uz

Sug‘Urta Kompaniyasi Qanday Pul Ishlaydi?

image

Sug‘urta kompaniyasi qanday pul ishlaydi?

       Avvalo, har qanday sug‘urtalovchining birinchi vazifasi — tavakkalchilikni narxlash va uni qabul qilgani uchun mukofot olishdir. Kompaniyalar mijozlar to‘lagan sug‘urta mukofotlari orqali pul ishlashadi. Oddiy tuyuladi, to‘g‘rimi? 

    Sug‘urtalovchilar qanday qilib daromad olishi haqidagi tafsilotlar haqida ko‘proq bilsangiz, ularning moliyaviy siyosati murakkabligiga amin bo‘lasiz.

    Sug‘urta da’volari — sug‘urtalovchining daromadiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi omil hisoblanadi. Mijoz da’vo arizasi bilan murojaat qilganda, kompaniya uni ko‘rib chiqishi, to‘g‘riligini tekshirishi va to‘lovni amalga oshirishi kerak. Bunda firibgarlik da’volarini filtrlash va kompaniyaga zarar yetkazish xavfini kamaytirish uchun muhim jarayondir.

    Sug‘urta kompaniyasi uchun jamg‘arilgan mukofot mablag‘larini naqd pulda ushlab qolish unchalik samarali emas. Chunki inflyatsiya xavfiga duchor bo‘ladi. Buning o‘rniga, mablag‘larini turli banklarda joylashtirishtish xavfsiz va qo‘shimcha foizli daromad keltiradi.

    Qayta sug‘urtalash — ushbu faoliyat daromad olishning muhim yo‘nalishi hisoblanadi. Qayta sug‘urta moliyaviy barqarorlikni saqlab qolish, sug‘urta mukofotlari hajmini oshirish va  risklarni taqsimlash borasida bir nechta sug‘urtalovchilarning o‘zaro shartnomasi hisoblanadi. Bundan maqsad sug‘urta hodisasi yuz bergan vaqtda kompaniyani katta zarar ko‘rishdan saqlashdir. Aks holda, kompaniya sug‘urta hodisasi yuz berganda bankrot bo‘lish xavfi bor.

    Sug‘urta sohasidagi kompaniyalar boshqa moliyaviy xizmatlar singari, ularning rentabelligi, kutilgan o‘sishi, to‘lovi va tavakkalchiligiga qarab baholanadi. Biroq sug‘urtalovchining daromadini hisoblash juda mushkul, chunki hisobot davrida sof foyda sifatida ko‘rsatilgan mablag‘lar bo‘yicha javobgarlik muddati yakunlamagan shartnomalar bo‘ladi.

    Anderrayting — ayrim sug‘urtalovchilar o‘z daromadining katta qismini anderrayterlik hisobidan oladi.

    Sug‘urtalovchilar turli xil moliyaviy xavflarni baholash uchun statistika va matematik modellardan foydalanadigan aktuarlarni ishga soladi. Moliyaviy xavflar baholangandan so‘ng, sug‘urtaning har bir turi uchun maxsus reja tuziladi va mukofot miqdori belgilanadi.

    Masalan, ko‘chmas mulk va baxtiz hodisalardan sug‘urta kompaniyasi aktuarlari turli geografik mintaqalardagi uy-joy mulkdorlari qancha pul to‘lashi kerakligini aniqlashda tabiiy ofatlar ehtimolini hisobga oladi. Hayot sug‘urtasi bilan shug‘ullanadigan kompaniyalari aktuarlari sug‘urtalanuvchining yoshi, jinsi va tibbiy tarixidan foydalanib, umr ko‘rish davomiyligini hisoblab chiqishlari mumkin.

Investitsion daromad.

    Sug‘urtalovchilar ko‘pincha mukofot to‘lovlari natijasida hosil bo‘ladigan katta miqdordagi pulni nima qilishadi? 

    Kompaniyalar yaqin kelajakda kutilgan barcha da’volarni to‘lashga yetarli bo‘lishini ta’minlash uchun zaxiraga qo‘ydilar. Ammo keyin ular qolgan pulni investitsiya qilishadi.

    Shu tariqa sug‘urta kompaniyalari tomonidan mijozlar ishonchini oqlash, shartnoma doirasida olingan majburiyatini bajarish maqsadida doimiy ravishda moliyaviy barqarorlikni ta’minlash choralari ko‘riladi.

     "O‘zagrosug‘urta" AJ Axborot xizmati aholining sug‘urtaviy savodxonligini oshirish maqsadida yangi loyiha boshladi. Unga asosan sug‘urta faoliyatiga doir turkum qiziqarli ma'lumotlarni taqdim etish rejalashtirilgan. Demak, mavzuga yana qaytamiz.

Axborot xizmati