91,2 foizi, ya’ni 367 720 tasi aholi sug‘urtasi yo‘nalishida rasmiylashtirilgan. Shuningdek, kompaniya tomonidan joriy yilning 1-yarim yilik yakunlari bo‘yicha qariyb 24,5 mlrd. so‘mlik sug‘urta tovonlari to‘langan bo‘lib, shundan deyarli 3,3 mlrd. so‘mi aholi sug‘urtasi ulushiga to‘g‘ri keladi. 

    Shu o‘rinda, Jamiyatning bugungi kunda respublikamiz bo‘ylab 14 ta filiali hamda jami 191ta sug‘urta markazlari shahar va tumanlarda aholiga 140 dan ortiq sug‘urta xizmatlari ko‘rsatib kelayotganini alohida qayd etish lozim. 

    Sug‘urta tashkilotlarining muvaffaqiyatli faoliyati hamda moliyaviy holati har jihatdan korporativ mijozlarga bog‘liq. Shu ma’noda  Jamiyat ayni paytda mamlakatdagi yirik sanoat, qishloq xo‘jaligi, tijorat banklari va boshqa ishlab chiqaruvchi tashkilotlar bilan ham ishonchli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Kompaniya ushbu korporativ mijozlarga mol mulk sug‘urtasi, garovga qo‘yilayotgan mol-mulkni sug‘urtalash, qurilish tavakkalchiligini sug‘urtalash, avtotransport vositalarini komleks sug‘urtalash, umumiy fuqarolik javobgarligini sug‘urtalash kabi sug‘urta turlari bo‘yicha xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi sa’i-harakatlar natijasi kompaniyaning joriy yil ikkinchi chorak asosiy ko‘rsatkichlariga, xususan moliyaviy barqarorligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. 

    Kompaniya faoliyatni samarali tashkil etish maqsadida qator vakolatli davlat organlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda. Ma’lumki, keyingi yillarda mamlakatimizda tashqi mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solish, vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga jo‘nab ketayotgan fuqarolarning huquq va manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash, ularga zarur huquqiy, ijtimoiy, axborot-maslahat yordami ko‘rsatish va moddiy qo‘llab-quvvatlash yuzasidan amaliy choralar ko‘rilmoqda. Mamlakatimiz Prezidentining 2019-yil 20- avgustdagi “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila a’zolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari to‘g‘risida”gi farmoni bu borada amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan mustahkamlab berdi. Farmonga ko‘ra, yiliga bir marotaba xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida fuqarolar hayoti va sog‘lig‘ini hamda boshqa tavakkalchiliklarni sug‘urtalash bo‘yicha sug‘urta mukofoti summasini qoplash uchun sug‘urtalangan har bir mehnat migranti uchun 50 ming so‘m miqdorida bir martalik subsidiyalar taqdim etish amaliyoti joriy etildi. 

    Mazkur farmon ijrosini ta’minlash maqsadida  “O‘zagrosug‘urta” AJ hamda  O‘zbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuv bitimi imzolandi. 
Mazkur bitimda xorijga vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini kompleks sug‘urta qilish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga sug‘urtaning  mohiyati, afzallik jihatlari to‘g‘risida tushuntirish ishlarini olib borish va ularni sug‘urtaviy himoyaga olish bo‘yicha hamkorlikda sharoit yaratib berish ko‘zda tutilgan.  

    “O‘zagrosug‘urta” AJda taraqqiyot kushandasi bo‘lgan korruptsiyaga qarshi kurash, korruptsiyaviy holatlarning har qanday ko‘rinishiga murosasiz munosabatda bo‘lish yuzasidan amaliy choralar ko‘rilmoqda. Jumladan,  Jamiyat Boshqaruvida Koplaens nazorat departamenti tashkil etilgan. Bu boradagi sa’yi-harakatlar izchillik bilan davom ettirilmoqda. Xususan, yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda “O‘zagrosug‘urta” aktsiyadorlik jamiyati o‘rtasida mazkur illatga qarshi kurashda hamkorlik bo‘yicha Memorandum imzolandi.

    Hujjatga ko‘ra, hamkorlik ishchi guruhlarni tuzish, shuningdek, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari mutaxassislarini jalb qilish orqali samarali amalga oshiriladi. Korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi normativ-hujjatlar, strategiya va yo‘l xaritalarida belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish maqsadida qo‘shma loyihalar yo‘lga qo‘yiladi. Shu bilan birga Agentlik va “O‘zagrosug‘urta” aktsiyadorlik jamiyati o‘rtasida 2022-yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi ham ishlab chiqildi. 

    Ushbu hamkorlik doirasida respublikamizning barcha aeroport, temir yo‘l vogzallari va boshqa xorijga chiqish terminallarida fuqarolarimizning sug‘urtaviy himoyasini ta’minlash uchun qulay sharoit yaratib berilmoqda. Hamkorlik samarasi o‘laroq, 2022-yil II-choragida mgrantlarni sug‘urtalash ko‘lami I-chorakka nisbatan sezilarli darajada o‘sdi. Misol uchun, 2022-yil birinchi uch oylikda 8718 dona shartnoma rasmiylashtirilgan bo‘lsa, so‘nggi uch oylikda 19 719 nafar vatandoshlarimiz sug‘urtaviy himoyaga olindi. Birinchi yarim yillik davomida jami 28 437 nafar o‘zbekistonlikning sug‘urtaviy himoyasi ta’minlandi.   Bugungi kunda “O‘zagrosug‘urta” AJ respublika sug‘urta bozorida xalqaro reytingga ega kam sonli kompaniyalardan biri bo‘lib, uch yil ketma-ket “Fitch Ratings Cis Ltd” xalqaro reyting agentligining “BB-” Barqaror reytingiga ega. Bu xalqaro investorlar va mahalliy aholining sug‘urta xizmatiga ishonchini yanada mustahkamlash uchun muhim indikator hisoblanib, Jamiyatning xalqaro qayta sug‘urta bozoriga chiqish imkoniyatini kengaytirmoqda. 

    Jamiyat xalqaro qayta sug‘urta bozoriga faol kirib borishi natijasida bir qator xorijiy sug‘urta kompaniyalari va qayta sug‘urtalash brokerlari bilan qayta sug‘urta doirasida hamkorlik shartnomalarini imzolagan. Xususan, Jahonning yirik qayta sug‘urta kompaniyalari “Hannover Re”, “PartnerRe”, “Swiss Re”, “PICC P&C” qayta sug‘urtalash kopmaniyalari, shuningdek Lloyd’s qayta sug‘urta bozori brokerlari “Concilium Re” (Buyuk Britaniya), ”Ulysse Re” (Latviya), AON (Chexiya) hamda “PrioGe Insurance and Reinsurance Brokers LLC” (Gruziya), “Skala Specialty Brokers LLC”, “Malakut”, “UNISON Insurance Broking services Ltd” qayta sug‘urta brokeri Jamiyatning asosiy hamkori hisoblanadi. Mazkur hamkorlik doirasida kompaniyaning qayta sug‘urta mukofotlari tushumi sezilarli darajada o‘sganini alohida qayd etish joiz. Ta’kidlash kerak, bu boradagi ishlar faol davom ettirilmoqda.

    Jamiyat tomonidan  2022-yilning 1-yarim yillik natijalariga ko‘ra, 403 044 dona sug‘urta shartnomalari tuzildi,  qariyb 158 milliard so‘m sug‘urta mukofoti ta’minlandi. Shu bilan bir qatorda, jami 2638 ta holatda 23,5 milliard so‘mga yaqin sug‘urta qoplamalari amalga oshirildi. 

    Matbuot anjumanida “O‘zagrosug‘urta” AJ Boshqaruvi rahbarlari jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga javob berdilar.

Axborot xizmati